Eng korrupsiyalashgan soha qaysi? – so‘rovnoma
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan agentlikning Telegram kanalida korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarni aniqlash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan agentlikning Telegram kanalida korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarni aniqlash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi.
Sog‘liqni saqlash eng korrupsiyalashgan soha
41 mingdan ortiq odam ishtirok etgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, fuqarolar sog‘liqni saqlash sohasini korrupsiya xavfi eng yuqori bo‘lgan yo‘nalish sifatida tanlagan. So‘rovnoma agentlikning rasmiy telegram sahifasida o‘tkazilgan.
Unda qatnashganlarning 33 foizi aynan ushbu sohada muammo mavjud deb hisoblashgan.
Mahalliy hokimlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar
Shuningdek, undan keying o‘rinlarda yirik tafovvut bilan mahalliy hokimliklar faoliyati turibdi. 16 foiz odam aynan ushbu faoliyatni korrupsiyalashgan deb hisoblaydi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati esa so‘rovda 14 foiz ovoz to‘plagan.
So‘rovnomadagi qolgan sohalar quyidagicha:
· Qurilish sohasida – 13 foiz
· Ta’lim sohasida – 9 foiz
· Energetika – 4 foiz
· Bank xizmatlari – 4 foiz
· Bandlik – foiz
· Sport – 2 foiz
· Transport – 1 foiz
Bu natijalar korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarni aniqlash va ularga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
74 foiz odam korrupsiya haqida xabar berishga tayyor
Shuningdek, yaqinda agentlik tomonidan o‘tkazilgan yana bir “Korrupsiyaga qarshi kurashda xabar berishning o‘rni va ta’siri” mavzusidagi so‘rov natijalari e’lon qilingandi. Respondentlarning 74 foizi bunday holatlar haqida ma’lum qilishga tayyor ekanini bildirgan.
Respondentlarning 82,2 foizi korrupsiyaga oid murojaatlarni elektron platformalar yoki mobil ilovalar orqali yuborishni afzal ko‘rishini bildirgan. Murojaat qilishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar orasida, xususan, qayerga murojaat qilishni bilmaslik (20,4 foiz) va korrupsiyadan o‘zi manfaatdor bo‘lish (19,8 foiz) alohida ajralib turadi.
Shuningdek, so‘rovda ishtirok etganlarning 13,8 foizi minnatdorchilik belgisi sifatida sovg‘a berishni odatiy hol deb hisoblashini bildirgan bo‘lsa, 7,4 foizi buni korrupsiya ekanini bilmasligini aytgan.



