$
 12875.06
13.23
 13406.80
-90.4
 124.75
-0.72
weather
+26
Кечаси   +14°

Pokistondan soxtalashtirilgan sertifikat bilan bir partiya mandarin kirib keldi

Mandarin

Pokistondan O‘zbekistonga import bo‘lgan mahsulot uchun rasmiylashtirilgan 30 dan ortiq fitosanitar sertifikat qalbaki ekanligi aniqlandi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qishda sitrus mevaga bo‘lgan talab ortadi

Qayd etilishicha, har yili qish mavsumida respublikada sitrus mevalariga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib, mazkur turdagi mahsulotlarning import hajmi ortadi. Mevalarning katta qismi O‘zbekistonga Pokistondan import qilinadi. Tabiiyki, olib kirilgan karantin ostidagi mahsulotlar karantin nazoratidan o‘tkaziladi.

26 ta transportda zararlangan mandarin kirib keldi

Bir necha kun avval “Ayrtom” chegara o‘tkazish punkti orqali 26 ta transport birligida Pokistondan olib kirilgan mandarin partiyasida karantinosti zararkunanda borligi ma’lum bo‘ldi. Mahsulotlardan namunalar olinib, agentlikning Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertiza o‘tkazildi. Tahlil natijasida import mevada “Qizil pomeranes” qalqondori mavjudligi aniqlandi.

Hasharot ko‘proq qaysi mevalarda uchraydi?

Mazkur turdagi hasharot limon, xurmo, anjir, olma, olxo‘ri, zaytun, uzum kabi o‘simliklarning shirasi bilan oziqlanib, ularning hosildorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Asosan Pokiston, Afg‘oniston, Jazoir, Angola, Gvineya, Misr, Tanzaniya, Janubiy Afrika hududida tarqalgan.

Pokiston tomoni sertifikat rasmiylashtirilmaganini ta’kidlamoqda

Holatga oydinlik kiritish maqsadida Karantin agentligi Pokiston karantin xizmati bilan bog‘langanda Pokiston tomoni dekabr oyida O‘zbekistonga mandarin eksporti uchun fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirib berilmaganini bildirgan.

Agentlik xabarida aytilishicha, O‘zbekiston va Pokiston milliy karantin xizmatlari o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Qalbaki sertifikatlar mazkur elektron tizim orqali ham tekshirildi va fitosanitariya sertifikatlari qalbaki bo‘lgani aniqlandi.

Теги :
Jamiyat