$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda suv to‘planishiga qarshi qanday choralar ko‘riladi?

suv bosish

Toshkent shahrida 10-may kuni yog‘in miqdori 35 mmni tashkil etdi. Poytaxt hokimligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu miqdorning asosiy qismi ikki soatdan kamroq vaqt ichida yog‘gan bo‘lib, o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik me’yorining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

O‘tkazuvchanlik quvvati qancha?

Qayd etilishicha, Toshkentdagi mavjud yomg‘ir suvlarini oqizish tizimi bir kecha-kunduzda 20 mmgacha yog‘inni qabul qilishga mo‘ljallangan. Ishlab chiqilgan bosh rejaga muvofiq, tizimning o‘tkazuvchanlik quvvatini bir kecha-kunduzda 36 mmgacha bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan.

Kuchli yog‘ingarchilik natijasida shaharning 8 ta tumanidagi 23 ta manzildan suv to‘planishi holatlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi.

Tumanlar kesimida

Tumanlar kesimida murojaatlar quyidagi manzillar bo‘yicha qayd etildi:

Mirzo Ulug‘bek tumani — 6 ta manzil;

Yashnobod tumani — 3 ta manzil;

Shayxontohur tumani — 4 ta manzil;

Mirobod tumani — 3 ta manzil;

Yakkasaroy tumani — 1 ta manzil;

Olmazor tumani — 2 ta manzil;

Chilonzor tumani — 2 ta manzil;

Yunusobod tumani — 2 ta manzil.

“Shunday qilib, eng kuchli yomg‘ir paytida shahar suv oqizish infratuzilmasi bosh rejada nazarda tutilgan istiqboldagi hisob-kitob parametrlariga yaqin bo‘lgan keskin va qisqa muddatli yuklamaga duch keldi. Ayrim nuqtalarda kelayotgan suv hajmi bir vaqtning o‘zida mavjud irrigatsiya tarmoqlari va quvurlarning o‘tkazuvchanlik quvvatidan oshib ketdi. Natijada bir qator hududlarda yomg‘ir suvi to‘planib qoldi”, deyiladi hokimlik xabarida.

Yanada murakkab vaziyat

Hokimlik axborotiga ko‘ra, ayrim joylarda mahalliy omillar vaziyatni yanada murakkablashtirdi: suv oqizish elementlarining chiqindilar bilan tiqilib qolishi, o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlar, ariq va irrigatsiya tizimlarining avtoturargoh yoki boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun to‘sib qo‘yilishi shular jumlasidan.

“Har bir bunday holat arzimasdek tuyulishi mumkin, ammo shahar miqyosida bu kabi aralashuvlar butun suv oqizish tizimining faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.

Qanday choralar koʻriladi

Bunday oqibatlarni zudlik bilan bartaraf etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, drenaj-kollektor tizimlari, kanallar, kommunal xizmatlar va boshqa tegishli tashkilotlarning mutaxassislari hamda brigadalari jalb etilgan bo‘lib, joylarda 60 dan ortiq maxsus texnika ishlagan. Ko‘rilgan choralar natijasida suv to‘planishi oqibatlari bir soat ichida to‘liq bartaraf etilgan.

Har bir manzil bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan vaziyat birlamchi tarzda o‘rganilib, zarur choralar belgilandi. Xususan, quyidagilar ko‘rib chiqilmoqda:

  • 5 ta manzilda irrigatsiya tizimini qurish;
  • bitta hududni loyihachilar bilan birgalikda qayta o‘rganib chiqish;
  • qo‘shimcha 3 ta dyuker o‘rnatish;
  • bitta obyektda diametri 800 mm bo‘lgan, boshqa bir qator hududlarda esa diametri 500 mm bo‘lgan quvurlarni o‘rnatish;
  • qo‘shimcha nasos agregatlarini o‘rnatish va suv chiqarish quvvatini oshirish;
  • 6 ta qo‘shimcha suv qabul qilish panjarasini montaj qilish;
  • tizimning ayrim qismlari o‘tkazuvchanlik quvvatini kuchaytirish.

Ta’kidlanishicha, ishlar manzilli davom ettiriladi. Asosiy e’tibor yomg‘ir suvlarini chiqarish tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, muammoli hududlarning o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish va kelgusida lokal suv toshishi xavfini kamaytirishga qaratiladi.

Теги :
Jamiyat