$
 12625.01
-48.93
 14006.19
-107.51
 138.11
-0.54
weather
+26
Кечаси   +14°

102 ming dollarlik loyiha: Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi yangi sayt va mobil ilova yaratadi

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “qadriyatim.uz”, “tanlov.manaviyat.uz” sayti va mobil ilovasini yaratish xizmati uchun 1,3 milliard so‘mlik (102 ming dollar) tender o‘tkazdi. Bu haqda etender.uzex.uz platformasida maʼlum qilingan.

Ajratilgan mablag‘ nimaga sarflanadi?

Platformaga joylangan, markaz direktori Otabek Hasanov imzolagan hujjatda yozilishicha, mazkur mablag‘ dasturiy taʼminot va mahsulotlar ishlab chiqish, axborot texnologiyalari sohasida konsalting xizmatlariga sarflanadi.

Tender joriy yil 1-iyuldan 8-iyulgacha o‘tkazilgan va bir yillik bayonnoma rasmiylashtirilgan.

“Milliy qadriyatlar atlasi” veb-sayti va mobil ilovasi

Saytga joylangan maʼlumotda loyihaning to‘liq nomi “Milliy qadriyatlar atlasi” veb-sayti va mobil ilovasi ekani yozilgan. Sayt va mobil ilova 2024-yil 21-fevraldagi prezident farmonining “jamiyatda zamonaviy bilimlarni oshirishga qaratilgan qiziqarli test savollarini o‘z ichiga olgan yutuqli o‘yin va viktorinalarning maxsus tizimini, ularning mobil ilovasini yaratish” bandi asosida yaratiladi. Shu bilan birga, davlat rahbarining 2023-yil 22-dekabrda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi kengaytirilgan yig‘ilishida bergan topshiriqlari asos sifatida keltirilgan.

Loyihaning maqsadi

Qayd etilishicha, loyiha maqsadi — o‘zbek milliy urf-odatlari, marosimlari, bayramlari, xalq o‘yinlari kabi qadriyatlar to‘g‘risida to‘liq maʼlumot berish hamda ularni ommalashtirish. Sayt va ilovaga jamiyatda zamonaviy bilimlarni oshirishga qaratilgan qiziqarli test (tarixiy, maʼnaviy, ijtimoiy, siyosiy va h.k.) savollarini o‘z ichiga olgan yutuqli o‘yin va viktorinalar joylanadi.

“Manfaatdor idoralar bilan birga “Eng yaxshi tasviriy sanʼat asari”, “Eng yaxshi videorolik”, “Eng yaxshi audiorolik”, “Eng yaxshi giflar turkumi”, “Eng yaxshi layfxak”, “Eng yaxshi vaynlar turkumi”, “Eng yaxshi Telegram kanali”, “Eng yaxshi Facebook sahifasi” va “Eng yaxshi YouTube kanali” tanlovlari o‘tkaziladi”, – deyiladi loyiha haqidagi axborotda.

E’tirozlarga sabab bo‘lgan “Onlayn Mahalla” axborot tizimi

O‘zbekistonda vazirlik va idoralar tomonidan sayt yaratish uchun sarflanadigan yirik mablag‘lar jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lib keladi. Masalan, 2022-yil noyabrda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi 8,4 milliard so‘m evaziga “Onlayn Mahalla” axborot tizimini yaratishni buyurtma qilgandi. Mazkur buyurtma tender o‘tkazilmasdan amalga oshirilgani jamoatchilik eʼtirozlariga sabab bo‘lgan. Antimonopoliya qo‘mitasi holat yuzasidan izoh berarkan, ushbu buyurtma “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 71-moddasiga asosan qonuniy ekanini maʼlum qilgan.

Теги :
Жамият