$
 12831.81
-25.54
 14606.45
-66.36
 163.75
0.3
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Adliya vazirligi SSVni kontrafakt dorilardan ogohlantirdi

kontrafakt

Adliya vazirligi dori vositalari noqonuniy davlat ro‘yxatiga olingani sababli Sog‘liqni saqlash vazirligini ogohlantirdi. Bu haqda Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti xabar berdi.

2023-yilda 21 ta, 2024-yilning o‘tgan davrida esa 16 ta holat

Qonunchilik hujjatlari talablariga ko‘ra dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida intellektual mulk huquqlariga qat’iy rioya etilishi kerak. Biroq Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2023-yilda 21 ta holatda, 2024-yilning o‘tgan davrida 16 ta holatda dori vositalari noqonuniy davlat ro‘yxatiga olingani aniqlangan.

Farmatsevtika korxonalari nomiga noqonuniy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan dorilar

Jumladan, iste’molchilarga yaxshi tanish bo‘lgan “Magne B6”, “Imudon”, “Smekta”, “Duspatalin”, “Elevit” kabi tovar belgilari ostida ishlab chiqariladigan dori vositalarining kontrafakt nusxalari “Magne B6”, “Nest Imudon”, “Smecta”, “Grand Imudon”, “Mer Duspatanim”, “Elemalvit” ko‘rinishida turli farmatsevtika korxonalari nomiga noqonuniy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligiga ogohnoma kiritilib, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatdan o‘tkazilishida qonunchilik hujjatlari talablari buzilishini oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi, bunday holatlar takroran sodir etilganda qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi.

Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish SSV tomonidan amalga oshiriladi

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga asosan dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi hamda qalbakilashtirilgan va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini ishlab chiqarish taqiqlanadi.

Kontrafakt o‘zi nima?

Kontrafakt - bu huquq egasining tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarini buzish hisoblanib, iste’molchini adashtirish darajasida tovar nomini o‘zgartirish sanaladi. Kontrafakt barcha mahsulotlar orasida mavjud. Sababi nohalol tadbirkor oson daromad ko‘rish uchun ko‘p yillik tajribaga ega, xaridorlar ishonchini qozongan va bozorda o‘z o‘rnini topgan tovar nomiga o‘xshatib mahsulot chiqaradi. Аfsuski xaridorlar har doim ham sotib olayotgan tovarlari nomlanishi to‘g‘ri yozilganiga, ishlab chiqaruvchisi haqida ma’lumotlar to‘liq ekaniga e’tibor berishmaydi va aldanib qolishadi. Ko‘pincha kontrafakt mahsulot sifati past bo‘lgani uchun uning “umri” qisqa bo‘ladi va xaridor bir bor adashgan mahsulotni qaytib sotib olmaydi. Bu esa nohalol “tadbirkor”ning boshqa turdagi kontrafakt mahsulot chiqarishiga sabab bo‘ladi. Bu jarayon unga qonuniy chora ko‘rilmaguncha nihoyasizdir.

Kontrafakt mahsulotlarning biznesga ta’siri

Kontrafakt mahsulotlar makon tanlamas bo‘lib, bu muammo bilan barcha mamlakatlar kurash olib boradi. Chunki kontrafakt mahsulot savdosi mamlakat iqtisodiyotiga zarar keltirib, nohalol raqobat oqibatida yirik tadbirkorlarning tovar aylanmasi keskin tushib ketadi va ishchilarga oylik, davlatga soliq to‘lash qobiliyatini asta-sekin yo‘qotadi. Passiv daromad esa kompaniyalarning ish o‘rnini qisqartirishga yoki butunlay bankrot bo‘lishiga olib keladi. Buning ortidan ishsizlik kelib chiqadi.

Jahon iqtisodiyotiga ta’siri

Xalqaro savdo palatasining ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab kontrafakt mahsulotlar savdosi barcha xalqaro tovar savdosining 5-7 foizini tashkil qiladi. Kontrafakt mahsulotlar jahon iqtisodiyotiga yiliga taxminan 500 milliard AQSh dollari zarar keltiradi.

Keltirilgan zarar sohalar kesimida:

2020-yilda kontrafaktdan global yo‘qotish - 1.82 trln. AQSh dollarni tashkil etdi;

G20 davlatlari iqtisodiyotida yiliga kontrafakt mahsulotlar iste’moli tufayli o‘lim holati natijasida - 18 mlrd. $ zarar ko‘rildi;

Onlayn kontrafakt savdolari natijasida - 323 mlrd. AQSh dollar zarar ko‘rildi;

Tibbiyotda shikastlanishni davolovchi kontrafakt mahsulotlarga -125 mln. AQSh dollar sarflangan.

 1 milliondan ortiq qurbon

Ma’lum bo‘lishicha, kontrafakt dori-darmonlar har yili jahonda qariyb 1 million insonning umriga zomin bo‘lmoqda. Bundan tashqari, kontrafakt dori tarkibida faol moddalar umuman bo‘lmasligi ham mumkin, shu bois uni qabul qilgan shaxsning ahvoli yaxshilanmaydi, balki kasallikni yengishga qarshi vosita ichilmagani sababli sog‘ligi jiddiy xavf ostida qoladi.

Kontrafakt mahsulotlar bilan kurashishda raqamli markirovkaning samarasi

“Asl Belgisi” nomi ostida o‘z faoliyatini olib borayotgan raqamli markirovka tizimi aynan kontrabanda va kontrafakt mahsulotlar bilan kurashishga mo‘ljallangan. Tizim bugungi kunda MDH davlatlarida keng rivojlangan. Uning afzalliklari juda ko‘p – eng avvalo – bu bozorni qalbaki mahsulotlardan tozalab, sog‘lom raqobat muhitini yaratish va soliq tushumlarini ortishi natijasida davlat byudjetini oshirish sanaladi. Bugungi kunda bu juda dolzarb masala. Chunki noqonuniy ishlab chiqarilgan va kontrabanda yo‘li bilan bozorlarimizda taqdim etilayotgan aksariyat tovarlardan soliq to‘lanmaydi.

Markirovka tizimi esa ishlab chiqaruvchi yoki importchi mahsulotni ishlab chiqarishi yoki mamlakatga olib kirishidan tortib uni xaridor xarid qilguniga qadar bo‘lgan aylanma zanjirni nazorat qilish imkoniyatini beradi. Ya’ni mahsulot ishlab chiqarilganidan so‘ng u qaysi omborda saqlanganligi, uni qaysi ulgurji savdo kompaniyasi xarid qilgani va rastaga joylanguncha bo‘lgan yo‘l nazorat ostida bo‘ladi.

Va eng muhim omillardan biri – bu jamoat nazorati. Tizim “Asl Belgisi” mobil ilovasiga ham ega bo‘lib, u orqali xaridorlar mahsulotni xarid qilishdan oldin uning aslligini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu xaridor huquqini himoya qilgan holda, unga asl mahsulotni qalbaki mahsulotdan farqlashga yordam beradi.