Rossiyadan quvilgan 22 ming muhojir: Raqamlar va sabablar
Ushbu raqamlar o‘tgan yilgi mos davrga qaraganda 2 barobarga ko‘p.
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi immigratsiya va migratsiya bo‘yicha tahliliy hisobotini taqdim etdi. Bu haqda Migrant.uz nashri xabar berdi.
Ikki barobarga oshgan raqamlar
Unga ko‘ra, 2024-yilning dastlabki uch oyida 22 mingga yaqin chet el fuqarosi Rossiyadan chiqarib yuborilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘pdir.
6,8 mingdan ortiq xorijlik maxsus muassasalarda saqlangan holda Rossiyadan deport bo’lishini kutmoqda, bu ham o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘pdir.
Mamlakatga kirishga ruxsat berilmaganlar soni ham ortgan
Shuningdek, Rossiyaga kirishga ruxsat berilmaganlar soni ham oshgan. Agar 2023-yilning birinchi uch oyida 55 ming xorijlik Rossiya Federatsiyasiga kiritilmagan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida bu 79 ming nafarga yetdi. Berilgan vaqtinchalik propiskalar soni 40,9 foizga, yashash uchun ruxsatnomalar esa 20,1 foizga kamaydi.
Noqonuniy migratsiya
Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan aniqlangan noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar soni 2,5 barobar oshdi.
Fuqarolikka qabul qilish deyarli 50 foizga kamaygan
Fuqarolikka qabul qilinganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 49 foizga kamaydi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi bunga ushbu sohada nazorat kuchaytirilgani va Ukrainaning bosib olingan hududlari aholisining Rossiya fuqarosi sifatida tan olinishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi. 669 kishi Rossiya fuqaroligidan mahrum qilingan.
“Krokus”dagi teraktning ta’siri
“Krokus”dagi teraktdan keyin Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarga, birinchi navbatda, tojikistonliklarga nisbatan bosim kuchaygan. Mehnat muhojirlariga ommaviy reydlar uyushtirildi, xavfsizlik kuchlari odamlarni yotoqxonalardan, ish joylaridan va hatto masjidlardan olib ketishdi.
Rasmiy versiyadagi sabablar
Kerakli hujjatlari bo‘lmagan xorijliklar Rossiyadan ommaviy ravishda chiqarib yuborilgan, kelganlar esa mamlakatga kiritilmagan. O‘nlab oblastlar hokimiyati migrantlarning yo‘lovchi tashish, taksi va boshqa sohalarda ishlash huquqini cheklab qo‘ygan. Rasmiy versiyaga ko‘ra, bunday choralar “mahalliy aholi hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash uchun” ko‘rilgan.
Urushdan bosh tortganlar fuqarolikdan mahrum qilinishi boshlangan
O‘tgan yilning oktyabr oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Rossiya pasportini olgan muhojirlarni Ukrainaga qarshi urushda qatnashishni istamasa, fuqarolikdan mahrum qilishni taklif qilgan edi. Dekabr oyidayoq muhojirlar harbiy ro‘yxatga olishdan bo‘yin tovlagani uchun fuqarolikdan mahrum etila boshlandi.



