$
 12965.34
-14.82
 14525.07
-81.5
 161.34
-0.29
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

“Korrupsiya poygasi”da qaysi viloyat amaldorlari yetakchi?

Korrupsiya

Kuni kecha siyosiy partiyalarning vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi, ikkinchi debatda “Adolat” sotsial demokratik partiyasi vakili Dilmurod Masaidov juda ham qiziq va ayni vaqt g‘irt paradoksal fikr bildirdi. Uning fikricha, davlat xizmatlaridan foydalanish to‘liq raqamlashtirilgan. Bu esa korrupsiyani to‘laqonlicha oldini oladi va bugungi kunda korrupsiya bizning yurtimizdan barham topgan. Ajoyib. 

Asl vaziyat

Qiziqarlisi, bundan bir necha kun avval Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Oliy sud taqdim etgan ma’lumotlar asosida 2024-yilning I yarim yilligidagi korrupsiyaga oid jinoyatchilik tahlilini e’lon qilgandi. Undagi tahlillarga ko‘ra, mazkur davrda 3837 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgani uchun sudlar tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, ta’lim tizimi va mahalliy hokimliklarda ishlovchi xodimlar o‘rtasida korrupsion jinoyatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ko‘paygan. Jumladan:

- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimining 285 (237);

- davlat ulushi mavjud korxonalarning 103 (153);

- mahalliy hokimliklarning 133 (119) nafar xodimlari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar soni ortgan.

Ushbu maqolada yana bir qiziqarli vaziyatga e’tiboringizni tortmoqchimiz. Oxirgi vaqtlarda bir qator hududlardagi hokimliklarida hokim o‘rinbosarlari almashinuvlari va iste’folari yuz berdi. Hammasi o‘z sababiga ega. Biz hozir u sabablarga alohida to‘xtalishni maqsad qilmaganmiz, chalg‘imang. Biz qaysi hokimliklarida o‘rinbosarlarning pora bilan qo‘lga tushishi ko‘proq uchrayotgani haqida qiziqamiz. Xo‘sh, qaysi viloyat “korrupsiya poygasi”da yetakchi?

Qaysi viloyat yetakchi?

2023-2024-yillar kesimida tahlil qilingan ma’lumotga ko‘ra, Qashqadaryo, Sirdaryo, Namangan viloyatlarida pora olgan hokim o‘rinbosarlari ikki nafardan. Toshkent, Andijon viloyatlari, Qoraqalpog‘iston respublikasida bittadan pora olgan hokim o‘rinbosarlari topilgan. Keling, ularning har birini alohida ko‘rib chiqamiz. 

Toshkent viloyati

Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 2022-yilda qurilgan ko‘p qavatli uy uchun “Qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilinishiga 2500 AQSH dollari talab qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hokim o‘rinbosari 12 ming AQSH dollarini  xizmat mashinasida olayotganida qamoqqa olingan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hokimining qurilish, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari fuqaroga hujjatlarni noqonuniy rasmiylashtirishi evaziga 35 mln. so‘m talab qilgan. 

Andijon viloyati 

Andijon viloyati Izboskan tumani hokimi o‘rinbosari 8 sotix yerni 5,3 mln evaziga olib bermoqchi bo‘lgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshirilganda ishning boshida tuman hokimining o‘rinbosari turganligi aniqlangan. 

Namangan viloyati

Namangan viloyatida ham bir yarim yil ichida 2 ta hokim o‘rinbosari pora bilan ushlangan. Viloyatning Chortoq tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va Namangan viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Saidahmad Sultonov pora bilan 7-yil 6 oyga qamalgan.

Sirdaryo viloyati

Sirdaryo viloyatida ham 2 nafar hokim o‘rinbosarining pora olishi bilan bog‘liq jinoyat sodir bo‘lgan. Sayxunobod tumani hokimi o‘rinbosari 25 ming dollar pora olishda ayblanib qo‘lga olingan. Xovos tumani hokimi o‘rinbosari esa MCHJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmasligi uchun 20 ming AQSH dollari so‘ragan. So‘ngra 1 ming AQSH dollari olgan chog‘ida qo‘lga olingan edi.

Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari fuqaroga 25 gektar yerni nomiga rasmiylashtirishi evaziga 10 ming AQSH dollari so‘rab, 5 ming AQSH dollarini olayotganida ushlangan. Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani hokimining o‘rinbosari mahalliy dehqonlarga plyonka ta’minotchisi bo‘lishini va’da qilib, evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilgan.

Nomi ochiqlanmagan hokim o‘rinbosarlari

Yana bir ma’lumotga ko‘ra, viloyat va hokim o‘rinbosarlari 2024-yilning dastlabki choragiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Biznes Ombudsmanning qayd etishicha, 5 nafar hokim o‘rinbosarlari tadbirkorlar bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilib jazoga tortilgan. Ammo ushbu hokim o‘rinbosarlarining qaysi tuman va viloyat hokimligidan ekanligi ochiqlanmagan.

Теги :
Iqtisodiyot