$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Yaqin 30 yilda bizni qanday kasblar kutmoqda?

Kasblar Foto: Investors

Avvalroq “Ota-onalar farzand tarbiyasida qanchalik mas’uliyatli?” mavzusida MHTI tahlillarini e’lon qilgan edik. Tahlilda yoshlar mehnat bozoridagi vaziyat bilan yaqindan tanish emasligi aytib o‘tilgan. Negaki, so‘rovlarda ishtirok etgan aksariyat yoshlar shifokor, o‘qituvchi, jurnalist, iqtisodchi, tadbirkor, moliyachi va huquqshunos bo‘lish istagida ekanini bildirgan.

Tahlilchilar bugungi kunda iqtisodchilarga talab yuqori emasligini ta’kidlamoqda. Mehnat bozorida marketolog, menejer va muhandislarga ehtiyoj katta bo‘lishiga qaramay, so‘rovda ishtirok etganlar orasida bu kasblarni tanlaganlar deyarli yo‘q. Bu esa yoshlar va ota-onalarda mehnat bozori tendensiyalari to‘g‘risida ma’lumotlar yetarli emasligidan dalolat beradi.

Shu bois Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutaxassislari ma’lumotlari asosida yaqin 30 yilda bizni qanday kasblar kutayotgani, qaysi sohalarga talab yuqori bo‘lishiga oid prognozlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Robotlar ish o‘rinlarining yarmini egallaydi

Jobs of Tomorrow hisobotiga ko‘ra, robotlashtirish va avtomatlashtirish tufayli 75 milliondan ortiq odam ishsiz qolishi mumkin. Oksford universiteti tadqiqotchilari esa yaqin 15-20 yil ichida robotlar barcha kasblarga oid funksional vazifalarning yarmini bajarishiga ishonadi.

Ish bilan band bo‘lganlarning 53 foizi kelgusi 10 yil ichida ularning ishi sezilarli darajada o‘zgarishi yoki eskirishini fahmlab turibdi. Dunyo aholisining 77 foizi qayta tayyorlash va kasblarini o‘zgartirishga majbur. Shu tufayli kelajakka faqatgina yangi kasblar bilan yo‘l olish mumkin. Xo‘sh, yangi kasblar qaysilar?

Tibbiyot

1. Kiberprotezlar va implantlar ishlab chiqaruvchisi – bionik sunʼiy organlarni yaratish uchun dizaynerlar va robototexniklar bilan ishlaydigan tibbiyot muhandisi.

2. Miya implantatsiyasi bo‘yicha mutaxassis – bemorning boshiga ulangan yoki hatto ichiga o‘rnatilgan qurilmalarni loyihalash, tanlash, sozlash va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan shaxs.

3. Tibbiy marketolog – sog‘liqni saqlash sohasidagi kompaniya va korxonalar xizmatlarini bozorda ilgari surish bo‘yicha mutaxassis.

4. Gen muhandisi – tirik organizmlar genlari bilan ishlaydigan olim.

Qishloq xoʻjaligi

Zamonaviy texnologiyalar – genetika, 3D-printer, sun’iy intellekt va robotlar qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan millionlab odamlarni og‘ir jismoniy mehnatdan ozod qiladi. Meva-sabzavot yetishtirish dalalardan shaharlardagi ko‘p qavatli uylar tomlarida barpo etiladigan mini-fermalarga o‘tkaziladi. Shuningdek, chorva mollarini ommaviy so‘yish muammosini bartaraf etadi. Masalan, bitta hayvon hujayrasidan probirkada yetishtirilgan go‘sht yoki asl ta’mi va foydali xususiyatlarini o‘zida saqlab qolgan 3D printerda chop etilgan go‘sht mahsulotlari. Xo‘sh, bu sohada istiqbolli yo‘nalishlar qaysi?

1. Agrokibernetika (agroinformatik) – qishloq xoʻjaligi sohasida zamonaviy axborot texnologiyalari, avtomatlashtirish tizimlari, maʼlumotlarni tahlil qilish va sunʼiy intellektdan foydalanish bilan shugʻullanuvchi mutaxassis.

2. GMO agronomi – ekinlarning genlarini o‘zgartirish bilan shug‘illanadigan mutaxassis.

3. 3D-mahsulotni chop etish bo‘yicha muhandis – uskuna, dasturiy ta’minot va 3D modellarni yaratuvchi mutaxassis.

4. Qishloq xo‘jaligi ekologi – chiqindilarni bartaraf etish usullarini ishlab chiquvchi mutaxassis. Shuningdek, u tuproqni qayta tiklash bilan ham shug‘ullanadi.

5. Raqamli asalarichi – asalarilarning salomatligi, changlatish jarayonlari, uyalarni loyihalash va turli hududlardagi o‘simliklarga ari to‘dalarni moslashtirish bo‘yicha mutaxassis.

Qurilish sohasi

Yaqin kelajakda arxitektorlar binolarning energiya isteʼmolida shamol, quyosh va yer osti suvlaridan unumli foydalanishga harakat qilishadi.

1. BIM (Building Information Modeling) loyihalovchi – bu bino ma’lumot modeli uchun vizual qismni yaratuvchi mutaxassis: barcha hujjatlarni jamlaydi, chizmalarni 3D ga aylantiradi va har bir blokni batafsil ma’lumot bilan to‘ldiradi.

2. “Aqlli uy” infratuzilmasi dizayneri – uyni intellektual boshqarish tizimini loyihalash, o‘rnatish va sozlash bo‘yicha mutaxassis.

3. Eski qurilish konstruksiyalarini rekonstruksiya qilish va mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis – qurilish tashkilotida ishlovchi hamda yangi materiallar va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda turli binolarni restavratsiya qilish va obodonlashtirish bilan shug‘ullanuvchi shaxs hisoblanadi.

4. Qurilishdagi 3D bosma dizayneri – 3D qurilish printerlari yordamida binolarni yaratuvchi me’mor. U materiallarni tanlaydi, mijozning ehtiyojlari, qurilish obyekti joylashuvi va iqlimini hisobga olgan holda kelajakdagi uylarning shakllarini ishlab chiqadi. Mutaxassis loyihani dasturda modellashtiradi, so‘ngra mashinalar uni to‘liq hajmda chop etadi.

5. “Yashil shahar”lar arxitektori – ekologik talablarni, barqaror rivojlanish tamoyillarini hisobga olgan holda binolar, mahallalar va butun shaharlarni loyihalash bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis.

Axborot texnologiyalari

Axborot texnologiyalari iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan sohalaridan biridir. Raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha jabhalariga kirib bordi. Аtrofimizni turli darajadagi son-sanoqsiz ma’lumotlar o‘rab olgan. Shu tufayli axborot texnologiyalari sohasida ishlashni biladigan mutaxassislar uchun ish joylari kafolatlanadi.

1. Data jurnalist – katta raqamlar, maʼlumotlarni to‘playdi, tahlil qiladi va undan maqolalar, jurnalistik materiallarning boshqa formatlarini tayyorlashda foydalanadi.

2. Raqamli transformatsiya rahbari – raqamli vositalar, marketing usullari va biznes tahlillari yordamida jarayonlarni takomillashtiradi. Yangi mahsulot va yo‘nalishlarni yaratish uchun masʼul bo‘ladi.

3. AT arxitektori – tijorat loyihalarini amalga oshiradi, murakkab AT tizimi arxitekturasini shakllantiradi. Zarur dasturiy taʼminot xususiyatlari yordamida mijozning texnik talablari asosida biznes maqsadlarini muvofiqlashtiradi.

4. Raqamli lingvist – algoritmlar va neyron tarmoqlar uchun tabiiy tillarda maʼlumotlarni qayta ishlash bo‘yicha mutaxassis.

5. AI murabbiy – neyron tarmoqlar tomonidan yaratilgan matnni tekshiruvchi kelajak muharrirlari.

Turizm

Global iqtisodiyotning o‘sishi natijasida sayohat qiluvchilar soni yanada oshadi va turizm sohasida talab juda ortib ketadi. Sayyohlarning ehtiyojini qondirish, yana qaytib kelishini ta’minlash uchun sohada rejalashtirish, tashkil etish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish yondashuvini qayta ko‘rib chiqish talab etiladi.

1. Alohida turlar rejissyori – muayyan shaxsning ehtiyojlari va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda dam olish dasturlarini ishlab chiqadi. U butun tur davomida aloqada bo‘lib, mijozga virtual hamrohlik qiladi.

2. Intellektual sayohat tizimlari mutaxassisi – chiptalarni xarid qilish, mehmonxonani band qilish va yo‘nalishlarni rejalashtirish bo‘yicha avtomatlashtirilgan xizmatlarni yaratadi.

3. Nostalgist – Shizofreniya demensiyasi bilan og‘rigan sayohatchilarga o‘zlarini xavfsiz va baxtli his qilishlariga psixologik yordam beradi.

Madaniyat va sanʼat

Yildan-yilga ko‘pgina kasblar insonlar qo‘lidan robotlarga o‘tib, bu jarayon jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Shu tufayli odamlar kelajakda sanʼat asarlarini yaratishga kirishadilar. Inson asosiy ehtiyojlarni qondirishdan ko‘ra, ijod, izlanish va tabiat bilan muloqotga ko‘proq eʼtibor beradi. Butun kasbiy sohalar o‘zgaradi, ammo madaniyat va sanʼat sohasida yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Sanʼatda taʼlim, turizm, ommaviy axborot vositalari muhim rol o‘ynaydi.

1. Ilmiy rassom – zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ilmiy tadqiqotlar asosida sanʼat asarlarini yaratadi.

2. Jamoaviy ijod rahbari – biror bir loyihani amalga oshirish uchun mutaxassislarni bir badiiy guruhga birlashtiradi.

3. Badiiy baholovchi – zamonaviy sanʼat asarlarining badiiy qiymatini belgilovchi mutaxassis. U raqamli texnologiyalar va ilmiy yondashuvlar yordamida yaratilgan sanʼat obyektlarini baholaydi.

Biznes va moliya

Blokcheyn va kriptovalyutalar jahon biznes olamida odatiy holga aylanib ulgurgan. Ammo intellektual mulk, vaqt va strategiya singari aktivlar borgan sari qimmatli bo‘lib bormoqda. Kelajak biznesiga moslashish uchun uni nafaqat tushunish, balki oldindan ko‘ra bilish, tezkor qarorlar qabul qilish va keskin o‘zgarishlarga tayyor bo‘lish zarur.

1. Kriptovalyuta banki operatori – kriptovalyuta o‘tkazmalarini amalga oshiradi, nazorat qiladi, mijozlarga bank operatsiyalari bo‘yicha maslahat beradi.

2. Intellektual mulkni baholovchi – intellektual mulk mahsuloti qiymatini aniqlaydi, baholash obyektini o‘rganadi, bozorni va aktivlarni tahlil qiladi. Shuningdek, ixtisoslashgan mutaxassislarni jalb qilgan holda qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazadi.

3. Trend kuzatuvchisi – iqtisodiyot, siyosat, fan, madaniyat va ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlarni o‘rganib, ularning tahlili asosida korxonalarga strategik tavsiyalar beradi.

4. Iqtidorlarga sarmoya kiritish bo‘yicha fond menejeri – kompaniya uchun istiqbolli xodimlarni tanlaydi, nomzodlar salohiyatini tahlil qiladi. Shuningdek, kelajakdagi yosh xodimlarning ta’lim olishi va rivojlanishiga sarmoya kirita oladigan investorlarni izlaydi.

Теги :
Jamiyat