Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +23° kechasi +9°
Читать на русском

Rossiyalik jurnalist Nukusda qo‘lga olindi. Sabab nima?

Hozirda qo‘lga olinganlar Nukus shahri ichki ishlar boshqarmasida bo‘lib, hodisa yuzasidan barcha holatlar o‘rganilmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik jurnalist Nukusda qo‘lga olindi. Sabab nima?

Rossiyalik jurnalist Aleksey Pivovarovning suratga olish guruhi va O‘zbekistonning “Xuk” (Hook.report) internet nashri jurnalisti Farida Maxsetova yakshanba kuni Nukusda qo‘lga olindi, deb xabar berdi “Xuk”.

Rasmiy izoh: ular qonunni buzgan

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Qoraqalpog‘iston bo‘yicha hududiy boshqarmasi holat yuzasidan izoh berdi.

“Dastlabki tekshiruv natijasida xorijiy jurnalistlar faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida oldindan akkreditatsiyadan o‘tmasdan amalga oshirilgani aniqlanib, bu amaldagi qonunchilikni buzish hisoblanadi”, — deyiladi xabarda.

Hozirda qo‘lga olinganlar Nukus shahri ichki ishlar boshqarmasida bo‘lib, hodisa yuzasidan barcha holatlar o‘rganilmoqda.

Hammasi yaxshi

Soat 21:30 atrofida Aleksey Pivovarov o‘zining Telegram kanalida holat yuzasidan izoh bildirdi.

“Aytganimdek, biz hozir O‘zbekistondamiz. Nukusda bo‘lganimizda Ichki ishlar vazirligi xodimlari suhbatga taklif qilishdi. Biz gaplashdik, o‘zimiz va rejalarimiz haqida gapirib berdik, xodimlar xushmuomalik ko‘rsatib, to‘g‘ri muomala qildi. Hozir yana yo‘lga tushamiz. Hammasi yaxshi!”, — deb yozdi u.

U O‘zbekistonga noyabr oyida kelgan

Pivovarov noyabr oyi oxirida jamoasi bilan O‘zbekistonda ekanini ma’lum qilgandi. Nashrlardan birida ular paxta ipini ishlab chiqarish jarayonini suratga olayotganini yozgan. Guruh Nukusgacha Samarqand va Toshkentda bo‘lgan.

Farida jurnalistlar bilan xususiy shaklda ishlayotgan bo‘lgan

“Xuk” bosh muharriri Yana Modelovaning aniqlik kiritishicha, Farida Maxsetova tahririyat topshirig‘iga ko‘ra emas, balki rossiyaliklar bilan xususiy shaklda ishlayotgan bo‘lgan.

Aleksey Pivovarov kim?

Aleksey Pivovarov taniqli telejurnalist, NTV va boshqa telekanallarda ishlagan, so‘nggi yillarda postsovet va uzoq xorij mamlakatlari haqida bir qator ko‘rsatuvlar e’lon qilgan “Redaksiya” Youtube kanali muallifi.

Qonunchilik

Xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining O‘zbekiston hududidagi kasb faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qoidalarga ko‘ra (Hukumat qarori bilan 2006-yilda tasdiqlangan), bunday faoliyatga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiya asosida ruxsat beriladi.