$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Shifoxonadagi nosoz liftning qurboni

Lift fojialari

Qarshi shahridagi shifoxonaning lift shaxtasidan 36 yoshli ayolning jasadi topildi. Orastabon bo‘lib ishlovchi bu ayol, taxminlarga ko‘ra, lift nosozligi sababli shaxtaga tushib ketgan.

Lift nosoz bo‘lgan

3-avgust kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo filialiga qarashli eski temiryo‘l shifoxonasidagi lift shaxtasidan xodimning jasadi topildi. Bu haqda MY5 telekanalining “Markaziy studiya” ko‘rsatuvida xabar berildi. Ma’lum qilinishicha, Qarshi tumanida yashovchi 36 yoshli ayol 8 yildan buyon shifoxonada orastabon bo‘lib ishlagan. U tushga yaqin binodagi liftdan foydalanish paytida uning eshigini ochgan. Taxminlarga ko‘ra, shu paytda lift nosozligi sababli ayol shaxtaga tushib ketgan.

Ayol jasadi 20 soat o‘tgandan keyin topilgan

Shundan so‘ng, shifokorlar oradan bir necha soat o‘tganidan so‘ng orastabon ko‘rinmay qolgani sababli shu shifoxonada ishlaydigan singlisiga aytishgan va uni izlashgan. Natija bo‘lmagach, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishgan. 20 soat vaqt o‘tgandan so‘ng, 4-avgust kuni ayol lift shaxtasidan topilgan. Shundan so‘ng, liftdan foydalanish cheklab qo‘yilgan. “Qachonki og‘ir bemorlarga yoki og‘ir biror narsani olib chiqishga muhtojlik bo‘lganida doimiy ravishda liftyorning o‘zi ishlatib yordam qilib kelgan. Uning ishlashi liftyorning nazoratida bo‘lgan”, — deydi shifokorlardan biri. Qo‘shnilarining so‘zlariga qaraganda, marhumning 3 nafar farzandi bo‘lgan, turmush o‘rtog‘i ishlash uchun Rossiyaga ketgan. Ayni paytda holat yuzasidan Qarshi shahar IIB tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

O‘tgan yili Toshkentda ham shunga o‘xshash voqea bo‘lgandi

Shuningdek, o‘tgan yili Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 32 yoshli ayol liftda qamalib, vafot etgani xabar qilingandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda odam o‘limi bilan yakunlangan ushbu ko‘ngilsizlikka elektr energiyasi ta’minotidagi doimiy uzilishlar sabab qilib ko‘rsatilgandi. “O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘ldiki, aynan o‘sha kunlarda elektr energiyasida uzilishlar bo‘lmagan. Buni dispetcherlik xizmatining avariyaviy o‘chishlarni qayd etish jurnalida ham ko‘rish mumkin. Holatga sabab bo‘lgan narsa esa liftdagi nosozlik. Aholi ham buni tasdiqlab turibdi”, — degan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati rahbar Faxriddin Nuraliyev. Uning aytishicha, xonadonlar yangi bo‘lgani bois liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi shirkatlar hali tuzilmagan.

Ayol lift ichida 4 kun qolib ketgan

Mas’ullarning xabar berishicha, ayol bu turar joyda yashamagan, u Yashnobod tumanida istiqomat qilgan. Marhuma pochta ta’minotida faoliyat olib borgan, 24-iyul sanasida xizmat yuzasidan ushbu uyga kelgan. Shu yerdagi aholi hamda mas’ullarning qo‘shimcha qilishicha, ayol xizmat yuzasidan lift orqali 8-qavatga ko‘tarilish chog‘ida nosozlik yuzaga kelgan. Marhuma taxminan 4 kun davomida lift ichida qamalib qolgan. 27-iyul kuni esa uning jasadi topilgan.