$
 11772.95
-35.81
€
 13224.55
-179.57
₽
 141.14
-1.02
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonliklar kreditni asosan to‘y va mashina uchun olyapti: Aholining banklardan qarzi 239,8 trln so‘mga yetdi

kredit

O‘zbekistonda kreditga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning ikkinchi choragida aholining qarz mablag‘lariga ehtiyoji yuqori bo‘lib qolgan. Hozir jismoniy shaxslarning banklardan olgan kreditlari qoldig‘i 239,8 trln so‘mga yetgan. Bir yilning o‘zida bu summa qariyb 38 trln so‘mga ko‘paygan.

Odamlar kreditni uy ta’miri, o‘qish, davolanish va hatto to‘y xarajatlarini qoplash uchun ham olyapti.

Kreditga eng ko‘p kimlar ehtiyoj sezmoqda?

So‘rov natijalariga qaraganda, kreditga eng katta ehtiyoj oyiga 3 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha daromad oladiganlar orasida kuzatilmoqda. Ushbu guruhdagi so‘rov ishtirokchilarining 57–59 foizi kelgusida qarz mablag‘lariga ehtiyoji yanada oshishini kutmoqda.

Oyiga 15–20 mln so‘m daromad oladiganlar orasida bu ko‘rsatkich 44 foizni tashkil qilgan. Daromadi 20 mln so‘mdan yuqori bo‘lganlarning esa 53 foizi kreditga ehtiyoji oshishini bildirgan.

Odamlar kreditni ko‘proq nimaga sarflamoqchi?

Markaziy bank so‘roviga ko‘ra, kredit olishning asosiy sabablaridan biri uy-joyni ta’mirlash bo‘lib qolmoqda. Ta’lim xarajatlari va kundalik ro‘zg‘or ehtiyojlarini qoplash uchun ham odamlar bankdan qarz olishni rejalashtiryapti.

To‘y o‘tkazish, avtomobil sotib olish va davolanish uchun kredit olish ham barcha daromad guruhlarida yuqori talabga ega.

Aholining eng katta qarzi ipotekaga to‘g‘ri keladi

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar qoldig‘i 239,8 trln so‘mga yetgan. Bu bir yil oldingiga qaraganda 37,9 trln so‘m yoki 18,8 foiz ko‘p.

Aholining eng katta qarzi ipoteka kreditlariga to‘g‘ri keladi — 79,4 trln so‘m. Avtokreditlar bo‘yicha qarzdorlik 40,5 trln so‘mni tashkil qilmoqda. Ta’lim kreditlari esa bir yil ichida 17 foizga oshib, 6,84 trln so‘mga yetgan.

Qarz yuki oshib borayotgani sabab Markaziy bank kredit berish talablarini ham kuchaytirmoqda. Amaldagi talabga ko‘ra, qarz oluvchining kreditlar bo‘yicha oylik to‘lovlari uning oylik daromadining 50 foizidan oshmasligi kerak.

Теги :
Jamiyat