$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Litva Davlat xavfsizlik departamenti xavotirda: Markaziy Osiyolik muhojirlar oqimi keskin oshdi

dxd

Litvaning turli OAVlarida davlat xavfsizlik departamenti markaziy osiyolik migrantlar ko‘payganidan xavotirlanayotgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda.

Jumladan, LNK telekanali axborot xizmati Davlat xavfsizlik departamenti (DXD) rahbari Darius Yaunishkis bilan intervyu tashkil qildi va suhbatda amaldor mamlakatda Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar sonining ko‘payganidan xavotir bildirgan.

“Biz 2021-yildan boshlab Markaziy Osiyodan muhojirlar oqimining 14 baravarga oshganini kuzatmoqdamiz. Bu mintaqadan kelayotgan musulmon aholi radikallashuvga moyilligi tufayli ma’lum bir xavotir uyg‘otmoqda”, – dedi Darius Yaunishkis.

Departament markaziy osiyoliklarni tekshirishga ulgurmayapti

Mansabdorning so‘zlariga ko‘ra, idora barcha kelayotgan muhojirlarni tekshirishga ulgurmayapti, bu esa razvedka va terrorizmga qarshi kurash sohasida jiddiy xavflarni keltirib chiqarmoqda.

“Hozircha biz ertaga yoki bugun yuzaga keladigan tahdidni ko‘rmayapmiz, lekin radikallashuv tendensiyasini kuzatyapmiz, bu antisemit va Gʻarbga qarshi kayfiyatlar bilan hamroh bo‘lmoqda”, – ta’kidladi u.

Shuningdek, Yaunishkis xavfsizlik departamenti joriy va o‘tgan yillarda terrorizm bilan bog‘liq to‘rt kishini aniqlab, ularga yashash huquqini beruvchi hujjat bermaslik va mamlakatga kirishni taqiqlashni tavsiya qilganini aytdi.

O‘zbek va tojik diasporasi

Migratsiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 1-oktyabr holatiga ko‘ra Litvada 10,6 ming O‘zbekiston fuqarosi istiqomat qilmoqda (yil boshida 8,2 ming va 2022-yil boshida 998 kishi bo‘lgan), bu o‘zbeklarni mamlakatdagi to‘rtinchi yirik xorijiy diasporaga aylantirgan. Tojik diasporasi ham to‘qqiz oy ichida 5,7 mingdan 7,2 mingga o‘sgan.

Eng ko‘p migrantlar Ukrainadan kelgan

Eng katta xorijiy diaspora ukrainlar bo‘lib, ularning soni 77,5 ming kishini tashkil qiladi, ulardan keyin beloruslar (61,3 ming kishi) va rossiyaliklar (15,3 ming kishi) keladi. Umuman olganda, Litvada yashash uchun ruxsat olgan deyarli 222 ming xorijiy fuqaro mavjud.

“Raqamlardan bu qadar xavotirlanishga hojat yo‘q”

Litva Davlat xavfsizlik departamenti (DXD) rahbarining 2021-yildan buyon Markaziy Osiyodan muhojirlar soni 14 baravar oshgani haqidagi bayonotidan so‘ng, bosh vazir Ingrida Shimonite bu katta o‘sishga qaramay, ularning umumiy soni hali ham ozligini ta’kidladi.

“Shubhasiz, mehnat bozorining ehtiyojlari avval Ukraina va Belarusdan kelgan muhojirlar hisobiga qondirilgan edi, lekin urush boshlanishi bilan ukrainalik erkaklar frontga ketdilar. Bu ishchi kuchining tuzilishiga ta’sir qildi va bizning biznes Markaziy Osiyodan muhojirlar hisobiga bu tanqislikni qoplay boshladi. Ular soni juda oz bo‘lganidan, bu ko‘payish ro‘y berdi”, – dedi Shimonite payshanba kuni Ziniu radijas radiostansiyasiga bergan intervyusida.

“Ehtimol, DXD rahbari bu raqamlardan bunchalik xavotirlanmasligi kerakdir, chunki ta’sirli o‘sishga qaramay, muhojirlarning umumiy soni hali ham kamligicha qolmoqda”, – qo‘shimcha qildi bosh vazir.

Vaqtinchalik yashash guvohnomasiga ega uchinchi davlat fuqarolari soni

Shimonite, shuningdek, yil boshidan 1-oktyabrgacha Litvada vaqtinchalik yashash guvohnomasiga ega uchinchi davlat fuqarolarining soni faqat bir necha yuz kishiga oshganini ta’kidladi.

“Haqiqatan ham muammolar yuzaga kelgan, lekin ularning bir qismi yangi qonunlar yordamida hal qilindi. Ishonchim komil, 2025-yildan uchinchi davlatlardan ishchilar uchun kvotalar joriy etilishi bilan biz bu masalani qo‘shimcha tartibga sola olamiz”, – dedi bosh vazir.

Yaunishkisning “byudjetga nisbatan pozitsiya”si

Shimonitening fikriga ko‘ra, Yaunishkisning bayonotlari “byudjetga nisbatan pozitsiya” sifatida ham qaralishi mumkin.

“Yaqinda u Belarusdan kelgan muhojirlar haqida shunday fikrlarni bildirgan edi, endilikda esa Markaziy Osiyodan kelganlar haqida. Turli odamlar kelishi mumkinligini inkor etmayman, lekin DXD hech qachon hushyorlikni yo‘qotib, hech narsa qilmaydigan vaziyat bo‘lmaydi”, – dedi Shimonite.

Shuningdek, “Bizda Litva Respublikasining davlatchiligi, mustaqilligi va suverenitetiga nisbatan jiddiy xavotirlarga sabab bo‘luvchi fuqarolar bor”, – deya qo‘shimcha qildi u.