Rossiya Tashqi ishlar vaziri: AQSh Markaziy Osiyoda harbiy infratuzilma joylashtirish uchun turli bahonalar o‘ylab topishga harakat qilmoqda
Yevroosiyo xavfsizligi bo‘yicha II Minsk konferensiyasida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning asosiy bayonoti tinglandi.
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroosiyo xavfsizligi bo‘yicha II Minsk konferensiyasida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning asosiy bayonoti tinglandi.
Rossiya TIV vazirining bayonoti
Vazir o‘z bayonotida Ukraina mojarosi “durang” natija bilan hal bo‘lmasligi, chunki bu natija tomonlar manfaatini ishonchli ta’minlay olmasligini ta’kidladi. “Zelenskiyning AQShdan “Tomagavk” raketalarini so‘rashi Vashingtonni hayratga solganidan bizning xabarimiz bor. Zelenskiy har safar AQShni Rossiyaga qarshi urushga tortmoqchi bo‘lganida, Qo‘shma Shtatlar uning “qo‘liga uradi”. G‘arb yordamida ilgari surilgan Zelenskiyning “tinchlik formulasi” ahmoqona, uning “g‘alaba rejasi” esa – shizofreniya”, — deydi vazir. Shuningdek, u AQSh Markaziy Osiyoda harbiy infratuzilma joylashtirish uchun turli bahonalar o‘ylab topishga harakat qilayotgani haqida ham gapirgan. Lavrovning fikricha, Yevrosiyoda yangi xavfsizlik arxitekturasini tashkil qilishda eshiklar G‘arb uchun yopiq emas, lekin muloqot faqat tenglik asosida bo‘lishi mumkin.
Qoldirilgan tashrif
Avvalroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning ma’lum qilishicha, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov joriy yilning 28—29-oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishi va u Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinishi rejalashtirilayotgandi. 26-oktyabr kuni Lavrov O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan telefon suhbatida tashrif rejalari o‘zgargani sababli, 28—29-oktyabrga mo‘ljallangan Toshkentga safarini boshqa muddatga ko‘chirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham rossiyalik mavqe’doshi bilan telefonda gaplashganini va bo‘lajak tadbirlar jadvalini muhokama qilganini tasdiqlagan.
Tashrif maqsadi
Rossiya TIV rasmiy vakili Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar davomida asosiy e’tibor Rossiya-O‘zbekiston hamkorligini yanada chuqurlashtirish va rivojlantirishga qaratiladi, xususan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 2024-yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu nuqtayi nazardan, ikki tomonlama kun tartibi, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.



