O‘zbekiston bugundan jazirama issiqlikning birinchi bosqich ta’siriga o‘tadi
Joriy yilning 25-29-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha juda issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Joriy yilning 25-29-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha juda issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.
“O‘zgidromet”ning ma’lumoti
“O‘zgidromet”ning ma’lum qilishicha, Respublika hududining katta qismida(Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari) havo harorati kunduz kunlari 40-43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 44-45 darajagacha ko‘tariladi. Ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda ba’zida 20-23 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Uyquga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi iqlimiy muhit
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov ham o‘z sahifasi orqali Toshkent, Samarqand viloyatlari va vodiy kabi aholi zich iste’mol qiluvchi hududlarda issiqlikning yuqori ta’siri 26-27-iyul kunlariga to‘g‘ri kelishini qayd etgan. Ushbu issiqlik to‘lqini termik depressiya jarayoni bo‘lib, u joylarda tunlarda ham haroratning yuqori bo‘lishi, inson hafsalasini pir qiluvchi dim hamda uyquga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi iqlimiy muhitni taqdim etadi.
Quyosh urishidan saqlanish uchun tavsiyalar
Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholiga sutkaning 10.00 dan 17.00 muddatlari orasida imkon qadar ochiq osmon ya’ni quyosh tafti ostida harakatlanmaslikni tavsiya etmoqda. FVV anomal issiqlik to‘lqinining inson salomatligiga ta’sirini kamaytirishda bir nechta zarur tavsiyalarini berib o‘tdi.
Quyosh urishidan saqlanish uchun bir nechta qoidalarga rioya etish zarur:
Albatta yengil, yorqin rangli bosh kiyim kiying. Ko‘zingizga quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqing.
Suv ichish rejimiga amal qiling. Tartibsiz ko‘p miqdorda suv ichish faqat chanqoqni yaxshi bosmaydi, lekin yurakni zo‘riqtiradi. Yaxshisi achchiqroq damlangan choy, kvas, har xil sharbatlar, mineral suv iching. Uydan chiqishingizda o‘zingiz bilan olvoling.
Quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalaning.
Quyoshda bo‘lib qaytganingizdan so‘ng, dush qabul qiling yoki ho‘l sochiq bilan artining.
Och qoringa yoki ovqat yeganingizdan so‘ng darhol quyosh ostida bo‘lmang.



