O‘zbekistondan eksport yuklarni tashishga talab 48 foizga o‘sdi
Import yuk tashishlarda esa pasayish kuzatildi – buyurtmalar soni 4 foizga, narxlar 3 foizga kamaydi.
2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil davomida ATI.SU birjasida Oʻzbekistondan eksport yuklarini tashish boʻyicha arizalar soni 48 foizga oshdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Yuk tashishga talabni Rossiya ta’minladi
Kompaniya hisob-kitoblariga koʻra, mamlakatdan yuklarni yetkazib berish narxlari 6 foizga oshdi.
Koʻp jihatdan eksport yuk tashishga talabni Rossiya ta’minladi, u buyurtmalarning umumiy soni boʻyicha yetakchilik qilmoqda. Bu yoʻnalishda birja foydalanuvchilarining faolligi 56 foizga oʻsdi.
Bundan tashqari, Belarus va Qozogʻistonga yuk tashishga boʻlgan talab mos ravishda 85 foiz va 67 foizga oshdi.
Import yuk tashishda pasayish
Import yuk tashishlarda esa pasayish kuzatildi – buyurtmalar soni 4 foizga, narxlar 3 foizga kamaydi. Rossiyadan yuk tashish talabining 10 foizga qisqarishi bu jarayonga ta’sir koʻrsatdi, ammo Belarus, Qozogʻiston va Qirgʻizistondan yuk tashish faolligi oʻsib, bozorni barqaror saqladi.
Shuningdek, ichki yuk tashishlar boʻyicha buyurtmalar 66 foizga oshdi. Bu oʻsish mamlakatda zamonaviy yuk tashish platformalarining rivoji bilan bogʻliq.
Temir yo‘lda yuk tashish
2024-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston magistral temir yo‘l transporti tomonidan 73,9 mln. tonna yuk tashilgan.
Yuk aylanmasi 2023-yilga nisbatan 0,3 foizga ortgan. Besh yil ichida u deyarli 4,7 foizga oshdi. 2024-yilning birinchi yarim yilligi oxirida temir yo‘l transporti yuk aylanmasida eng katta ulush ruda, ko‘mir, neft va neft mahsulotlarini tashish hissasiga to‘g‘ri keldi.



