$
 12073.42
-72.23
 14134.35
-134.36
 164.47
0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Microsoft AI markazi Keniyaga og‘irlik qildi: Markazni ishlatish uchun yarim mamlakatni o‘chirishga to‘g‘ri keladi

microsoft

Microsoft va Abu-Dabidagi G42 kompaniyasi Keniyada 1 milliard dollarlik sun’iy intellekt data markazi qurmoqchi edi. Lekin loyiha kutilmaganda to‘xtab qoldi. Sababi bu markaz shunchalik ko‘p elektr talab qiladiki, Keniya prezidenti hatto uni ishlatish uchun yarim mamlakatni elektrsiz qoldirishga to‘g‘ri kelishini aytdi.

Xo‘sh, AI texnologiyalari endi davlatlarning elektr tizimiga ham bosim qila boshladimi?

Microsoft Keniyada gigant AI markazi qurmoqchi edi

Loyiha ilk bor 2024-yilda Keniya prezidenti Uilyam Ruto AQShga tashrif buyurganida e’lon qilingandi. Rejaga ko‘ra, Microsoft va G42 Keniyaning Rift vodiysidagi Olkaria hududida geotermal energiyada ishlaydigan katta data markaz qurishi kerak edi. Markaz Microsoft Azure tizimi uchun Sharqiy Afrikadagi yangi cloud hududiga aylanishi rejalashtirilgan.

Birinchi bosqichda markaz 100 megavatt quvvat bilan ishlashi kerak edi va uni shu yil ishga tushirish rejalashtirilgan. Keyinchalik esa loyiha quvvati 1 gigavattgacha yetkazilishi ko‘zlangan.

“Yarim mamlakatni o‘chirishga to‘g‘ri keladi”

Keniya prezidenti aytgan gap hazil emas edi. Hozir mamlakatning umumiy elektr quvvati taxminan 3 ming megavatt atrofida. Eng yuqori iste’mol esa 2 444 megavattga yetgan.

Agar Microsoft markazi to‘liq 1 gigavatt quvvatda ishlasa, u butun mamlakat elektrining deyarli uchdan bir qismini ishlatib yuboradi. Hatto dastlabki 100 megavattning o‘zi ham Olkaria geotermal stansiyasining katta qismini band qilishi mumkin. Shu sabab hukumat va Microsoft o‘rtasida elektr hamda infratuzilma masalasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

Muzokaralar davom etmoqda

Keniya hukumati loyiha butunlay bekor qilinmaganini aytmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, hozircha markaz hajmini qanday tashkil qilish masalasi muhokama qilinyapti. Shu bilan birga, mahalliy EcoCloud kompaniyasi bilan 60 megavattli boshqa loyiha ham ko‘rib chiqilmoqda.

Bu Microsoft va G42’ning birgalikdagi ilk yirik loyihasi bo‘lishi kerak edi. Microsoft 2024-yilda G42’ga 1,5 milliard dollar investitsiya kiritganidan keyin hamkorlik boshlangan. O‘sha paytda Microsoft prezidenti Bred Smit bu loyihani “Keniya tarixidagi eng katta raqamli qadam” deb atagandi.

Qiziq tomoni, ayni paytda Huawei ham Keniyada faoliyatini kuchaytirmoqda. Kompaniya Safaricom bilan yangi internet xizmatini ishga tushirdi. Hozir Afrikada dunyo data markazlarining atigi 1 foizi joylashgan. Lekin AI rivojlanayotgani sari elektr muammosi butun dunyoda katta boshog‘riqqa aylanmoqda. Hatto AQShda ham bu yil rejalashtirilgan data markazlarining yarmiga yaqini elektr yetishmasligi sabab kechiktirilgan yoki bekor qilingan.

Теги :
Jamiyat