Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 75 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +6°

Tadqiqot: uyda bolalar adabiyotlari mavjudligi farzandlaringizning aqliy rivojlanishini oshiradi

O‘zbekistonda uyida kamida bitta adabiyot bo‘lgan bolalar ulushi 73,6 foizni, uyida 10 dan ortiq kitob bor bo‘lgan bolalar ulushi 13,9 foizni tashkil etadi. Bolalarning 26,4 foizi uyida ular uchun mo‘ljallangan kitoblar yo‘q.

4 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: uyda bolalar adabiyotlari mavjudligi farzandlaringizning aqliy rivojlanishini oshiradi

Har yili dunyoda 249 million nafarga yaqin bola muayyan resurslar yetarli bo‘lmagani oqibatida rivojlanishdan orqada qolmoqda. Kognitiv va ijtimoiy-emotsional qobiliyatni rivojlantirish maqsadida yoshlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar kelajakdagi iqtisodiy samaradorlikning poydevorini yaratadi. Bola 3-5 yosh oralig‘ida bo‘lgan paytda uning miyasida neyronlar shakllanadi. Shu bois davlat ijtimoiy dasturlarida aynan mazkur yoshdagi bolalarga alohida e’tibor qaratish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Bolangizga kitob o‘qib berasizmi?

Uyda bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlarning mavjudligi tarbiyachi va bolalarning o‘zaro munosabatlarini rivojlantiradi hamda bolalarning umumiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi. Bu ko‘plab tadqiqotlarda o‘z isbotini topgan bo‘lsada, O‘zbekiston sharoitida uning ta’sirini tekshirish maqsadga muvofiq. 

Shu boisdan Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti O‘zbekistonda 3-5 yosh oralig‘idagi farzandlari bor oilalarda bolalar adabiyotinning mavjudligi va savodxonlik-hisoblash qobiliyatining rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi. Bog‘liqlikni tekshirish kitoblar sonidan tashqari bir qancha omillarga asoslangan. Xususan: oila a’zolarining bolaga kitob o‘qib berishi, onaning ta’lim darajasi va oilaning moliyaviy holati.

Empirik tahlillar natijasi O‘zbekistondagi oilalarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar sonining 1 birlikka oshishi ularning savodxonlik-hisoblash ko‘nikmalarining normal rivojlanganlik darajasida bo‘lish ehtimolini taxminan 12,39 foizga oshirishini, oilasida kimdir kitob o‘qib bergan bolalarning me’yordagi aqliy rivojlanish darajasiga ega bo‘lish ehtimoli kitob o‘qilmagan oiladagi bolanikiga nisbatan taxminan 1,949 baravar yuqori bo‘lishini ko‘rsatdi.  

Tadqiqotlar nima deydi?

Lerl va boshqalarning (2012) tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, ota-onalarning farzandlari bilan birgalikda kitob o‘qishi ularda kognitiv qobiliyatning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va iqtisodiy jihatdan samarali hisoblanadi. Kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqot (Opel A. va boshq., 2009) ham kitoblar bolalarning o‘zini namoyon etishi va kelajakdagi aqliy rivojlanish darajasi (IQ) ga ijobiy ta’sir qilishini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, tadqiqotlarda ota-onalar saviyasi bolalarning savodxonligi va hisoblash qobiliyatiga ta’sir qilishi mumkinligi (Senechal va boshq., 2002), kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda bolalar uchun mo‘ljallangan zarur dasturlarning yo‘qligi ularning aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir etishi mumkinligi qayd etilgan (Heckman, 2006). L.Vigotskiyning (1978) tadqiqotlarida oilalarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarning mavjudligi kambag‘al mamlakatlarda boy mamlakatlardagiga qaraganda ko‘proq ijobiy natija berishi mumkin, deb e’tirof etiladi.

Bu qanday aniqlandi?

MHTI mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda ma’lumotlar bazasi sifatida YUNICEF tomonidan 2021-2022-yillarda O‘zbekistonning barcha viloyatlarini qamrab olgan Ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqoti (MICS) ma’lumotlari olindi. Tadqiqotda qo‘llanilgan omillarning o‘zaro mos tushuvchi ko‘rsatkichlar qatori ajratib olganidan so‘ng 758 ta kuzatuvga ega tahlil bazasi shakllantirildi.

Bunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti metodologiyasi asosida ishlab chiqilgan savodxonlik-hisoblash indeksi (SHI) asosiy erkin o‘zgaruvchi qilib olinadi. Mazkur indeks so‘rovnoma orqali 3-5 yosh oralig‘idagi bolalarga berilgan quyidagi 3 ta savol asosida shakllantirildi:

1. Alifbodan kamida beshta harfni tanib olishi;

2. Birdan beshgacha raqamlarni bilishi;

3. O‘z ismini yoza olishi.

Bolalarning 26,4 foizi uyida ular uchun mo‘ljallangan kitoblar yo‘q

Tahlilga ko‘ra, O‘zbekistonda uyida kamida bitta adabiyot bo‘lgan bolalar ulushi 73,6 foizni, uyida 10 dan ortiq kitob bor bo‘lgan bolalar ulushi 13,9 foizni tashkil etadi. Biroq, bolalarning 26,4 foizi uyida ular uchun mo‘ljallangan kitoblar yo‘q. Shu bilan birga, so‘rovnoma bolalarning deyarli 35 foizida SHI indeksi me’yorda ekanligini ko‘rsatdi.

Hukumat qanday siyosat qo‘llashi kerak?

Tadqiqot natijalaridan ko‘rinib turibdiki, oilalarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarning miqdori va oila a’zolarining kitobxonlik odati O‘zbekistonda bolalardagi savodxonligi-hisoblash ko‘nikmasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu tadqiqot natijalariga asoslanib, hukumat kuchli inson kapitali bilan yuqori intellektual millatni ko‘tarish uchun muayyan siyosatni qo‘llashi mumkin.

Jumladan, yosh bolali oilalarga qaratilgan erta savodxonlik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda yuqorida aniqlangan bog‘liqlikni nazarda tutish maqsadga muvofiq. Mavjud ona va bola salomatligi dasturlariga o‘qishni targ‘ib qilishni qo‘shish, ota-onalarga bolalarni erta yoshdan o‘qita boshlashning muhimligi haqida ma’lumot berish lozim. 

Bunda keng auditoriyani qamrab olish uchun turli media kanallardan, shu jumladan televidenie, radio va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish mumkin. Bundan tashqari kitob sotib olish uchun subsidiyalar, chegirmalar berish uchun noshirlar bilan hamkorlik qilish yoki jamoat kutubxonalarini tashkil etish taklif etiladi.

Xulosa qilib aytganda, bolalarning yoshlik chog‘idan adabiyot bilan ta’minlanishiga e’tibor qaratish kelajakda ularning aqlan yetuk inson sifatida kamol topishi, nafaqat o‘zlarining iqtisodiy istiqboli, balki butun mamlakatning iqtisodiy jihatdan rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.