Endi san’atkorga fonogrammadan foydalanish usullari vazirlik tomonidan belgilab beriladi
Madaniyat vazirligining jonli ijro sanʼatini rivojlantirish, sanʼatkor, ijodkor hamda ijrochilarni qoʻllab-quvvatlashga oid bir qator vakolatlari belgilanmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

24-yanvar kuni boʻlib oʻtgan Senatning uchinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jonli ijro sanʼatini yanada rivojlantirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Hujjatga koʻra, Madaniyat vazirligining jonli ijro sanʼatini rivojlantirish, sanʼatkor, ijodkor hamda ijrochilarni qoʻllab-quvvatlashga oid bir qator vakolatlari belgilanmoqda.
Fonogrammadan foydalanish darajasi belgilash
Jumladan, davlat madaniy konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda jonli ijro yoki fonogrammadan foydalanish darajasini hamda usullarini belgilash, ijrochilar tomonidan fonogramma va mualliflik asarlaridan foydalanishda amaldagi qonunchilikka rioya etishlarini monitoring qilish hamda milliy sanʼat va madaniyat nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Ayrim qonunlarga o‘zgartirishlar
Maʼlum boʻlishicha, qonun bilan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi va “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
“Yangi normalarning amaliyotga joriy etilishi musiqa sohasi yanada rivojlanishiga, yangi isteʼdodlar kashf etilishiga, oʻzining haqiqiy jonli ovozi boʻlgan xonandalar va sozandalar faoliyati keng ragʻbatlantirilishiga xizmat qiladi”, – deb yoziladi xabarda.
Fonogramma darajasi reklama maydonining kamida 10 foizini egallashi kerak
Bundan tashqari, Qonun bilan konsert-tomosha tadbirining dasturida ijrochilar va asar mualliflari koʻrsatilishi shart ekanligi hamda konsert-tomosha tadbiri reklamasida fonogrammadan foydalanish darajasi toʻgʻrisidagi axborot umumiy reklama maydonining (sathining) kamida oʻn foizini tashkil etishi toʻgʻrisidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bu tomoshabinlarning oʻz tanlovini ongli ravishda qabul qilishiga yordam beradi
Taʼkidlanishicha, bu tomoshabinlarning oʻz tanlovini ongli ravishda qabul qilishiga yordam beradi. Qaysi xonanda aytyapti, kim musiqasini yozgan, qanchalik jonli, qanchalik fonogramma – hammasi aniq va shaffof boʻladi.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish samaradorligini oshirishga, jonli ijro sanʼatini rivojlantirishga, isteʼmolchilar huquqlarini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.



