$
 12938.11
18.11
 14076.66
-25.52
 149.99
0.47
weather
+26
Кечаси   +14°

Rossiyada noqonuniy yashayotgan o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

Migrant

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti 2024-yil 30-dekabrdagi №1126-sonli farmoniga muvofiq, joriy yilning 5-fevralidan Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan yuritiladigan “Nazorat qilinadigan shaxslar reyestri” ishga tushdi. Ushbu reyestrga migratsiya qonunchiligini buzgan chet el fuqarolari kiritilgan bo‘lib, ular Rossiyada qator huquqlardan mahrum qilinadi

Rossiya hukumati 2025-yil 1-yanvardan 30-aprelgacha ushbu ro‘yxatga tushgan fuqarolarga o‘z huquqiy maqomlarini hal qilish imkoniyatini bermoqda. Bu muddat ichida ular Rossiya Ichki ishlar vazirligining tegishli organlariga yoki “Saxarovo” migratsiya markaziga murojaat qilishlari shart.  

Amnistiya muddati va qo‘llaniladigan cheklovlar 

Rossiya hukumati tomonidan e’lon qilingan “Amnistiya” davri 2025-yil 30-aprelgacha davom etadi. Ushbu muddat ichida “nazorat qilinadigan shaxslar reyestri”ga tushgan chet el fuqarolariga nisbatan Rossiyadan majburan chiqarib yuborish, maxsus saqlash muassasalariga joylashtirish yoki kelajakda mamlakatga kirishni taqiqlash kabi choralarga qo‘llanilmaydi.  

Biroq, ushbu reyestrga kiritilgan shaxslar qator huquqlardan mahrum bo‘ladilar. Ular ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotib olish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatidan ayriladilar. Shuningdek, nikoh tuzish, yuridik shaxs yoki firma tashkil etish va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish huquqi ham ularga berilmaydi. Bank hisob raqamlari ochish va bank operatsiyalarini amalga oshirish hamda transport vositalarini boshqarish ham reestrda bo‘lgan fuqarolar uchun taqiqlanadi.  

Bundan tashqari, Rossiya hududida noqonuniy yashayotgan voyaga yetmagan chet el fuqarolari maktab va bolalar bog‘chalariga qabul qilinmaydi. Shu sababli, mamlakatda yashayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar salbiy oqibatlarning oldini olish uchun o‘z huquqiy maqomini rasmiylashtirishlari lozim. 

O‘zbekiston elchixonasining ogohlantirishi 

O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi mamlakat hududida noqonuniy maqomda bo‘lib turgan fuqarolarni huquqiy holatini tezroq hal qilishga chaqiradi. Salbiy oqibatlarning oldini olish uchun, fuqarolar o‘z yashash maqomini rasmiylashtirishlari, Rossiya Ichki ishlar vazirligi yoki tegishli muassasalarga murojaat qilishlari hamda huquqiy maqomini rasmiy ravishda tekshirishlari tavsiya etiladi.