$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Blokadalar tarixiga nazar

Blokaladalar tarixi

AQSH-Isroil-Eron urushi natijasida Hormuz bo‘g‘ozi yopilgani barchamizga ma’lum. Bu blokada global iqtisodiy va gumanitar holatga o‘zining sezilarli ta’sirini o‘tkaza oldi. Xo‘sh, tarixda Hormuz yopilishidan boshqa jamiyat va iqtisodiyot taqdirida muhim ahamiyat kasb etgan blokadalar bormi, ular qanday sodir bo‘lgan? Quyida, g‘arb tarixidagi eng mashhur blokadalarni ko‘rib chiqamiz.

Konfederatsiya portlarining blokadasi

1861-yildan 1865-yilgacha davom etgan Amerika fuqarolar urushi mamlakat tarixidagi muhim voqeaga aylangan, sababi aynan shu urush natijasida qullik bekor qilindi. Shimoliy shtatlarda abolitsionizm kuchaygan bo‘lsa, janubiy shtatlarning paxta plantatsiyalari butunlay qullarning mehnatiga suyanib qolgan edi. Bundan tashqari janubliklar har bir shtat o‘z qonunlarini belgilashga haqli deb hisoblardi. Qulchilikka qarshi bo‘lgan Abraham Linkolnning hukumat tepasiga kelishi janubliklarning Ittifoqdan chiqib boshlashiga sabab bo‘ldi.

Davlat kotibi Uilliam Syuardning taklifiga binoan urush vaqtida janubliklarning paxta eksporti va harbiy materiallarning noqonuniy kirishini cheklash uchun Ittifoqchilar janubliklar tuzgan Konfederatsiya portlarini blokadaga oladi. Dengiz kuchlari kotibi Gideon Uelles esa blokadani rasmiy tarzda e’lon qilinmaslikni, aks holda xorijiy davlatlar Konfederatsiyaga urishayotgan tomon yoki alohida davlat maqomi berilishini ta’kidlaydi. Shunga qaramay Abraham Linkoln 1861-yil 27-aprel kuni blokadani rasman e’lon qildi va natijada Buyuk Britaniya, Ispaniya va Braziliya janubni urishayotgan tomon sifatida tan oladi, boshqa davlat esa betaraf qoladi. 27-aprel kuni blokada Shimoliy Karolina va Virjiniyani ham qamrab oldi. Iyul oyiga kelib Ittifoq barcha dengizni blokadaga olgan edi.

Blokada to‘liq mukammal bo‘lmagan, ayrim joylarda uni yorib o‘tish imkoniyati bo‘lgan. Paxta, qurol va boshqa materiallarning kontrabanda yo‘li bilan Meksika, Bagama orollari va Kuba kabi hududlardagi tranzit nuqtalariga yetkazilib turildi. Chunki, bu savdo o‘sha mintaqalardagi va boshqa joylardagi xorijiy savdogarlar uchun foydali bo‘lib qolaverdi. Shunga qaramay, u muhim iqtisodiy siyosat sifatida katta rol o‘ynadi.

Ammo boshqa davlatlarning kemalari kirishini cheklash, aksar holatlarda ekipaj qo‘lga olinib pochtalar musodara qilinishi ularda norozilik keltirib chiqardi. Buyuk Britaniya elchisi Richard Lyons bu e’tirozlarni Uiliam Henryga bir necha bor yetkazadi. Natijada Syuard Lyonsni Linkoln bilan uchrashuvga taklif qiladi. Uchrashuv davomida Lyons Linkolnni Britaniya betaraflik siyosatini qabul qilishga ko‘ndirdi. Evaziga Britaniya hukumati blokadani urushning qonuniy vositasi sifatida tan olishda davom etishini va’da qiladi.

Blokada Konfederatsiyadan tashqari boshqa davlatlar iqtisodiga ham katta ta’sir o‘tkazadi. Masalan, janub bozorlari yopilishi oqibatida Buyuk Britaniya va Fransiyada janub paxtasiga bog‘liq bo‘lgan to‘qimachilik korxonalarida ishsizlik oshadi, Fransiyada vino, brendi va ipak ishlab chiqaruvchilar ham zarar ko‘radi. Rahbarlar esa bu vaziyat qo‘l kelishini, Yevropaliklar shimolga qarshi borishini taxmin qilishadi. Ammo, Buyuk Britaniya va Fransiya paxtaning yangi manbalarini Misr va Hindistondan topishadi va bu muammolarga betaraf qolishadi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Henry Jon Templ Konfederatsiyaga hamdard bo‘lsa-da, mamlakat ichidagi qullikka qarshi kayfiyat sababli qo‘llab-quvvatlash uchun keskin choralar ko‘rolmagan. Fransiya Prezidenti Napaleon III ham Konfederatsiyaga ijobiy qaraydi. Ammo Buyuk Britaniya bilan birgalikda siyosat yuritishni xohlagani uchun betaraflikni saqlab qoladi.

1865-yil 13-15-yanvar kunlari Ittifoq qo‘shinlarining Konfederatsiya istehkomi Fort Fisherni qo‘lga olinishi bilan fuqarolar urushi ham, blokada ham o‘z nihoyasiga yetdi.

Hozirda Fort Fisher davlat tarixiy maskaniga aylantirilgan. U yerda rekonstruksiya qilingan mudofaa devorlari va muzey mavjud.

Germaniya blokadasi

Antanta davlatlari Birinchi Jahon urushi davrida Germaniyani blokadaga olishadi. Bundan maqsad Germaniya, Avstriya-Vengriya va Usmonli imperiyasiga dengiz orqali tovarlar yetkazib berishni cheklash edi. Bu qamal Birinchi Jahon urushi g‘alabasida muhim omillardan biriga aylangan. Metall rudalari va neft kabi strategik materiallar ta’minotining cheklanishi garchi ular boshqa manbalar yoki o‘rnini bosuvchi vositalarni topishga harakat qilgan bo‘lsalar ham Markaziy davlatlarning urush olib borish qobiliyatiga jiddiy zarar yetkazdi.

1918-yil dekabr oyida Germaniya Sog‘liqni saqlash kengashi blokada oqibatida ocharchilik va kasalliklardan 763 000 nafar nemis tinch aholisi vafot etganini ma’lum qildi. 1928-yilda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot bu raqamni 424 000 deb baholagan, zamonaviy olimlar esa shunga yaqin yoki undan pastroq ko‘rsatkichlarni keltiradilar, bunda Ispan grippi tufayli yuzaga kelgan o‘limlarni aniq ajratish qiyinligini ta’kidlaydilar. 1919-yilda ya’ni sulh tuzilganidan keyin ham blokada davom ettirilgani sababli, yana taxminan 100 000 kishi vafot etgan bo‘lishi mumkin.

1912-yilga kelib torpedo qayiqlari, minalar, qirg‘oq artilleriyasi va suvosti kemalari kabi dengiz texnologiyalaridagi rivojlanish blokada kemalari xavf ostida qolishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Shu sababli 1914-yil iyuliga kelib britaniyaliklar Germaniya bilan urush yuz bergan taqdirda Atlantika okeaniga Shimoliy dengiz orqali kirishni nazorat qiluvchi “uzoq masofali blokada” eng maqbul strategiya degan qarorga kelishdi.

Britaniya qirollik floti Germaniyaning Shimoliy dengizidagi barcha chiqish yo‘llarini yopib qo‘yadi. Blokada natijasida Germaniyada oziq-ovqat mahsulotlari keskin kamayib ketgan. Bu davr tarixda Sholg‘om qishi (Steckrübenwinter) nomi bilan qolgan, chunki odamlar go‘sht va non o‘rniga chorva uchun mo‘ljallangan sholg‘om yeyishga majbur bo‘lishgan.

Leningrad qamali

1941-yilning sentyabr oyidan urush tugagunga qadar nemis fashist qo‘shinlarining Shimoliy Armiya guruhi sovet qo‘shinlari qarshiligini yengib, Leningrad shahri atrofiga va Ladoga ko‘li sohiliga chiqib shaharni mamlakat ichkarisidan ajratib qo‘yishgan. Shimoliy Armiya guruhi taxminan 500 ming askardan tashkil topgan va unga U. Ritter fon Leeb qo‘mondonlik qilgan edi. Adolf Gitler agar Moskva va Leningradni qo‘lga kiritsa SSSRni qulashiga ishonardi.

1943 yil 12-yanvar kuni Leningrad qamalini yorib o‘tishga qaratilgan Uchqun operatsiyasi boshlangan. Leningrad va Volxovo frontlari qo‘shinlari Ladoga ko‘li janubidagi nemislar qismini tor-mor etgan. 1943 yil 18-yanvar kuni qamal yorib o‘tilgan Biroq, bir yildan so‘ng, 1944-yil 27-yanvarida shahar qamaldan to‘liq ozod etilgan. Leningrad qamali 872 kun davom etgan. Turli manbalarda 300 mingdan 1,5 milliongacha odam halok bo‘lgani haqida yozilgan. Ularning 97 foizi ochlikdan nobud bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, qamalda qolgan Leningraddan 5000 dan ortiq bolalar, zavodlar, universitetlar, ilmiy muassasalar Toshkentga evakuatsiya qilingan.