“Payvandchi, tikuvchi va oshpazni ham san’at yulduzlaridek qadrlashimiz kerak” — Azimjon Husanov
Sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan bo‘lsa-da, qo‘l mehnatiga asoslangan kasblarga ehtiyoj hali uzoq vaqt saqlanib qoladi. Bu haqda Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimida gapirdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan bo‘lsa-da, qo‘l mehnatiga asoslangan kasblarga ehtiyoj hali uzoq vaqt saqlanib qoladi. Bu haqda Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimida gapirdi.
“Payvandchining ishini yaqin orada sun’iy intellekt egallay olmaydi. Shifokorga ham hech kim hali-beri robotga ishonish niyatida emas. Demak, biz hali ham qo‘l mehnati bilan bajariladigan kasblarga ehtiyoj sezamiz”, — dedi Husanov.
Uning aytishicha, “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” tanlovini o‘tkazishdan asosiy maqsad ham ishchi kasblarning nufuzini oshirish va yoshlarni hunar o‘rganishga qiziqtirishdan iborat.
Bu yil tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi “Humo Arena”da o‘tkazildi. Ishtirokchilar qizil gilamda kutib olindi. Husanov buni bejiz emasligini aytib, jamiyatda payvandchi, tikuvchi yoki oshpazning mehnati ham sportchi va san’atkorlarniki kabi qadrlanishi kerakligini ta’kidladi.
“Sportchilarimiz, shaxmatchilarimiz, Olimpiada g‘oliblari va san’at yulduzlarini qanday e’zozlasak, payvandchini ham, tikuvchini ham, oshpazni ham shunday qadrlashimiz kerak”, — dedi u.
Tanlov g‘oliblari uchun keyingi bosqich xalqaro maydonda bo‘ladi. Husanovga ko‘ra, respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan yoshlar ikki yildan so‘ng Yaponiyada o‘tkaziladigan WorldSkills xalqaro chempionatiga davlat hisobidan yuboriladi.
Agar o‘zbekistonlik ishtirokchi WorldSkills’da g‘olib bo‘lsa, unga Prezident sovrini sifatida 100 ming AQSH dollari berilishi ko‘zda tutilgan.
Husanov kasbiy ta’lim o‘quvchilari uchun yana bir yangilikni ham ma’lum qildi. 2026–2027-o‘quv yilidan dual ta’lim tizimida davlat granti asosida tahsil olayotgan o‘quvchilarga 100 AQSH dollarigacha stipendiya berilishi rejalashtirilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” tanlovida yoshlar santexnika, payvandlash, elektromontaj, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, oshpazlik, moda texnologiyalari va boshqa amaliy kasblar bo‘yicha bellashdi. Respublika bosqichida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ishtirokchilar pul mukofotlari va medallar bilan taqdirlandi.



