$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Jigar sogʻlom boʻlishi uchun nimalarni isteʼmol qilish lozim?

Oziq-ovqat

 Jigar – inson organizmidagi eng muhim organlardan biri. U qonni zararli moddalardan tozalab, tanada vitamin va minerallarni saqlaydi. Shuningdek, yalligʻlanishni nazorat qilib, energiya ishlab chiqaradi.

Jigar uchun foydali 10 ta mahsulot

Jigar sogʻlom boʻlishi uchun insonlar koʻproq qovoq, turshak, sut mahsulotlari, brokkoli, zaytun yogʻi, yogʻli baliqlar, qizil lavlagi, yongʻoqlar, sarimsoq piyoz hamda suli yormasini isteʼmol qilishlari lozim. Xoʻsh bu mahsulotlarning qanday foydali tomonlari mavjud?

 

S, E, kaliy, magniy va temir

1. Qovoq. Bu mahsulot beta-karotinning boy manbai hisoblanib, ushbu modda jigarni himoya qilishga yordam beradigan kuchli antioksidant hisoblanadi. Undagi S, E, kaliy, magniy va temir kabi muhim vitamin va minerallar jigar faoliyatini yaxshilaydi va uning himoya mexanizmlarini mustahkamlaydi.

Qovoqda koʻp miqdorda suv va tola boʻlib, ular jigarni tozalashga yordam beradi va zararli moddalarni organizmdan chiqarib tashlashni tezlashtiradi. Shu bilan birga, yogʻ miqdori kam va past kaloriyali bu mahsulot jigarga ortiqcha yuk tushishining oldini oladi.

Turshak va sut mahsulotlari

2. Turshak. U jigar faoliyatini yaxshilab, detoksikasiya qobiliyatini oshiradi. Turshak tarkibidagi silimarin moddasi ushbu organni mustahkam himoyalaydi.

 3. Sut mahsulotlari. Yogurt, qatiq va boshqa sut mahsulotlari probiotiklarga boy. Ular ichak mikroflorasini muvozanatlashtirishga yordam beradi. Hazm tizimi yaxshi ishlasa, jigarga tushadigan yuk kamayadi. Natijada organizm toksinlarni tez va samarali chiqarib tashlaydi.

Diindolilmetan va glyukorafanin birikmalari

4. Brokkoli. Jigar uchun foydali boʻlgan ushbu sabzavot antioksidantlarga boy. Undagi sulforafan moddasi jigarni zararli moddalardan himoyalab, yalligʻlanish jarayonlarini sekinlashtiradi.

 Qolaversa, brokkoli diindolilmetan va glyukorafanin kabi tabiiy birikmalar bilan jigar holatini yaxshilaydi. Bu moddalar saratonga qarshi xususiyatlar bilan bogʻliq va tabiiy detoksikasiya jarayonini qoʻllab-quvvatlaydi.

Zaytun yogʻi va yogʻli baliqlar

5. Zaytun yogʻi. U antioksidantlarga boy va jigarni erkin radikallardan asraydi. Undagi olein kislotasi yalligʻlanishni kamaytirib, jigar hujayralarini himoya qiladi. Shuningdek, zaytun yogʻi organizmdagi “yomon” xolesterinni kamaytirib, “yaxshi” xolesterinni oshiradi.

6. Yogʻli baliqlar. Ushbu mahsulot omega-3 yogʻ kislotalariga boy boʻlib, jigardagi yalligʻlanishni kamaytiradi. Undagi D, V12 vitaminlari, selen va yod moddasi organ faoliyatini yaxshilaydi. Qolaversa, yogʻli baliqlar sifatli protein manbai hisoblanadi. Protein esa jigar hujayralarining tiklanishi va yangilanishida muhim hisoblanadi.

Qizil lavlagi va yongʻoqlar

7. Qizil lavlagi. Uning tarkibidagi betanin moddasi jigar faoliyatini yaxshilab, detoksikasiya qobiliyatini oshiradi.

8. Yongʻoqlar. Bodom va yongʻoq omega-3 yogʻ kislotalari va E vitaminiga boy. Ular jigarni zararli moddalardan himoya qilib, yalligʻlanishni kamaytiradi.

Sarimsoq piyoz hamda suli yormasi

9. Sarimsoq piyoz. Ushbu mahsulot jigarni detoksikasiya qilishga yordam beradi. Oxirgi tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, u semirishning oldini oladi va tana vaznini kamaytirishga yordam beradi.

10. Suli yormasi. Yuqori darajada tolalarga boy boʻlgan ushbu mahsulot hazm qilish tizimini yaxshilab, toksinlarni organizmdan chiqarishga yordam beradi. Bu esa jigarga tushadigan yukni kamaytirib, uning faoliyatini yaxshilaydi.