Poytaxtdagi “yarim asrlik muammo”lardan biri yechilish arafasida
Sayyohlar va o‘zbekistonliklar eng ko‘p e’tiroz bildiradigan muammolardan biri yechilish arafasida. Toshkent metropolitenining 9 ta metro bekatida hojatxona quriladi.
2 daqiqa o‘qiladi

6-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda metroning Chilonzor bekatida hojatini chiqargan odam videosi tarqalgan edi. Jamoatchilik ushbu hodisada odamlar ko‘z o‘ngida hojat qilgan fuqaroni emas, aksincha, salkam yarim asrdan buyon hech bir hojatxonasiz ishlayotgan metro rahbariyatini aybladi. Ushbu holat yuzasidan "Toshkent metropoliteni" DUK munosabat bildirarkan, videotasvirda aks etgan holat joriy yilning 27-sentyabr kuni sodir etilganini ma’lum qiladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham ayni video jamiyatdagi mavjuda, ammo qandaydir sabablar tufayli yechilmay kelayotgan muammolardan biriga oyna tutdi.
Metro bekatlarida ona va bola xonasi hamda hojatxona quriladi
Bugun, Toshkent metropoliteni matbuot xizmati yo‘lovchilar bilan gavjum bo‘lgan 9 ta metro bekatida ona va bola xonasi hamda hojatxona qurilishiga hozirlanayotganini ma’lum qildi.2022-yil yanvarda poytaxt metropolitenining “Chilonzor” bekatida sinov tariqasida ona va bola xonasi hamda hojatxona ishga tushirilgan edi. O‘shanda bu qurilish o‘zini oqlasa yana qurilishlar davom etishi ma’lum qilingandi. Biroq oradan ikki yil o‘tsa hamki vaziyat o‘zgarmay kelayotgandi.
Metropoliten axborot xizmati bayonoti
Metropoliten axborot xizmati xabarida “Bundan bir muddat oldin poytaxt metropolitenining “Chilonzor” bekatida sinov tariqasida ona va bola xonasi hamda hojatxona ishga tushirilgan. Yo‘lovchilar tomonidan ushbu qulaylik iliq kutib olingani va sinov jarayonlari o‘zini oqlaganligi sababli yana 9 ta metro bekatida ona va bola xonasi va hojatxona qurilishi rejalashtirilgan”i aytilmoqda. Rejadagi ishlar qachon yakunlanishi va metroda hojatxonalar faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilishi haqida xabarda ma’lum qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Toshkent metropoliteni 1977-yilda ochilgan. Avvalroq Metro bekatlarida hojatxonalar tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berilgandi. Mutasaddilar, bundan tashqari, 2025-yilda 10 ta metro bekatida havo aylantirish vositalari olib kelinishini aytgan edi. Tig‘izlik va tirbandliklarni kamaytirish uchun esa ish va o‘qish vaqtlarini o‘zgartirish taklif qilganini ta’kidlagandi.



