$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Foydalanilmayotgan kartalar bloklanishi mumkin – Markaziy bank muhim ogohlantirish bilan chiqdi

karta

So‘nggi kunlarda fuqarolarga bank kartalari to‘g‘risida ogohlantiruvchi SMS-xabarlar kelmoqda. Bu holat ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. Markaziy bank va “Humo” to‘lov tizimi ushbu masalada rasmiy tushuntirish berdi.

Fuqarolarga yuborilgan SMS-xabarlar nimani anglatadi?

Markaziy bankning ma’lum qilishicha, ushbu xabarlar fuqarolarni ularning nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari haqida xabardor qilish maqsadida yuborilmoqda.

“Fuqarolar SMS-xabarlarda qayd etilgan bank kartalari ularning nomiga rasmiylashtirilganligi bilan bog‘liq biror tushunmovchilik kelib chiqqan taqdirda, xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga murojaat qilib, holatga aniqlik kiritishlari hamda foydalanmayotgan bank kartalarini yopishlari tavsiya etiladi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Shuningdek, regulyator banklarga mijozlarga tegishli kartalar soni bo‘yicha Push-xabarnoma yoki SMS orqali muntazam ogohlantirish yuborish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Bu tizim firibgarlik holatlarini oldini olish va bank kartalaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish uchun joriy etilgan.

“Humo” kartalari egalariga muhim ogohlantirish

“Humo” to‘lov tizimi ham bank kartalarining bloklanishi haqida ogohlantirish berib, fuqarolarga faol bo‘lmagan kartalarni o‘z vaqtida yopishni tavsiya qildi. Qayd etilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, 12 oy davomida hech qanday tranzaksiya amalga oshirilmagan kartalar bank tomonidan avtomatik ravishda bloklanishi mumkin. Shuning uchun kutilmaganda kartangiz bloklanishini oldini olish uchun foydalanilmayotgan “Humo” kartalarini @humocardbot (Telegram) orqali vaqtinchalik bloklab qo‘ying, deyiladi xabarda.

Bu usul kartalarning xavfsizligini ta’minlashga va bank tomonidan zaruriyatsiz bloklanishining oldini olishga yordam beradi.

Bank kartalariga cheklovlar

Markaziy bank tomonidan firibgarlik va noqonuniy operatsiyalarni oldini olish maqsadida bank kartalarini chiqarish bo‘yicha yangi vaqtinchalik tartib joriy qilindi. Unga ko‘ra, bitta fuqaro nomiga 20 tagacha karta ochishi mumkin. Bitta bankda ochilishi mumkin bo‘lgan kartalar soni – 5 ta. Bunda virtual va kobeyjing kartalar umumiy hisobga olinadi. Chet el valyutasidagi kartalar esa ushbu cheklovdan mustasno

Markaziy bank ta’kidlashicha, ushbu cheklov firibgarlik sxemalarining oldini olish va shubhali moliyaviy operatsiyalarni kamaytirish uchun joriy etilgan.

O‘tgan yilning dekabr oyida 24 nafar shaxsga tegishli bo‘lgan 715 ta karta orqali moliyaviy piramida alomatlariga ega platformalar – “Tradezone AI”, “Consulting Control Session” va “Scode Capital” da pul o‘tkazmalari amalga oshirilgani aniqlangan.

Теги :
Jamiyat