Soʻnggi bir yilda O‘zbekistondagi 40 ga yaqin hujjatlar JST normalariga moslashtirildi
Oʻzbekiston bilan 30 dan ortiq mamlakat ikki tomonlama muzokara oʻtkazish xohishini bildirgan boʻlib, hozirda ulardan 11 tasi bilan oʻzaro bozorlarga kirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
4 daqiqa o‘qiladi

2023-yilda Adliya vazirligida milliy qonunchilikni JST bitimlariga uygʻunlashtirish boʻyicha maxsus boshqarma tashkil etilganidan buyon 700 dan ortiq qonunchilik hujjatlari loyihalari JST qoidalariga muvofiqligini baholash uchun ekspertizadan oʻtkazildi.
Adliya vazirligidagi konferensiya
Joriy yilning 31-may kuni Adliya vazirligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamkorligida “Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish masalalari” mavzusida konferensiya boʻlib oʻtdi.
Milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish
Konferensiya ishida Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, tadqiqot institutlari hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari ishtirok etdi. Unda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti (JST) bitimlariga uyg‘unlashtirishning dolzarb masalalari, ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishdagi alohida o‘rni va ahamiyati hamda ilmiy savollar muhokama qilindi.
Oʻzbekistondagi 40 ga yaqin hujjatlar JST normalariga moslashtirildi
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Adliya vazirligi hamda 20 dan ortiq vazirlik va idoralarda JST masalalari bo‘yicha bo‘linmalar tashkil etilganligini hamda milliy qonunchilikni uyg‘unlashtirish bo‘yicha doimiy ish olib borilayotganligini belgilab o‘tdi.
Oʻz navbatida, vazir o‘rinbosari 2023-2024-yillar davomida JST bitimlariga muvofiqlashtirish maqsadida 24 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani va 40 taga yaqin hujjatlar uyg‘unlashtirilishiga erishilganini ta’kidladi.
18 ta qabul qilingan hujjatlar va 8 ta ishlab chiqilgan loyihalar) tarjimalari JSTga a'zo davlatlarga taqdim etildi
"Qabul qilingan hujjatlar qatorida 2024-yil 15-fevraldagi 908-sonli qonun alohida oʻrin egallaydi. Unga muvofiq, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va mahalliy korxonalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun toʻlanadigan davlat boji miqdori birxillashtirildi va 1 BHM miqdorida belgilandi (oldin xorijiy investisiyalar ishtirokidagi korxonalar BHMning 10 baravari miqdorida davlat boji toʻlagan, mahalliy korxonalar esa 1 BHM).
Bundan tashqari, ushbu qonun intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka bir qator muhim oʻzgarishlar kiritdi. Xususan, qonun rezidentlar va norezidentlar tomonidan intellektual mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazish uchun davlat bojini undirish boʻyicha kamsituvchi qoidalarni bekor qildi, patentlar sohasida majburiy litsenziyalash asoslarini oʻrnatdi”, – deydi Alisher Karimov.
Vazir oʻrinbosariga koʻra, 2024-yilning 5-aprel kuni 30 ta banddan iborat, yangilangan Milliy qonunchilikni JST bitimlariga muvofiqlashtirish boʻyicha ish reja hamda 26 ta qabul qilingan hujjat va loyihalarning (18 ta qabul qilingan hujjatlar va 8 ta ishlab chiqilgan loyihalar) tarjimalari JSTga a'zo davlatlarga koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan.
JSTga a'zolik boʻyicha 11 ta davlat bilan muzokaralarni yakunlandi
Tadbirda ishtirok etgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas'uli Sirojiddin Joʻraevning ta'kidlashicha, hozirda Oʻzbekiston bilan 30 dan ortiq davlatlar ikki tomonlama muzokaralarga kirishgan va 11 ta davlat bilan muzokaralar yakunlangan.
“Oʻzbekiston bilan bu boradagi muzokaralarni birinchi boʻlib oʻtgan yilning aprel oyida Gruziya yakunlagan. Noyabr oyida uch davlat – Turkiya, Moʻgʻuliston va Saudiya Arabistoni bilan protokollar imzolangani xabar qilingan edi. Joriy yilning 26-29 fevral kunlari Abu Dabida boʻlib oʻtgan JST vazirlarining 13-konferensiyasi doirasida uch davlat – Yaponiya, Isroil va Dominikan Respublikasi bilan bozorga kirish protokollari imzolangani hamda Tailand bilan muzokaralar yakunlangani haqida ma'lum qilindi”, – deydi u.
Shu paytgacha 4327 ta hujjat JST bitimlariga uygʻunlashtirilgan
Sirojiddin Joʻrayevning soʻzlariga koʻra, shu paytgacha Xitoy bilan 2300 ta, Rossiya bilan 1166 ta, Ukraina bilan 449 ta va Qozogʻiston bilan 412 ta hujjat JST bitimlariga uygʻunlashtirilgan.
Jumladan, JSTning “milliy rejim” tamoyiliga muvofiq tadbirkorlik subyektlarini hamda intellektual mulk huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda mahalliy va xorijiy shaxslar uchun o‘rnatilgan davlat boji miqdorlari birxillashtirildi.
Bundan tashqari, Adliya vazirligida milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha maxsus boshqarma tashkil etilganidan buyon 700 dan ortiq qonunchilik hujjatlari loyihalari JST qoidalariga muvofiqligi jihatdan ekspertizadan o‘tkazilganligi qayd etildi.
Shuningdek, ilmiy hamjamiyat tomonidan bu borada malakali kadrlarni tayyorlash masalalari va zaruriyati hamda oliy ta’lim muassasalarida JST qoidalari bo‘yicha kurslarni takomillashtirishga alohida e’tibor berilishi lozimligi ta’kidlandi.



