$
 11789.33
4.03
 13702.74
7.04
 136.48
0.35
weather
+26
Кечаси   +14°

8-dekabrdan yangi tartib kuchga kirmoqda: Qoidabuzarlik haqida xabar berganlarga jarimaning 10 foizi beriladi

jarima

O‘zbekistonda litsenziya va ruxsatnomalar bilan bog‘liq qoidabuzarlik haqida xabar berganlarga pul mukofoti beriladi. Buning uchun holat haqida maxsus elektron tizim yoki Adliya vazirligining mobil ilovasi orqali xabar yuborish kifoya. Ma’lumot tasdiqlanib, aybdordan jarima undirilsa, uning 10 foizi xabar bergan odamga beriladi.

Xo‘sh, qoidabuzarlik haqida xabar berishda nimalarni ko‘rsatish kerak va mukofot puli qanday olinadi?

Qoidabuzarlik haqida xabar berishda nimalar ko‘rsatiladi?

Litsenziyalash, ruxsat berish yoki xabardor qilish tartiblarida qoidabuzarlikni aniqlagan fuqaro va tashkilotlar bu haqda vakolatli organga xabar berishi mumkin. Murojaat maxsus elektron tizim yoki Adliya vazirligining mobil ilovasi orqali yuboriladi.

Xabarda kerakli ma’lumotlar to‘liq ko‘rsatilishi lozim. Jumladan:

jismoniy shaxsning pasporti yoki ID karta ma’lumotlari;

telefon raqami;

pul mukofoti o‘tkazilishi uchun bank kartasi yoki hisobvarag‘i;

yuridik shaxs bo‘lsa, tashkilot nomi va STIRi;

qanday qoidabuzarlik sodir etilgani;

qoidabuzarlik sodir bo‘lgan joy;

holat haqida qisqacha ma’lumot.

Shundan so‘ng murojaat tegishli vakolatli organga yuboriladi. Belgilangan ma’lumotlardan tashqari xabar beruvchidan ortiqcha hujjat yoki qo‘shimcha ma’lumot talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Foto va videoda nimalar ko‘rinishi kerak?

Qoidabuzarlikni foto yoki videoga tushirib yuborish ham mumkin. Biroq materialda holatni tekshirishga yordam beradigan asosiy ma’lumotlar aniq ko‘rinishi kerak.

Foto va videoda:

sodir etilgan qoidabuzarlik;

qoidabuzar haqidagi ma’lumotlar, agar mavjud bo‘lsa;

qoidabuzarlik sodir etilgan sana;

qoidabuzarlik sodir etilgan vaqt aks etishi kerak.

Yuborilgan xabar vakolatli organ tomonidan 10 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi. Mutaxassislar ma’lumotlarni tekshirib, haqiqatan ham qoidabuzarlik sodir etilgan yoki etilmaganini aniqlaydi.

Agar aynan shu holat haqida boshqa odam oldinroq xabar bergan bo‘lsa yoki murojaatdagi zarur ma’lumotlar tasdiqlanmasa, xabar ko‘rib chiqilmasligi mumkin. Bunday qarorning sababi xabar bergan shaxsga elektron tizim yoki SMS orqali yetkaziladi.

Jarimaning 10 foizi xabar bergan odamga beriladi

Yangi tartibning eng qiziq tomoni — pul mukofoti. Agar fuqaro yuborgan ma’lumot tasdiqlansa, uning xabari asosida vakolatli organ yoki sud aybdorni javobgarlikka tortsa va belgilangan jarima undirilsa, xabar bergan odam ham pul oladi.

Mukofot miqdori undirilgan jarimaning 10 foizini tashkil qiladi. Masalan, aybdordan 10 million so‘m jarima undirilsa, xabar bergan shaxsga 1 million so‘m bir martalik mukofot beriladi.

Pul murojaat yuborishda ko‘rsatilgan bank kartasi yoki hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Ya’ni shunchaki xabar yuborishning o‘zi mukofot olish uchun yetarli emas — qoidabuzarlik tasdiqlanishi, aybdor javobgarlikka tortilishi va jarima amalda undirilishi kerak. Yangi tartib 2026-yil 8-dekabrdan kuchga kiradi.

Теги :
Jamiyat