Timur Kapadze “Paxtakor”ga keladimi?
Oxirgi vaqtlar Timur Kapadzening "Paxtakor" jamoasini boshqarishi haqida turlicha xabarlar tarqala boshladi. Olimpiya terma jamoasi va "Olimpik" futbol klubining sobiq ustozi bu tahlit mish-mishlarga javob berdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Oxirgi vaqtlar Timur Kapadzening "Paxtakor" jamoasini boshqarishi haqida turlicha xabarlar tarqala boshladi. Ayniqsa, bekobodliklar bilan bo‘lgan o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng klub raisi bosh murabbiy faoliyatiga munosabat bildirgach, bu gap-so‘zlar yanada urchiy boshladi.
“Paxtakor” harakatni boshlagan
Olimpiya terma jamoasi va "Olimpik" futbol klubining sobiq ustozi "Futbol+" dasturida bu mazmundagi xabarlarga javob berdi.
"Paxtakor" menga aloqaga chiqdi. Niyatim qanaqa, rejalarim borasida so‘rashdi. Oktyabrda amaliyot o‘tashga boraman, gaplashib qo‘yganman. Hali Maksim Shatskix bosh murabbiy postida turibdi. Hali iste’fo bergani yo‘q. Ko‘ramiz, "Hali mana senga taklif", - degan narsa yo‘q. Faqatgina mendan bo‘lg‘usi rejalarimni so‘rashdi. Buni vaqt ko‘rsatadi", — deydi murabbiy.
Amaldagi rejalar haqida
Kapadze O‘zingizni niyatingiz qanday? Agar taklif bo‘lsa, "Paxtakor"da ishlagan bo‘larmidingiz?, degan savolga quyidagicha javob beradi:
"Futbolchilik faoliyatimga qaraydigan bo‘lsam, eng ko‘p "Paxtakor"da o‘ynaganman. Eng ko‘p sovrinlarni ham "Paxtakor" bilan yutganman. "Paxtakor"ni qalbimda ham o‘z o‘rni bor. Har bir o‘ynagan jamoamni o‘rni bor. Bu ham bir faoliyatimdagi yangi bir chaqiruv bo‘lish ehtimoli bor. Agarda taklif bo‘lsa, gaplashib kelishib olsak, ambitsiyalari yaxshi bo‘lsa, nimaga yo‘q! Ammo boshqa variantlar ham bor. Hozircha qoldirib turibman. Ayni damda vaqti emas.
Oktyabr oyida ikkita amaliyotni gaplashdim. Birinchisi SSKA hal bo‘ldi. Bundan tashqari "Vilyarreal" bor. Dmitriy Cherishev orqali unga chiqildi. Buni faqat sanalari aniq bo‘lishi qoldi. Amaliyotga borish qiyin ekan. Federatsiyadan ham xatlar jo‘natdik. Ikki klubdan rad javobi keldi. Qolganlaridan hali javob kelmadi".



