$
 12052.33
41.9
 14213.31
125.08
 153.71
2.46
weather
+26
Кечаси   +14°

Migrantlar boshiga balo: Rossiyada millatchi guruhlar tomonidan 2025-yilda amalga oshirilgan jinoyatlar

Migrantlar boshiga balo

 Alvido, yuviqsiz Rossiya

Xojalar va qullar o‘lkasi.

Va sizlar, ko‘k mundir ostida,

Va sen — xalq, ularning ko‘lkasi.

M. Lermontov

 Bundan bir yuz sakson yil avval rus shoiri Mixail Yuriyevich Lermontov tomonidan o‘z xalqi hamda o‘lkasiga nisbatan achchiq haqiqat o‘laroq aytilgan bu so‘zlar bugun ham dolzarb. Bugun ham Rossiya xojalar va qullar, mundirlilar va ularga mutlaq sodiqligini iddao qiluvchilar bilan insoniylikdan yiroqlab borayotgandek, bu o‘lkada inson insonligini, adolat adolat ekanini, haqiqat haqiqatligini yo‘qotayotgandek. Ayanchlisi, bunda ruslarning natsistik-ksenofobik[1] propaganda mashinasi nafrat o‘qlari uchun asosiy qurbonlar sifatida rus bo‘lmagan, oddiygina ishchi qatlamni nishonga olgan.

2025-yil Rossiya Federatsiyasining zamonaviy tarixida etnik munosabatlarning eng keskinlashgan va migrantlarga nisbatan nafratning eng yuqori cho‘qqiga chiqqan davri sifatida qayd etildi. O‘tgan 2024-yil mart oyida rus xavfsizlik xizmati tomonidan tashkillashtirilganligi gumon qilingan “Crocus City Hall”da sodir etilgan terakt jamiyatda chuqur qo‘rquv hamda paranoid kayfiyatni uyg‘otgan bo‘lsa, tahlilchilar 2025-yilga kelib bu qo‘rquv tizimli, yaxshi tashkillashtirilgan, davlatning ma’lum qatlamlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan agressiv ksenofobiyaga aylanayotganini aytishmoqda. O‘tgan yillar davomida kuzatilgan tarqoq bezorilik holatlari o‘rnini endilikda “vatanparvarlik” niqobi ostida harakatlanuvchi harbiylashtirilgan guruhlarning muntazam reydlari, etnik tozalash elementlariga ega pogromlar[2] va qonunchilik darajasidagi kamsitishlar egalladi…  

 Ushbu materialimizda 2025-yil davomida Rossiya hududida sodir etilgan, etnik va irqiy nafratga asoslangan jinoyatlarni biroz tahlilga tortishga jazm etdik. Tahlil davomida nafaqat ko‘cha jinoyatlari (qotillik, tan jarohati yetkazish, vandalizm), balki ushbu jinoyatlarni keltirib chiqargan ijtimoiy-siyosiy muhit, qonunchilikdagi o‘zgarishlar va “Rus jamiyati”[3] (Русская община) kabi kvazi-davlat[4] tuzilmalarining roli ham inobatga olinib, ularning faoliyati, shuningdek, asil maqsadlari haqida ma’lumot berishga harakat qilamiz.

 Markaziy Osiyoga qaratilgan migrantofobiya

 Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 2025-yilda Rossiya hukumati Ukrainaga bosqinchilik urushi fonida ichki ijtimoiy taranglikni migrantlarga yo‘naltirish strategiyasini qo‘lladi. Bu esa Markaziy Osiyo (O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston) va Kavkaz mintaqasidan kelgan fuqarolarning hayotini doimiy xavf ostida qoldirdi. Migrantofobiya endi shunchaki ijtimoiy illat emas, balki davlat boshqaruvining norasmiy vositasiga aylanganligi kuzatilmoqda. Avvaldan postsovet o‘lkalaridan kelgan kishilarga nisbatan xojalik va xo‘jayinlik kayfiyati bilan to‘yintirib sug‘orilgan kishilar uchun davlatning bunday targ‘ibot nishoni ancha qulay, kezi kelsa, “antistress mulyaj” bo‘lgan mehnat migrantlariga yanada agressiv munosabat ko‘rsatishga imkon beradi.  

Bu turdagi nafrat o‘z-o‘zidan yuzaga kelgan emas. Har qanday voqelik yuz berishidan oldin uning “tili” vujudga keladi. Baayni sizlab turgan odamingizni so‘ka olmaganingizdek, barchasi migrantlarga nisbatan davlat darajasida munosabatning yanada yomonlashuvi tufayli boshlandi.

 Qonun bilan mustahkamlangan shovinizm

 Rossiya Federatsiyasida etnik zo‘ravonliklarning kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan omil, bu — qonunchilikning repressiv[5] xarakter kasb etishidir. 2025-yil davomida qabul qilingan qonunlar hamda yuqori martabali amaldorlarning bayonotlari ko‘chadagi radikal guruhlarga o‘z harakatlarini “qonuniy va axloqiy jihatdan haqli” deb hisoblashlari uchun zamin yaratdi.

2025-yilning 5-noyabr kuni Vladimir Putin tomonidan imzolangan 821-sonli “Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olishning va yashash guvohnomasini berishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida”gi farmon migrantlar huquqlarini cheklashdagi eng radikal qadam bo‘ldi deyish mumkin. Mazkur hujjatning tahlili quyidagi xavfli tendensiyalarni ochib beradi:

  1. Urushga majburiy yuborish: Farmonga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini yoki yashash guvohnomasini (ВНЖ) olish istagidagi 18 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan barcha chet el erkak fuqarolari RF Qurolli Kuchlari bilan shartnoma imzolashi hamda “maxsus harbiy operatsiya” zonasida xizmat qilishi shart etib belgilandi. Diqqat qilinishi kerak bo‘lgan qism shuki, ushbu talabdan faqat Belarus fuqarolari ozod qilingan, bu esa qonunning siyosiy va diskriminatsion xarakterini yaqqol ko‘rsatadi.
  2. Gumanitar yo‘laklarning yopilishi: Ilgari mavjud bo‘lgan fuqarolikni olishning tinch va qonuniy yo‘llari (masalan, nikoh, ta’lim, malakali mutaxassislik orqali) amalda to‘xtatildi. Bu esa migrantlarni yo noqonuniy maqomga o‘tishga, yoki o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib urushga borishga majbur qildi.
  3.   Ijtimoiy oqibatlar: Huquqshunoslar va inson huquqlari himoyachilarining ta’kidlashicha, ushbu farmon migrantlarni “qonundan tashqari” holatga tushirib qo‘ydi. Hujjatlari tartibda bo‘lmagan har qanday shaxs endilikda potensial “jinoyatchi” yoki “deportatsiya qilinuvchi” sifatida ko‘rilmoqda, bu esa politsiya va millatchi guruhlar tomonidan tovlamachilik va zo‘ravonlik uchun keng imkoniyatlar yaratdi.

 Yoki urushasan, yoki urishadi…

2025-yil oktyabr oyining 15-sanasida tasdiqlangan yangi Rossiya Federatsiyasining davlat migratsiya siyosati Konsepsiyasi Rossiyaning demografik inqirozini hal qilishdan ko‘ra, migrantlarni “milliy xavfsizlikka tahdid” sifatida belgilashga ustuvorlik berdi.

Yangi konsepsiya migratsiyani iqtisodiy zarurat sifatida emas, balki nazorat qilinishi kerak bo‘lgan xavf sifatida taqdim etadi. Ushbu konsepsiya ortidan “noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash” shiori ostida migrantlarning yashash joylari hamda ish joylarida ommaviy reydlar o‘tkazish qonuniylashtirildi.  

Hujjatda migrantlarning zich joylashgan hududlarini yo‘q qilish vazifasi ham belgilangan. Amalda bu “gettolar”ni tozalash bahonasida migrantlar yotoqxonalariga hujum qilish, ularni majburan ko‘chirish va gettoizatsiyani oldini olish niqobi ostida ksenofobik tozalashlarni amalga oshirishni anglatadi.

Konsepsiyaga muvofiq, rus hukumati tomonidan migrantlarning oila a’zolarini olib kelishini taqiqlash yoki keskin cheklash choralari ko‘rildi. Bu esa migrantlarning jamiyatga integratsiyalashuvini qiyinlashtirib, ularni ijtimoiy-psixologik jihatdan yanada yakkalanib qolishiga va mahalliy aholi tomonidan “begona” sifatida qabul qilinishiga olib keldi.  

 “Bastrikin effekti”: Qonunsizliklarni qonuniylashtiruvchilar

Rossiya Tergov Qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinning 2025-yil davomida qilgan bayonotlari ko‘cha zo‘ravonligini bevosita rag‘batlantiruvchi omil bo‘ldi. U 2025-yilning birinchi yarmida migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni oshganini iddao qilib, ularni “ekstremistik” va “og‘ir” jinoyatlarda aybladi. Vaholanki, mustaqil ekspertlar va hatto Rossiya IIVning ayrim ma’lumotlariga ko‘ra, migrantlar sodir etgan jinoyatlar umumiy jinoyatchilikning atigi 2-4 foizini tashkil qiladi.

2024-yil iyun oyida Bastrikin 30 000 nafar yangi fuqarolik olgan migrant harbiy ro‘yxatga olinganini va ulardan 10 000 nafari to‘g‘ridan-to‘g‘ri frontga, “orqa xizmat” bo‘linmalariga yuborilganini e’lon qildi. Uning “Konstitutsiya va qonunlarni bajarish kerak” degan so‘zlari aslida migrantlarni “dushman o‘qlarini zararsizlantirish vositasi” sifatida ishlatish siyosatini oqlashga xizmat qildi.  

Bunday bayonotlarning natijasi o‘laroq, Bastrikinning so‘zlari “Русская община” kabi guruhlar uchun ayni muddao bo‘ldi: “agar davlatning eng yuqori tergov organi rahbari migrantlarni jinoyatchi deb atar ekan, demak, ularga qarshi har qanday harakat “adolatni tiklash” hisoblanadi” qabilida ish tutish norasmiy kuchlar uchun rasmiy tirqish yaratdi.

 

Tizimlashtirilgan zo‘ravonlik: Uyushmagan millatning uyushgan millatchi guruhlari

2025-yilning eng xavfli va o‘ziga xos jihati — bu “maishiy millatchilik”dan “tashkillashtirilgan vigilantizm”ga o‘tish bo‘ldi. Endilikda migrantlarga hujumlar mast bezorilar tomonidan emas, balki yaxshi qurollangan, yagona formaga ega va huquq-tartibot organlari bilan aloqador guruhlar tomonidan amalga oshirila boshlandi.

Bunday millatchi guruhlarning eng yiriklaridan biri hisoblangan “Rus jamiyati” (“Русская община”) tashkiloti 2025-yilda Rossiyadagi eng qudratli va ta’sirli ultramillatchi kuchga aylandi. Ukrainadagi urushdan so‘ng paydo bo‘lgan ushbu guruh Telegram messenjerida 660 000 dan ortiq faol a’zoga va YouTube’da 1.2 million obunachiga ega. Guruh a’zolari o‘zlarini “ko‘ngilli drujinalar” deb atashadi. Ular qora taktik kiyimlar, afsonaviy rus pahlavoni tasviri tushirilgan shevronlar va niqoblar bilan harakatlanishadi. Bu millatchi guruh a’zolarining asosiy faoliyati — migrantlar ishlaydigan bozorlar, qurilish maydonchalari, taksi parklari va yotoqxonalarga “reydlar” uyushtirishdir.

Diqqat qilinishi kerak bo‘lgan qism shundaki, rasman ular jamoat tashkiloti bo‘lsa-da, amalda politsiya funksiyasini o‘zlashtirib olishgan. Ko‘plab holatlarda politsiya xodimlari reydlar davomida “Русская община” a’zolarining buyruqlariga bo‘ysunishi yoki ularning noqonuniy harakatlari (masalan, kaltaklash, mulkni tortib olish kabilar)ga ko‘z yumishi kuzatilgan. Hatto Bastrikinning shaxsan o‘zi ushbu guruh a’zolarini himoya qilib, ularni qo‘lga olgan politsiyachilarga qarshi tekshiruv boshlagan holatlar mavjud.  

Guruh “etnik ruslarning manfaatlarini himoya qilish” va “an’anaviy qadriyatlarni saqlash” g‘oyalarini ilgari suradi. Ular rus pravoslav cherkovi bilan yaqin aloqada bo‘lib, Patriarx Kirillning vakili tomonidan rasman duo qilingan. Bu esa ularning jinoyatlariga “muqaddas urush” tusini beradi.  

Afsuski, bu yagona katta auditoriyaga ega millatchi guruh emas. “Русская община” bilan parallel ravishda “Shimol odami” (Северный человек) harakati ham faollashdi. 2025-yilning kuz oylarida ushbu ikki guruh birgalikda haftasiga o‘rtacha 17-19 ta reyd o‘tkazganligi qayd etilgan.  

“Северный человек” guruhi reyd o‘tkazish masalasida anchayin xos usulga ega. Bu millatchilar to‘dasi ko‘pincha sport zallari va jang san’ati klublariga reyd uyushtirib, u yerda shug‘ullanayotgan migrantlarni “noqonuniy yig‘ilish”da yoki harbiy xizmatdan bo‘yin tovlashda ayblaydi hamda politsiyaga topshirish bilan shug‘ullanadi.  

 Yopiq harakat ichidagi neonatsistlar

Agar “Русская община” o‘z faoliyatini “qonuniy” deya baholab, hukumat hamda parlament vakillarining bayonotlaridan himoya sifatida foydalanishga urinsa, NS/WP (National Socialism/White Power),“МКУ” (“Маньяки: культ убийства”) kabi radikal “underground” guruhlar ochiqchasiga terror usullarini qo‘llamoqda.

 2025-yil davomida ushbu guruhlar qotillik, o‘t qo‘yish va qiynoqqa solish videolarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali migrantlar orasida vahima uyg‘otishga harakat qildi. Ular asosan yashirincha hujum qilish, migrantlar faoliyat olib boruvchi, asosiy qatnovni amalga oshiruvchi hududlarda pistirma qo‘yish, pichoqlash va masjida hamda migrantlar yotoqxonalarining binolarga o‘t qo‘yish bilan shug‘ullanadi.

 Migrantlarga qarshi harakatlar xronologiyasi

Quyida 2025-yil davomida OAV va monitoring markazlari tomonidan qayd etilgan, migrantlarga va etnik ozchiliklarga qarshi qaratilgan eng rezonansli jinoyatlar xronologiyasini choraklar asosida jamlashga harakat qildik. Bu voqealar rus millatchi kuchlari hamda tobora natsistik qiyofa olib borayotgan hukumat uchun shunchaki statistika bo‘lishi mumkin, ammo aslida har bir raqam minglab insonlarning fojiasidir.

 Yanvar — mart: “Crocus” soyasi va dastlabki to‘lqin

Yil boshi 2024-yilgi teraktga bir yil to‘lishiga yaqinlashishi fonida o‘tdi. Davlat propaganda vositalari tomonidan doimiy tarzda nafrat va natsizm dozasi bilan oziqlantirilgan jamiyatda ksenofobik bosim kuchaydi.

Moskva va yirik shaharlarda politsiya “profilaktik nazorat” bahonasida migrantlarning uylariga bostirib kirishni odat tusiga aylantirdi. Bu reydlar davomida migrantlar ko‘pincha talon-toroj qilindi, ularning shaxsiy pullari, qimmatbaho buyumlari, hujjatlari va telefonlari olib qo‘yildi.

Bir qator regionlarda migrantlarga taksi haydovchisi, kuryer yoki sotuvchi bo‘lib ishlash taqiqlandi. Bu esa migrantlarni noqonuniy faoliyatga o‘tishga va kriminal guruhlar oldida himoyasiz qolishiga olib keldi.

 Aprel — iyun: Vahshiylikning yangi bosqichi

2025-yilning may oyida Sankt-Peterburg yaqinidagi turarjoy binolaridan biriga “Русская община” faollari bostirib kirishdi. Ularning maqsadi go‘yoki “giyohvand moddalar sotuvchisini ushlash” edi. Hujumchilar politsiya vakolatisiz, qalampir gazi (persovka) va elektroshokerlar bilan qurollangan edi. Natsist bosqinchilar kvartiraga bostirib kirgach, u yerda o‘t qo‘yishdi. Kvartirada bo‘lgan arman millatiga mansub erkak tashqariga chiqa olmadi va tiriklayin yonib ketdi. Guvohlarning va omon qolganlarning so‘zlariga ko‘ra, bosqin uyushtirganlar unga yordam berish o‘rniga, “Mayli, yonsin, baribir bariga (narkotik moddalar sotuvchi) edi” mazmunida gapirib, uning o‘limini tomosha qilishgan. Kvartirada bo‘lgan ayol yong‘indan qochish uchun 7-qavat derazasidan sakrashga majbur bo‘ldi va o‘ta og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.

 Ushbu voqea yuzasidan “Русская община” a’zolariga nisbatan jiddiy jinoiy ta’qib bo‘lganligi haqida ma’lumotlar yo‘q. Aksincha, voqea media va hukumat vakillari tomonidan “giyohvandlar uyidagi baxtsiz hodisa” sifatida xaspo‘shlandi.  

 Iyul — sentyabr: “Tarvuz urushi”, qurilishdagi qirg‘in, ibodatxona va bolalarga hujum

Yoz faslida millatchilarning e’tibori bozorlar va ko‘cha savdosiga qaratildi. Iyul oyida Novosibirsk shahrining chekkasi (Xilok tuman bozori)da “Русская община”ning harbiylashtirilgan guruhi tarvuz va qovun sotayotgan migrantlarga hujum qildi. Hujumchilar qora uniformada, yuzlari niqoblangan va taktik jiletlarda bo‘lishgan.

Ular sotuvchilarni “hujjatlari yo‘qligi” va “noqonuniy savdo”da ayblab, kaltaklashdi va tonnalab tarvuz va qovunlardan iborat barcha tovarlarini musodara qilib, o‘zlarining yuk mashinalariga ortib olib ketishdi. Voqea joyiga kelgan politsiya esa, talonchilarni to‘xtatmadi, aksincha, jarayonni kuzatib turdi. Natsist guruh ushbu bosqinchilikni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda “Sharq bozorini yopdik”, “Rus yerini tozaladik” degan ksenofobik shiorlar bilan tarqatdi.

  

Iyul oyida sodir etilgan qonunsiz bosqinlardan yana biri Moskva shimoli-sharqidagi yirik qurilish obyektida “Русская община” a’zolari va ishchilar (asosan, Checheniston va Ingushetiya fuqarolari) o‘rtasida ommaviy mushtlashuvdir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, janjal ingush millatiga mansub qo‘riqchining qurilish hududiga bostirib kirgan mast holatdagi etnik rus fuqarosini chiqarib yuborishi ortidan boshlangan. Mast fuqaro “Русская община”ga murojaat qilgach, o‘nlab jangarilar obyektga kelib, kavkazlik ishchilarga hujum qilgan. Bu voqea shuni ko‘rsatadiki, rus millatchiligi nafaqat tashqi migrantlarga (Markaziy Osiyo), balki Rossiya tarkibidagi musulmon xalqlarga (Shimoliy Kavkaz) ham qarshi qaratilgan. Bu esa mamlakat ichidagi etnik separatizm xavfini oshirmoqda.  

Bunday natsistik hujumlar avgust oyida himoyasiz qatlamlarga va diniy obyektlarga qaratilganligi bilan ajralib turdi.

Migrant bolalarning maktabga moslashishiga yordam beruvchi “Peterburg Bolalari” (Дети Петербурга) nodavlat tashkiloti misli ko‘rilmagan bosimga uchradi. Ularning Telegram kanallari va ijtimoiy tarmoqlari irqiy haqoratlar, o‘lim tahdidlari hamda bolalarning suratlarini tahqirlash bilan to‘lib ketdi. Tashkilot xodimlari, unda faoliyat olib boruvchi ko‘ngillilarning shaxsiy ma’lumotlari tarqatilib, uylariga tahdidli xatlar yuborildi.  

Obninsk shahrida uch nafar ultra-o‘ngchi faol yahudiy jamoat markazi (sinagoga) binosiga “Molotov kokteyli” uloqtirib, o‘t qo‘yishga harakat qildi. Ushbu aksiya uchun javobgarlikni NS/WP neo-natsist guruhi o‘z zimmasiga oldi. Bu Rossiyada antisemitizmning ham yangi to‘lqini boshlanganligi borasidagi misollardan biridir.

Shuningdek, Kareliya o‘lkasida Stalin qatag‘on mashinasi qurbonlarini xotirlash uchun o‘tkazilgan tinch marosimga “Русская община” hamda rasmiy maqomga ega “Единая Россия” partiyasining yoshlar qanoti hisoblanmish “Молодая гвардия” a’zolari bostirib keldi. Ular motam tutayotgan odamlarni haqoratlab, ustlariga suv sepishdi va baland ovozda “Katyusha” qo‘shig‘ini aytib, tadbirni buzishdi. Politsiya bu bezorilikka aralashmadi.

Rossiya Federatsiyasining parlamenti hisoblanmish Davlat Dumasida vakillari o‘tiruvchi, davlat tepasidagi shaxsni qo‘llab-quvvatlaganligi uchun “putinistik partiya” degan nom olgan partiyaning rasmiy yoshlar qanoti a’zolari shunday natsistik xatti-harakatlarni amalga oshirar ekan, qonun nazoratidan tashqaridagi natsistlar guruhlarni tasavvur qilish ham qo‘rqinchli tus oladi.

Sentyabr oyida Moskvada RusNews jurnalisti Konstantin Jarov va uning 17 yoshli hamrohi millatchilar guruhi tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklandi. Hujumchilarning asosiy e’tirozi jurnalistning uzun sochi va kiyimidagi “Яблоко” partiyasi nishoni edi. Hujum vaqtida “Sen rusmisan o‘zi?”, “Sotqin” kabi haqoratlar ishlatilgan. Ikkala jabrlanuvchi ham og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.  

Bu oyda, shuningdek, Vladivostokda 15 yoshli o‘smirlardan iborat guruh migrant taksi haydovchisi va yana bir ishchini kaltaklab, jarayonni videoga olishdi va tarqatishdi.

Bu holat shu darajada rezonans berdiki, O‘zbekiston Bosh konsulligi Rossiya TIVga rasmiy nota yuborishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘nggina mahalliy politsiya hujumchilardan bittasini qo‘lga oldi.

Xabarovsk va Sankt-Peterburg shaharlarida noma’lum shaxslar, yuqori ehtimollik bilan neo-natsistlar, masjidlarning kirish qismiga va namozxonalarga so‘yilgan cho‘chqa boshlarini tashlab ketishdi. Chelyabinsk viloyatining Chesma qishlog‘ida esa masjidga o‘t qo‘yishga urinish bo‘ldi. Bu harakatlar musulmon aholining diniy tuyg‘ularini haqoratlash va etnik nizoni yanada alangalatish maqsadida qasddan uyushtirilgan rejali harakatlar edi.  

Oktyabr — dekabr: Saratovdagi qotillik, kuryerlarga qarshi urush, 10 yoshli tojik bolaning o‘ldirilishi

Oktyabr oyida Saratov shahrida eng dahshatli nafrat jinoyatlaridan biri sodir bo‘ldi. O‘smir yigit ko‘chada ketayotgan hijobli libosdagi ayolga orqa tomondan hujum qilib, uni pichoqlab o‘ldirdi. Qo‘lga olingandan so‘ng, u o‘z qilmishini “diniy nafrat” va “musulmon bo‘lgani uchun” deb izohladi. Bu shuni anglatadiki, agar siz ruslar aholining asosiy qismini tashkil qiluvchi hududda yashasangiz, shunchaki e’tiqodingiz uchun ham o‘ldirilishingiz mumkin. Qotil esa o‘zini “millat va vatan oldidagi burchini bajargan” deya baholaydi.

Roman Yuneman boshchiligidagi Migratsiya tendensiyalarini tahlil qilish markazi oktyabr oyida “Byudjet yo‘qotishlarida kuryerlik xizmatlari” (“Курьерская доставка бюджетных потерь”) nomli provokatsion hisobotni e’lon qildi. Unda migrant-kuryerlar “imtiyozli sinf” deb atalib, mahalliy aholini mehnat bozoridan siqib chiqarayotgani iddao qilindi. Ushbu “tahlil” keng tarqatilganidan so‘ng Moskva va boshqa shaharlarda yetkazib berish xizmati xodimlariga (Yandex.Eda, Delivery Club) hujumlar soni keskin oshdi. Kuryerlar ko‘pincha qorong‘u yo‘laklarda pistirmaga uchrab, kaltaklandi va velosipedlari sindirildi.  

1-noyabr kuni Moskva yaqinidagi Lyubertsi shahrida 140 ga yaqin niqobli va qora kiyimli erkaklar saf tortib yurishdi. Ular buni “etnik gettolarga qarshi patrullik” deb atashdi. Bu aksiya mahalliy aholi va migrantlar orasida katta qo‘rquv uyg‘otdi. Davlat organlarining ruxsatisiz o‘tkazilgan ushbu marsh politsiya tomonidan to‘xtatilmadi. Hukumatning bunday beparvoligi ushbu natsistik xatti-harakatlarga xayrixoh kayfiyatda ekanligiga dalil bo‘lishi mumkin.

Milliy Birlik Kuni (4-noyabr): 4-noyabr kuni RFda nishonlanuvchi “Milliy birlik kuni” esa “Русская община” va “Северный человек” guruhlari uchun o‘z kuchini oshkora namoyish qilish kuni bo‘ldi. Ular Selyatino, Liman va boshqa shaharlarda ommaviy reydlar o‘tkazib, yuzlab migrantlarni “tekshiruv” bahonasida kamsitishdi. Bayramdan bir kun o‘tib, ya’ni 5-noyabr kuni “National Socialist Organization for the Liberation of White Europe” (НСООБЕ) natsistik-fashistik jamiyati navbatdagi qotillikni sodir etganini e’lon qildi. IIV bu holatni maishiy nizo deb atab, rad etishga urindi, ammo mutaxassislar buni navbatdagi yashirilgan nafrat jinoyati deb baholashmoqda.  

Dekabr hali yakuniga yetmagan bo‘lsa-da, dahshatli voqelik yuz berishga ulgurdi. 2025-yil 16-dekabr kuni Moskva viloyatining Odinsovo tumanidagi elitalar yashaydigan Gorki-2 qishlog‘ida nafaqat Rossiya jamiyatini larzaga solgan, balki xalqaro shov-shuvga sabab bo‘lgan voqea sodir bo‘ldi. Uspenskiy o‘rta maktabida tojik millatiga mansub 10 yoshli Qobiljon Aliyevning o‘ldirilishi yangi voqelikning ramziga aylandi. Voqeada qotil 15 yoshli to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi Timofey Kulyamov maktabga pichoq va qalampir balloni bilan kelgan. Guvohlarning ko‘rsatmalari va kuzatuv kameralaridagi yozuvlarga ko‘ra, o‘smirning harakatlari aniq rejalashtirilgan edi. U o‘z niyatini yashirmay, namoyishkorona sovuqqonlik bilan ish tutdi. Maktab koridorida Kulyamov bir guruh boshlang‘ich sinf o‘quvchilari va o‘qituvchi oldiga keldi. Nafrat motivini ko‘rsatuvchi asosiy nuqta uning bolalarga qaysi millatga mansubligi haqidagi savoli bo‘ldi. Javobni eshitgach yoki tashqi ko‘rinishi bilan boshqa millat vakili ekanligini aniqlagach, u qurboni sifatida Qobiljon Aliyevni tanlab, uning bo‘yin qismiga pichoq bilan bir necha bor zarba berdi. Maktab qo‘riqchisi aralashmoqchi bo‘lganida, hujumchi unga qalampir gazini sepdi, so‘ngra boshqa o‘quvchilarga pichoq o‘qtalib, tahdid qilishda davom etdi. Hujum qurboni Qobiljon Aliyev olgan jarohatlari oqibatida vafot etdi.

Timofey Kulyamovning tashqi ko‘rinishi va xatti-harakatlari uning o‘ta o‘ngchi internet submadaniyatlariga chuqur aloqadorligini ko‘rsatadi. Jinoyat sodir etilgan vaqtda u “No Lives Matter” (“Hech bir hayot ahamiyatsiz”) yozuvi tushirilgan futbolkada bo‘lgan.

Shu tarzda, yil boshida nafratli nutqlar hamda postlar bilan boshlangan migrantofobiya dekabrga kelib eng xavfsiz bo‘lishi kerak bo‘lgan maktablargacha kirib borib, 10 yashar bolaning qotilligi bilan yakunlanmoqda. Jami 12 oyda Rossiya Federatsiyasi bo‘ylab migrantlar va etnik rus bo‘lmaganlarga nisbatan 277+ hujum, 8 o‘lim holati rasman qayd etilgan. Afsuski, ushbu raqamlar “aysbergning uchi”, xolos. Aksariyat migrantlar deportatsiya qilinishdan yoki politsiyadan qo‘rqib shikoyat qilmaydilar. Haqiqiy raqamlar esa bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin.

 Bu shunday davom etaveradimi?

2025-yil Rossiya jamiyati uchun burilish nuqtasi bo‘ldi. Ksenofobiya va etnik tozalash g‘oyalari endilikda marjinal guruhlarning shiorlari emas, balki davlat ichki siyosatining (ayniqsa, kuch ishlatar tuzilmalarining) yashirin quroliga aylanib borayotgandek.

“Русская общества” kabi natsistik va neonatsistik guruhlarning faoliyati shuni ko‘rsatadiki, davlat zo‘ravonlik monopoliyasini qisman ushbu “vatanparvar” guruhlar qo‘liga olgan. Ular migrantlarni nazorat qilish va qo‘rquvda ushlash uchun qulay vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Lekin shunisi ham borki, bugun bir tomondan, Rossiya iqtisodiyoti qurilish, xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchi kuchi yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Ikkinchi tomondan, migrantlarni haydash siyosati bu tanqislikni yanada kuchaytirmoqda. Roman Yuneman kabi “ekspertlar”ning hisobotlari bu iqtisodiy inqirozni migrantlarga to‘nkash orqali vaziyatni yanada tanglashtirayotir.

Diplomatik tomonlama, Markaziy Osiyo davlatlari (O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston) fuqarolariga nisbatan bo‘layotgan bu vahshiyliklar mintaqaviy munosabatlarga jiddiy putur yetkazadi. Xususan, Qobiljonning o‘limidan so‘ng Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga Rossiya Federatsiyasining mamlakatdagi elchisi chaqiritirildi va nota berildi. Afsuski, yodingizda bo‘lsa, O‘zbekiston TIV respublikamizning hududiy yaxlitligi hamda mustaqilligiga tajovuz qilgan rus propagandisti hamda partiyalardan birining hamraisi Prilepin masalasida qila olgan eng katta ishi — RF elchisini “taklif etish”, “chuqur tashvish bildirish” edi.

Migrantlarning ommaviy qaytishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi (masalan, Tojikiston YaIMning yarmini tashkil qiladi) mintaqada ijtimoiy portlashlarga olib kelishi mumkin. Kelgusi yillarda, agar bu tendensiya to‘xtatilmasa, Rossiyada etnik nizolarning yanada kengayishi va “fuqarolar urushi” elementlariga ega bo‘lgan ichki to‘qnashuvlar sodir bo‘lishi ehtimoli yuqori.

 

[1]Ksenofobiya — begona yoki g‘alati deb qabul qilinadigan har qanday narsa (shaxslar, madaniyatlar, irqlar, mamlakat va ularning vakillari)dan qo‘rqish yoki yoqtirmaslik.

[2] Pogrom — etnik yoki diniy guruhni qirg‘in qilish yoki quvib chiqarish maqsadida qo‘zg‘atilgan zo‘ravonlikka asoslangan g‘alayon.

[3] “Rus jamiyati” (Русская община) — 2020-yil oxirida asos solingan oʻta oʻng qanot millatchi siyosiy norasmiy tashkilot. U islomga, migrantlarga, Kavkazga qarshi va hukumat tarafdori sifatida taʼriflangan. “Русская община” Rossiyadagi mehnat muhojirlariga qarshi kurashi bilan mashhur.

[4] Kvazi-davlat (ing: quasi-state) — rasman mustaqil davlat boʻlmasa-da, davlatga xos tashkiliy tuzilmalarga ega boʻlgan, oʻzini oʻzi boshqarishga urinadigan, ammo toʻliq suverenitetga ega boʻlmagan siyosiy hudud nazarda tutiladi; "soxta davlat" yaʼni davlatga oʻxshash, lekin toʻliq davlat huquqiy maqomiga ega boʻlmagan tuzilma.

[5] Repressiv xarakter (oʻzbekcha: qatagʻon, bosim) — biror shaxs yoki guruhni siyosiy sabablarga koʻra taʼqib qilish, jazolash, tazyiq oʻtkazish, erkinligini cheklash, yaʼni kuch ishlatish yoki huquqiy vositalar orqali bostirishga qaratilgan xarakterli harakat.

Теги :
Jamiyat
Siyosat