Mirziyoyev ShHTning Ostonadagi yig‘ilishida muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Davlatimiz rahbari dunyoda o‘zaro ishonch kamayib, geosiyosiy keskinlik ortib borayotgan vaqtda ShHT o‘zining asosiy tamoyillarga sodiq qolishi favqulodda muhimligini ta'kidladi.
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Ostona shahrida ShHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. O‘zbekiston prezidenti ShHT doirasidagi ko‘pqirrali sheriklikni yanada kengaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi. Dunyoda o‘zaro ishonch kamayib, geosiyosiy keskinlik ortib borayotgan vaqtda ShHT o‘zining asosiy tamoyillarga sodiq qolishi favqulodda muhimligini ta'kidladi. Davlat rahbari so‘zi avvalida Belarusning ShHTga qo‘shilish jarayoni yakuniga yetgani bilan tabrikladi. Bu o‘zaro sheriklikning qo‘shimcha imkoniyatlarini ochishi qayd etildi. Shundan so'ng u SHHT yig'ilishida bir qancha takliflarni olg‘a surdi.
ShHTning yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini qabul qilish
Global darajada ishonch taqchilligi misli ko‘rilmagan darajaga chiqqan sharoitda umumiy xavfsizligimizni ta’minlashda yangi yondashuvlarni izlash zarurati o‘sib bormoqda. Shu bois, hozirgi paytda umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamjihatlik bo‘yicha biz ilgari surgan Samarqand tashabbusining ahamiyati har qachongidan ham dolzarbdir. ShHTning yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini qabul qilish esa hozirgi sharoitda muloqotni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkonini beradi - dedi davlatimiz rahbari.
Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdoni soddalashtirish, transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish
O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo davlatlar bilan savdo aylanmasi o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha 20 foiz, joriy yil boshidan buyon esa yana 15 foizga o‘sdi.
Yurtboshimiz ShHT doirasida savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha bitim ishlab chiqish, hujjatga savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglamentlar va sertifikatlash, fitosanitariya va veterinariya nazorati tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni kiritish zarurligini, bundan tashqari, transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha jahondagi tendensiyalarni hisobga olgan holda, ushbu sohada amaldagi raqamli savdo platformalari integratsiyasini ko‘zda tutuvchi hamkorlik dasturini tayyorlashni taklif etdi.
Sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash. ShHT Jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish
Eng avvalo, infratuzilma, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlari va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘zaro investisiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish lozim, - dedi Shavkat Miromonovich, - bunda ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini puxta o‘ylab ko‘rish, ShHT Jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga qaytish muhim.
“Sharq–Gʻarb” va “Shimol–Janub” yo‘nalishlari bo‘yicha inklyuziv transport tizimlarini shakllantirish
U shuni alohida ta’kidlab aytdiki, transport yo‘laklari ko‘p variantli bo‘lishi – bu butun mintaqamiz barqaror rivojlanishining eng muhim shartidir. Shuningdek, logistika jarayonlarini raqamlashtirish rejasini ishlab chiqish, shu jumladan, hamkor mamlakatlar chegaralari orqali o‘tadigan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarning elektron almashuvini tashkil etish masalalarini ham o'ylab ko'rishga chaqirdi.
ShHT makonida zamonaviy va ishonchli energetika infratuzilmalarini kengaytirish
O‘zbekistonda “yashil” energetikani jadal rivojlantirish bo‘yicha katta dasturni qabul qilindi. Yiliga ikki gigavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda. Sanoat darajasida “yashil” vodorod ishlab chiqarish loyihasi ustida ish boshlandi. Qayta tiklanadigan energetikaga investisiya va texnologiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlikning kompleks rejasini tuzib chiqish ham Mirziyoyev olg'a surgan takliflardan biri bo'ldi.
Raqamli transformatsiyani tezlashtirish
Raqamli iqtisodiyotga o‘tish, sun’iy intellektni, ilg‘or IT qarorlarni joriy etish hamkor mamlakatlar raqobatbardoshligida hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Shu borada bilimlar, tajriba va eng yaxshi amaliyotlar almashuvi, IT parklarning tizimli hamkorligini rivojlantirish maqsadida “ShHT kelajak texnologiyalari” dasturini ishlab chiqish lozimligi ham aytib o'tildi.
Ijtimoiy himoya sohasida ShHT “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish.
Aholi hayot darajasini yuksaltirish va hududlarni, birinchi navbatda, qishloq joylarni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni amalga oshirish 2030-yilgacha mo‘ljallangan eng muhim maqsadlarga erishish yo‘lida umumiy hissa bo‘ladi.
“ShHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi” qo‘shma elektron platformasini ishlab chiqish
Prezidentga ko'ra, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularni yetkazib berish imkoniyatlari nomma-nom aks ettirilgan mamlakatlarimizning agrosanoat sohasidagi salohiyati haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradigan “ShHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi” qo‘shma elektron platformasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Afg'onistondagi vaziyatga ham to'xtalib o'tildi
Majlisda Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lgan va mintaqaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat haqida ham fikr bildirildi. "Afg‘onistonning hozirgi ma’muriyati bilan munosabatlarni o‘rnatish borasidagi yondashuvlar turli ekani ma’lum. Aminmanki, Kobul bilan muloqotlarni saqlash butun mintaqaning xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot borasidagi manfaatlariga mos keladi. Tobora ko‘proq davlatlar buni tushunib yetmoqda. Shu munosabat bilan, “ShHT–Afg‘oniston” muloqot guruhining faoliyatini qayta tiklash haqidagi taklif hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda, deya takliflarini yakunladi davlat rahbari.



