Ish beruvchi qaysi hollarda xodimlarga majburiy kompensatsiya to‘lab berishi shart?
Hammamizga maʼlumki, qonunda belgilangan hollarda ishchi va xizmatchilarga mehnat majburiyatlarini bajarishdagi qoʻshimcha xarajatlar uchun toʻlov toʻlab beriladi.
1 daqiqa o‘qiladi

Hammamizga maʼlumki, qonunda belgilangan hollarda ishchi va xizmatchilarga mehnat majburiyatlarini bajarishdagi qoʻshimcha xarajatlar uchun toʻlov toʻlab beriladi. Muzrabot tumani adliya boʻlimi
YXKM boshligʻi A.Yunusov ushbu holatlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Qaysi hollarda shart?
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 286-moddasiga asosan, ish beruvchi quyidagi hollarda xodimga uning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq xarajatlarni kompensatsiya qilishi shart:
- xizmat safarlarida boʻlganda;
- sayyor va koʻchib yurish xususiyatiga ega ishlarda, shuningdek dala sharoitlarida yoki vaxta usulida ishlaganda;
- ish beruvchi bilan oldindan kelishuvga koʻra boshqa joydagi ishga koʻchib oʻtganda;
- ish beruvchining yoʻllanmasi bilan kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan oʻtganda;
- ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi natijasida xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz boʻlib qolganda;
- xodim majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtganligi munosabati bilan;
- xodimning foydalanmagan yillik mehnat taʼtili uchun;
- ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida xodimni ogohlantirish muddati pul kompensatsiyasi bilan almashtirilganda.
Faqat bu emas...
Yuqoridagi kompensatsiya toʻlovlaridan tashqari ish beruvchi xodimlarga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan boshqa kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirishi shart.



