Qozog‘iston fuqarolariga tilni bilish majburiyatini qoʻydi
Qozog‘istonda qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, endilikda davlat tilini boshlang‘ich tarzda bilmaydiganlar fuqarolikdan umrbodga chetlashtiriladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, endilikda davlat tilini boshlang‘ich tarzda bilmaydiganlar fuqarolikdan umrbodga chetlashtiriladi.
Yangi qonun qabul qilindi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev aholi migratsiyasi va jinoiy ijro tizimiga oid qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar haqidagi qonunni imzoladi. Oqoʻrda matbuot xizmati ushbu ma’lumotni ulashdi.
O‘zgartirishlar ro‘yxati
Qonun bo‘yicha quyidagilar endilikda amalga oshiriladi:
-jazoni ijro etish tizimi muassasalari, tergov izolyatorlari, vaqtincha saqlash hibsxonalaridagi videokuzatuv tizimlariga zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi;
- hukumat tomonidan belgilangan hududlarga ko‘chib o‘tayotgan shaxslarga dehqon yoki fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalari beriladi;
- ko‘chirilgan shaxslarga va ularning oila a’zolariga ko‘chib o‘tganlik uchun subsidiyalar, uy-joy ijarasi xarajatlarini qoplash, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar, shuningdek, iqtisodiy harakatchanlik sertifikatlari tarzida moddiy yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Tilni bilmaganlar fuqarolikdan mahrum qilinadi
Endilikda voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etish, davlat tili, Qozog‘iston Konstitutsiyasi asoslari, tarixni fan va oliy ta’lim sohasidagi vakolatli organ tomonidan belgilangan darajada bilmaslik Qozog‘iston fuqaroligiga qabul qilishni rad etish va qayta tiklamaslikka asos bo‘ladi. Undan tashqari Qozog‘istonda doimiy yashash uchun viza hamda investor vizalari tashkil etiladi.
Ekstremist va retsidivistlar mamlakatga kiritilmaydi
Ekstremistik yoki terroristik tashkilotga aloqador, takroran jinoyat sodir etgan, uyushgan guruh (jinoiy tashkilot) tarkibida yetakchi mavqeni egallagan, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslar, shuningdek, Qozog‘istonda og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan va xalqaro shartnomalar asosida vataniga qaytarilganlarning Qozog‘istonga kirishi taqiqlandi.
O‘zbekistonga qanday aloqasi bor?
Bir necha oy muqaddam Jurnalistika universiteti rektori Sherzodxoʻja Qudratxoʻjaning, mamlakatda yashayotgan hamma davlat tilini bilishi kerak, degan gapi muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Shundan keyin esa ilk marta MDH sammitida Markaziy Osiyo davlat rahbarlari o‘z tillarida nutq so‘zladi. Qozog‘istonda qabul qilingan ushbu qonun esa boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarini ham ruhlantirib yuborishi mumkin.



