$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Senat nega issiqxona gazlarining chiqarilishini tartibga solishga oid qonunni rad etdi?

issiqxona

Senat yalpi majlisida “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda iqlim o‘zgarishining oldini olish, uning salbiy ta’sirini kamaytirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlandi.  

Biroq, sohani tartibga soluvchi qonun va normativ baza yaratilmagani issiqxona gazlarining chiqarilishini kamaytirishda iqtisodiy, texnologik va ekologik yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini cheklamoqda. Sohani xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish taqozo etilmoqda.

Qonunning mohiyati qanday?

Qonunda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish natijasida hosil bo‘ladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirishning tartibini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishining tizimli nazoratini ta’minlashga e’tibor qaratilgan.

Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklashning asosiy prinsiplari, monitoringi, hisoboti va verifikatsiya tizimi asoslari, tartibi, qisqartirilgan issiqxona gazlariga egalik qilish huquqlari belgilanmoqda.

Qayta koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan masalalar

Senatorlar tomonidan qonun bugungi kun uchun juda ham muhimligi, lekin unda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar ham mavjudligi alohida ta’kidlab o‘tildi.  

Jumladan, “issiqxona gazlari” tushunchasini qayta ko‘rib chiqish, mahalliy kengashlar yoki ijro hokimiyatining issiqxona gazlari chiqarilishini cheklash sohasidagi vakolatlarini aniq taqsimlash, qonunning ayrim moddalarini chiqarib tashlash lozimligi qayd etildi.

Qonunda vakolatli davlat organlarini aniq ochib berish, issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi davlat organlarining vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.  

Senatorlar qonun kelgusida huquqni qo‘llash amaliyotida ayrim nomuvofiqliklarni va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmasligi, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun talablariga mos kelishi lozim, degan xulosaga keldi.

Muhokama yakunida ushbu qonun senatorlar tomonidan rad etildi.

Теги :
Jamiyat