$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Yana bir mahkum vafoti. Koloniyalardagi o‘lim holatlari ortidan xavotirlar kuchaymoqda

koloniya

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida mahkumning vafot etgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. 

Mahkumni devor bosib qolgan

Rasmiy bayonotga ko‘ra, 11-fevral kuni mahkum Mustafo Tursinboyev bir qavatli binoni buzish jarayonida devor qulab, uni bosib qolgan. Og‘ir jarohat olgan mahkum darhol shifoxonaga yotqizilgan, ammo 16-fevral kuni olamdan o‘tgan. 

Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Hozirda Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kechagi o‘lim bo‘yicha Ombudsman munosabat bildirdi

Bu birinchi holat emas. Kecha, 17-fevralda 15-fevral kuni Olmaliq shahridagi 14-sonli manzil koloniyasida 21 yoshli mahkumning jasadi topilgani haqida xabar bergan edik. Bugun Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ushbu voqea yuzasidan bayonot berdi va tergovga qadar tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.

Ombudsman bayonotida qayd etilishicha, marhumning onasi o‘g‘li bilan 26-28-yanvar kunlari uzoq muddatli uchrashuvda bo‘lgan va u sog‘lig‘i borasida hech qanday shikoyat qilmagan. Oradan ikki hafta o‘tib, mahkumning jasadi yaqinlariga topshirilgan. Koloniya ma’muriyati uning miokard infarkti va pankreatitning og‘ir formasi tufayli vafot etganini bildirgan.

Biroq marhumning onasi Nigora Qambarova farzandining tanasida qiynoq izlari borligini, elektroshoker iziga o‘xshash chiziqlar ko‘rinib turganini iddao qilmoqda. Shu bois huquq-tartibot organlari va Ombudsman ushbu holat yuzasidan tekshiruv olib borayotgani bildirilgan. 

Koloniyalarda nima bo‘lyapti?

So‘nggi kunlarda jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlarning o‘lim holatlari ortib borayotgani jamiyatda keskin savollar tug‘dirmoqda. Rasmiy idoralar ushbu holatlar bo‘yicha tabiiy sabablarni tilga olayotgan bo‘lsa-da, yaqinlari va mustaqil kuzatuvchilar tomonidan qiynoq ehtimoli ilgari surilmoqda.

Bo‘stonliqdagi koloniyada devor qulab vafot etgan mahkum ishi yuzasidan rasmiy tergov boshlangan bo‘lsa, Olmaliqdagi holat yuzasidan hozircha aniq xulosa berilmadi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Ombudsman tomonidan murojaat yuborilgan, murojaatda tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur holat har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganishni taʼminlash so‘ralgan.

Теги :
Jamiyat