$
 12778.00
-9.03
 14012.35
-36.76
 131.58
-1.47
weather
+26
Кечаси   +14°

Metrodagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida bekatlarga yaqin korxonalarda ham ish vaqtini o‘zgartirish rejalashtirilmoqda

metro

2023-yilda Toshkent metropolitenining daromadi 477 mlrd. so‘mga yetgan. Bu haqda 9-sentyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida metropoliten bosh muhandisi Mirhokim Mirhusanov ma’lum qildi.

Poyezdlarning oraliq harakati necha daqiqani tashkil etadi?

Bundan tashqari, 2023-yilda 172 mln. kishiga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lib, joriy yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 209 mln. nafarni tashkil etishi kutilmoqda.

Bugungi kunda tig‘iz vaqtlarda poyezdlarning oraliq harakati tarkibi Chilonzor yo‘nalishida 1,5 daqiqa (2021-yilda — 5 daqiqa), O‘zbekiston yo‘nalishi — 3 daqiqa (6), Yunusobod yo‘nalishi — 4 daqiqa (11) hamda yer usti halqa yo‘nalishi 9 daqiqadan (12) iborat.

Toshkent metropolitenida kunlik yo‘lovchi hajmi qancha?

7-oktyabr holatiga ko‘ra, Toshkent metropolitenida kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 990 606 nafarni tashkil etadi. Shundan 48,2%i — 478 352 nafari Chilonzor yo‘nalishida harakatlanuvchi yo‘lovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston yo‘nalishida yo‘lovchilar harakati — 277 123 nafar, Yunusobod — 142 740 nafar hamda Yer usti halqa yo‘li — 92 391 nafar.

Eng yuqori yo‘lovchi oqimiga ega bekatlar

O‘z navbatida, bekatlar kesimida “Paxtakor” bekati eng yuqori yo‘lovchi oqimiga ega — kunlik yo‘lovchilar soni 77 272 nafar. Undan keyingi o‘rinlarda “Amir Temur Xiyoboni” (60 048 nafar) hamda “Chilonzor” (58 754 nafar) turibdi. Shuningdek, “Buyuk ipak yo‘li” bekatida yo‘lovchi oqimi 54 195 nafar, “Olmazor” bekatida esa 30 678 nafarni tashkil etmoqda.

Nima uchun metro vaqtlari bilan bog‘liq nosozliklar kuzatilyapti?

Mirhokim Mirhusanov yo‘nalishlardagi harakat tarkiblari bilan bog‘liq nosozliklar xizmat muddatini o‘tagan 21 ta eski harakat tarkiblari bilan sodir bo‘layotganini qayd etdi. Bundan tashqari, yo‘lovchilarning asosan 1- va 4- vagonga chiqishlari hamda eshik oldida tartibsiz turishlari vagondan tushuvchi va unga chiquvchilarga xalaqit berish holatlari ko‘p uchrayotgani aytildi. Bu ayrim harakat tarkiblarining belgilangan vaqt intervalidan ortda qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Toshkent metrosidagi tirbandliklarni qanday bartaraf etish mumkin?

Mirhusanov belgilangan tartibga amal qilish intervalni qisqa vaqt — 1,5 daqiqa ushlab turish imkonini berishini, tartibsizliklar esa uning 2−3 daqiqagacha cho‘zilishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. U bekatlardagi tirbandliklarni bartaraf etish maqsadida bir nechta takliflarni bildirdi. Birinchi navbatda, yo‘lovchilar nisbatan kam yo‘lovchi tashiladigan o‘ziga yaqin bekatlar orqali harakatlanishga chaqirilmoqda. OTMlardagi kabi Toshkentdagi metro bekatlariga yaqin joylashgan yirik ishlab chiqarish korxonalarida ham ish vaqti boshlanishini differensial tartibda tashkil etish ilgari surildi.

Metroga yaqin hududlarda ish vaqti ham moslashtirilishi kerak

“Ish va o‘qish vaqtlarini o‘zgartirish tig‘izlik va tirbandliklarni kamaytiradi”, — deya qo‘shimcha qildi Mirhokim Mirhusanov. Joriy o‘quv yilida poytaxtdagi metro bekatlariga yaqin 27 ta OTMlarda o‘qishning boshlanish vaqtlari o‘zgartirilgandi.

Toshkent metropoliteni Rejim xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Abdutohir Abduqodirov hukumat, Transport vazirligi hamda boshqa tashkilotlar bilan yirik korxonalarda ish boshlanishi vaqtini qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.

OTMlarda dars boshlanish vaqti o‘zgartirilgani ancha foyda berdi

“OTMlarda o‘qishning boshlanish vaqtini o‘zgartirganimiz ancha o‘zgarishlarni berdi. Toshkent shahrida ming, 10 ming nafar ishchi ishlaydigan korxonalar bor, ularning ayrimlarida ish vaqti 08:00 da boshlanadi. Ularning ham ish vaqtini ko‘rib chiqishni reja qilganmiz. Masalan, 8:00 da emas, 9:00 da qilish”, — dedi u.

2026-yilgacha Toshkent metropoliteniga 104 ta metro vagonlari olib kelinishi rejalashtirilmoqda. Natijada, yo‘nalishlarda poyezdlar oraliq intervali 2−3 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.