$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

“Rashk” romantikami yoki manipulyatsiya?

Rashk

Noyabr oyida barchaga o‘zining “Siqilma” taronasi bilan mashhur bo‘lgan xonanda Mashhur Muhammad “Rashk Pro Max” nomli qo‘shig‘ini muxlislar e’tiboriga havola etdi. YouTube platformasiga joylangan har bir qadamini umr yo‘ldoshiga hisobot berib turadigan ayol haqidagi klip muxlislar tomonidan iliq kutib olindi. Buni 95 foiz qismi “Mening erim xuddi shunday, er shunday bo‘lishi kerak” kabi mazmundagi izohlardan bilib olish qiyinmas. Biz bugun bu klipni emas, jamiyatimizda “normallashtirilgan” ayrim anormal holatlarni tahlil qilamiz.

Rashk tushunchasi odatda umr yo‘ldoshini boshqalardan qizg‘anib, himoya qilish holatini ifodalaydi. Lekin, hozirda kimnidir o‘ziniki deb hisoblab uni to‘liq nazoratga olish, manipulyatsiya qilib uni jazolash kabi vaziyatlarga rashk tamg‘asi yopishtirilgandek, go‘yo.

Buni oddiygina bugun 11-may kuni Namanganda bitiruv oqshomiga tiktirgan ko‘ylagi yoqmagani uchun unashtirilgan yigiti tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan 11-sinf o‘quvchisi keysida ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, “rashk” tufayli xotinini do‘pposlagan erlar va o‘zini hamda farzandlarini joniga suiqasd qilgan ayollar haqidagi xabarlarni vaqti-vaqti bilan eshitib turamiz. “Har kimning o‘z hayoti bor, xohlaganicha rashk qilishsin” - deb o‘ylashimiz tabiiy, lekin aynan shunday beparvolik bunday holatlarning yanada urchishiga sabab bo‘ladi.

Xo‘sh, 11-sinf qizining o‘ldirilish voqeasi fonida qanday omillar bor?

Eng birinchi o‘rinda voyaga yetmagan qizning unashtirilishi. 17-18 yoshda hamma qizlar ham mustaqil fikrlay olmaydi, u uchun aslida nima yaxshi, nima yaxshi emas, nima kerakligini to‘liq anglolmaydi. Shu tufayli ular bosim va nazoratni “sevgi” deb qabul qiladi.

Ikkinchi muammo oilada kattalarning bosimi. “Unashtirilgan qiz qaytmasligi kerak”, “Qiz yoshga yetsa, egasiga berib yuborish kerak”, “O‘qib olim bo‘larmidi, shahar olib berarmidi”, “Qiz bola – palaxmon toshi”, “Qiz bola birovning xasmi” kabi stereotiplar qiz bolaga bosim bo‘ladi va uni oiladan “begonalashtirish”ga sabab bo‘ladi. Natijada, qiz o‘z fikrini erkin ayta olishdan va hayoti uchun o‘zi qaror qabul qilishdan qo‘rqa boshlaydi.

Uchinchi muammo – rashkni normallashtirish. “Sevsa rashk qiladi, urishadi”, “Ba’zi erkaklar urib-urishib sevadi”, “Erkak nazorat qilishi kerak”, “Qiz haddidan oshmasligi zarur” kabi tushunchalar va tahdidlar munosabatlardagi murosa, sevgi va mehr-muhabbatni ta’minlay olmaydi. Bu aslida zo‘ravonlikning ilk bosqichlaridir. Ba’zi erkaklar munosabatni sheriklik emas, “meniki” degan egalik shaklida ko‘radi. Shunda rad javobi, mustaqil qaror yoki oddiy kelishmovchilik ham “sha’nimga tegdi” degan agressiyaga aylanadi.

Bu muammolarga quyidagi omillar yechim bo‘la oladi:

Voyaga yetmagan qizlarning unashtirilishini normallashtirmaslik kerak. Jamiyatimizda “Erta egasini topgan kelin”dan ko‘ra ko‘proq “O‘qigan yoki hunar egallagan, mustaqil fikriga ega, o‘z hayoti uchun mustaqil qaror bera oladigan aqlli qiz” imiji ko‘proq targ‘ib qilinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ildizi zo‘ravonlik kabi stereotiplar bilan shakllangan “Rashk” tushunchasiga sevgi deb qaramaslik, rashkni agressiyasiz va boshqalarga ziyon yetkazmaydigan tarzda tushuntirish ayni muddao bo‘ladi. Bundan tashqari, bolalarga kichik yoshdan o‘zaro hurmat, shaxsiy chegara, rozilik va sog‘lom munosabat tushunchalarini o‘rgatish kerak. Maktablarda real hayotga oid saboq soatlarini joriy etish, ularda toksik munosabat belgilari, manipulyatsiya, psixologik bosim va zo‘ravonlikning ilk signallarini tanishni o‘rgatish zarur.

O‘zbek oilalarida odatda o‘g‘il bolalarga “Jahl qilish mumkin”, “Buyruq berish mumkin” va “Ayol itoat qilishi kerak” degan yashirin signalli tarbiya beriladi. Uning o‘rniga ayollarni teng inson sifatida ko‘rish, rad javobini qabul qila olish, hissiyotlarni boshqarib konfliktlarni zo‘ravonliksiz hal qilish kabilar o‘rgatilsa yuqoridagiga o‘xshash holatlarning oldi olinadi.

UZ24 uchun Surayyo Jorayeva tayyorladi

Теги :
Jamiyat