$
 12957.01
-11.33
 13485.66
-6.6
 132.13
-0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Maktabdagi janjal bir oʻquvchining beli singani rostmi?

Janjal

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 285-maktabda ommaviy janjal sodir bo‘lgani, hatto bir o‘quvchining beli singani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy bayonot berdi.  

Voqea tafsilotlari

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, janjal 2025-yil 30-yanvar kuni soat taxminan 10:15 larda Yangihayot tumanidagi 285-sonli umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan. 11-“D” sinf o‘quvchisi O‘.K. tanaffus vaqtida maktabning ikkinchi qavati yo‘lagida 11-“B” sinf o‘quvchisi E.K. bilan tortishib qolgan. O‘.K. sinfdoshining yuz qismiga bir marotaba urgan, natijada boshqa o‘quvchilar ham janjalga qo‘shilgan.

Huquq-tartibot organlari aralashuvi

Voqea haqida xabar topgan maktab ma’muriyati darhol maktabga o‘rnatilgan tashvish tugmasini bosgan. Tez orada qo‘riqlash xizmati xodimlari va inspektor-psixolog yetib kelib, ommaviy tartibsizlikni to‘xtatgan. So‘ngra maktabga biriktirilgan inspektor-psixolog, katta leytenant N.O. janjal bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, ishtirokchilarni “Yorqin hayot” mahallasidagi profilaktika inspektori xonasiga olib borgan. U yerda o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. 

2 nafar oʻquvchi shifokorga murojaat qilgan

Janjalda qatnashgan o‘quvchilardan A.J. va S.M. shifokorga murojaat qilgan. Ularning ahvoli yaxshi bo‘lib, uylariga javob berilgan. 

Hozirda mazkur holat bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Maktabdagi mushtlashuvlar uchun qanday javobgarlik bor?

Maʼlumot uchun, maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi mushtlashuvlar qonun bilan tartibga solinadi va harakatlarning og‘irligiga qarab turli javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkin. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, bu choralar o‘quvchining yoshi, yetkazilgan zarar darajasi va huquqbuzarlikning jiddiyligiga bog‘liq holda belgilanadi. 

Agar mushtlashuv natijasida hech kimga jiddiy zarar yetmagan bo‘lsa yoki yengil tan jarohati yetkazilgan bo‘lsa, ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llaniladi. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ko‘ra, agar o‘quvchilar jamoat tartibini buzgan, mushtlashgan yoki qasddan bezorilik qilgan bo‘lsa, ularga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Voyaga yetmaganlar uchun esa bu jarimalarni ota-onasi yoki vasiylari to‘lashi lozim. 

Voyaga yetmaganlarning huquqbuzarligi uchun ota-onalar ham javobgar hisoblanadi. Kodeksning 61-moddasiga muvofiq, ota-onalar farzandining huquqbuzarligi uchun ogohlantirish yoki jarima shaklida jazoga tortilishi mumkin. 

Agar mushtlashuv natijasida o‘quvchilardan biri boshqasiga o‘rtacha yoki og‘ir tan jarohati yetkazgan bo‘lsa, jinoyat kodeksi asosida jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi. Jinoyat kodeksining 104-moddasiga ko‘ra, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 105-modda asosida o‘rtacha darajadagi shikast uchun axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash jazosi belgilanishi mumkin. Qasddan badanga yengil shikast yetkazganlik uchun esa 6 oygacha qamoq yoki jarima jazosi qo‘llaniladi. 

Maktab ichki tartib qoidalariga muvofiq, janjalda qatnashgan o‘quvchilarga intizomiy chora-tadbirlar qo‘llanadi. Ota-onasi maktabga chaqiriladi, o‘quvchiga ogohlantirish yoki hayfsan beriladi. Ayrim og‘ir holatlarda o‘quvchi maktabdan chetlashtirilishi yoki boshqa ta’lim muassasasiga o‘tkazilishi mumkin. 

Bundan tashqari, bunday holatlar yuzaga kelganida maktab inspektorlari, psixologlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan birgalikda profilaktik suhbatlar o‘tkaziladi. Agar o‘quvchi huquqbuzarlikni muntazam sodir etsa yoki janjallar doimiy takrorlansa, uni voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya hisobiga qo‘yish yoki shifokor-psixolog nazoratiga topshirish masalasi ko‘rib chiqiladi. 

2023-yilda O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida sodir etilgan bezorilik va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 1 500 dan ortiq ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ko‘plab ta’lim muassasalarida psixologik xizmatlar mustahkamlanmoqda va ichki nazorat tizimlari joriy etilmoqda. 

Теги :
Jamiyat