Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 66 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +6°

Milliy xavfsizlik rahbari xodimlariga o‘zi oilasi bilan gaplashmaslikni buyurdi

Mansabdor hukumatda urug’chilik tizimiga yo‘l qo‘yilmasligi tarafdori ekanligini ta’kidlagan.

2 daqiqa o‘qiladi

Milliy xavfsizlik rahbari xodimlariga o‘zi oilasi bilan gaplashmaslikni buyurdi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev o‘z xodimlariga oila a’zolari bilan gaplashishni taqiqladi. U lavozimni o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida suiiste’mol qilmasligini va hukumatda urug’chilik tizimiga yo‘l qo‘yilmaslik tarafdori ekanligini ma’lum qilgan.

 Oila a’zolarim va farzandlarim bilan telefonda gaplashsangiz ham, javobgarlikka tortilasiz

 Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev idora xodimlari va boshqa davlat xizmatchilarini farzandlari hamda qarindoshlarining topshiriqlarini bajarmaslikka chaqirdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Tashiyev Qizil-Qiya shahridagi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining yangi binosi ochilishida so‘zga chiqib, davlat xizmatchilaridan birortasi uning yaqinlari bilan aloqaga chiqsa, ularga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishidan ogohlantirdi.

“Oila a’zolarim va farzandlarim bilan telefonda gaplashsangiz ham, javobgarlikka tortilasiz. Siz ularning talablari yoki ko‘rsatmalarini bajarishga majbur emassiz. Men o‘z shaxsiy ishimni lavozimim yordamida hal qilmayman va hech qachon yaqinlarimning muammolarini hal qilish bo‘yicha topshiriq bermaganman va bermayman ham,” degan Qamchibek Tashiyev.

Qirg’izistonda avval urug’chilik boshqaruvi mavjud bo‘lgan

Shuningdek, u Qirg‘izistonda avvalgi hokimiyat davrida oilaviy-klan (urug‘chilik) boshqaruvi mavjudligini eslatib o‘tdi.

“Mamlakatning mahalliy rahbariyati davlat ishiga aralashdi va kelajakda bunday bo‘lmasligi kerak,” degan u.

 Qonun yo‘lida o‘z yaqinlarini ham ayamagan

Tashiyevning so‘zlariga qaraganda, uning alohida yirik miqdordagi firibgarlikda gumonlanib hibsga olingan qaynog‘asi uch oydan beri tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

“U yuqori lavozimda ishlagan, politsiya polkovnigi edi. Ammo u mening nomim bilan ortimga yashirinib, noqonuniy ishlarga qo‘l urgan va hozir qamoqda. U jabrlanuvchilarga pul to‘laydi, qonun doirasida o‘z jazosini oladi va shundan keyingina ozodlikka chiqadi,” deydi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.