$
 12178.85
49.84
 14053.18
84.2
 146.54
-1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh Eron neftiga 30 kunlik “yashil chiroq” yoqdi

-

So‘nggi kunlarda AQSh kutilmagan qaror qabul qilib, Eron neftiga qo‘yilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi. Bu qaror neft narxlarini pasaytirish va bozordagi keskin vaziyatni yumshatish bilan izohlanmoqda. Ammo mutaxassislar bu qadam atrofida ko‘plab savollar paydo bo‘lganini aytmoqda.

Xo‘sh, AQSh nima sababdan Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni yumshatdi?

Eron neftiga 30 kunlik ruxsat

20-mart kuni AQSh Moliya vazirligi Eron nefti va neft mahsulotlarini sotib olish hamda sotishga qo‘yilgan cheklovni 30 kun muddatga yumshatdi. Biroq bu ruxsat faqat avval jo‘natilgan va hozir yo‘lda bo‘lgan yuklarga taalluqli, yangi bitimlar tuzishga esa ruxsat berilmaydi.

AQSh moliya vaziri Skot Bessentning aytishicha, bu qaror jahon bozoriga taxminan 140 million barrel neft chiqishiga imkon berishi mumkin. Natijada global bozorda yuzaga kelgan taqchillik biroz kamayib, so‘nggi paytlarda keskin oshgan neft narxlari tushishi kutilmoqda. Hozirda Eron neftining asosiy xaridori Xitoy hisoblanadi va Pekin bu xomashyoni chegirma bilan sotib olmoqda.

Xitoy o‘rniga yangi xaridorlar paydo bo‘lishi mumkin

AQSh rasmiylari fikricha, sanksiyalar vaqtincha yumshatilsa, Eron nefti boshqa davlatlarga ham yo‘naltirilishi mumkin. Masalan, Hindiston, Yaponiya va Malayziya bu neftni sotib olishga qiziqish bildirishi mumkin.

Agar shunday bo‘lsa, Xitoy ham Eron neftini hozirgidek arzon narxda emas, balki bozor narxida sotib olishga majbur bo‘lishi mumkin. AQSh rasmiylari Eron nefti bozorga chiqsa, narxlar kamida 10–14 kun davomida pasayishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Qaror tanqid qilinmoqda

Shu bilan birga, ayrim ekspertlar bu qarorni keskin tanqid qilmoqda. Ularning fikricha, sanksiyalarni yumshatish Eron hukumatiga qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin.

Blackstone Compliance Services kompaniyasi direktori Devid Tannenbaum bu qarorni “mantiqsiz qadam” deb atadi. Uning aytishicha, Eron neftini sotishga ruxsat berish keyinchalik harbiy faoliyatni moliyalashtirishga ham xizmat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, mutaxassislar Eron nefti global narxlarni keskin tushira olishiga ham shubha bilan qaramoqda. Chunki muhokama qilinayotgan neft hajmi dunyo bozoridagi umumiy talabga nisbatan juda katta emas.

Ortiqcha neft deyarli yo‘q

Eron rasmiylari esa hozirda eksport qilish uchun ortiqcha neft zaxiralari deyarli yo‘qligini aytmoqda. Eron neft vazirligi vakiliga ko‘ra, tankerlar yoki boshqa bozorlarga yetkazib berish uchun katta hajmdagi neft mavjud emas.

Bundan tashqari, Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashgani sababli global neft yetkazib berishda ham muammolar paydo bo‘lgan. Jahon neft eksportining katta qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozida kema qatnovi deyarli to‘xtab qolgan va bu ham narxlarning oshishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli AQShning bu qarori vaqtincha bozorni tinchlantirish uchun qilingan qadam sifatida baholanmoqda, ammo uning haqiqiy ta’siri qanday bo‘lishi hozircha aniq emas.