$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Respublika bo‘yicha asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 1,4 barobar oshdi

kapital

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti 2024-yilning yanvar-iyun oylarida hududlarda asosiy kapitalga investitsiyalar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilish samaradorligini tahlil qildi.

IPI indeksi

Tahlil davomida IPI (Investment Perfomance Index - Investitsiyalarni jalb qilish samaradorligi indeksi) indeksidan foydalanildi. Ushbu indeks hududlarga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi hududning respublika taraqqiyotiga qo‘shayotgan ulushiga qanchalik mos ekanligini ko‘rsatadi. IPI indeksi uchun me’yordagi ko‘rsatkich 1,00 ga teng va bu hududning barqaror rivojlanishi uchun investitsiyalarni jalb qilish siyosati yaxshi yo‘lga qo‘yilganini anglatadi.

Investitsiyalar taqsimlanishidagi tafovutlar

2024-yilning yanvar-iyun oylarida respublika bo‘yicha asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 229,3 trln. so‘mga yetgan. Bu 2023-yilning mos davridagiga nisbatan 1,4 marotaba ko‘p. Xorijiy investitsiya va kreditlar hajmi 1,7 barobar oshgan va 157,6 trln. so‘mga teng bo‘lgan. Shunga qaramay, hududlar miqyosida investitsiyalarning taqsimlanishida tafovutlar saqlanib qolmoqda. Masalan, asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi bo‘yicha respublika miqyosidagi yuqori va quyi o‘rinlarni egallagan uch hudud qiymatlari orasidagi farq joriy yilning yanvar-iyun oylarida qariyb 4,4 baravarni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar bo‘yicha esa 3,8 baravarni tashkil etdi.

Hisoblangan IPI indeksi natijalari

2024-yilning dastlabki olti oyi ma’lumotlari asosida hisoblangan IPI indeksiga ko‘ra, quyidagilar aniqlandi:

Aksariyat hududlarda asosiy kapitalga investitsiyalar bo‘yicha me’yor ko‘rsatkichga qaraganda yuqori qiymatlar saqlanib qolmoqda. Bu borada Buxoro (2,35), Namangan (1,77) va Qashqadaryo (1,62) viloyatlari boshqalarga nisbatan ajralib turibdi. Samarqand (1,04) viloyati va Toshkent (0,94) shahrida me’yordagi ko‘rsatkichga yaqin qiymatlar qayd etildi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar bo‘yicha Andijon (1,00) viloyatida me’yordagi, Navoiy (0,96) va Samarqand (0,91) viloyatlarida me’yor ko‘rsatkichiga yaqin qiymat qayd etildi. Buxoro (2,92), Namangan (2,06), Jizzax (1,92) va Qashqadaryo (1,88) viloyatlarida me’yordagidan ancha yuqori natija kuzatildi. Toshkent shahrida (0,54) indeks 1 dan ancha past bo‘ldi.

Taqqoslash natijasida nimalar aniqlandi?

Shuningdek, tadqiqot davrida qayd etilgan ko‘rsatkichlarni avvalgi uch chorak natijalari bilan taqqoslash asosida quyidagilar aniqlandi:

So‘nggi yillarda asosiy kapitalga investitsiyalar tarkibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarining hajmi ortib borishi IPI indeks qiymatlarining tebranishiga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Buxoro viloyatida xorijiy investitsiyalar hisobidan quyosh va shamol elektrostansiyalari, shuningdek, gaz-kimyo majmuasining qurilishi kabi yirik loyihalar yuqori indeks qiymatining shakllanishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, Toshkent shahrida korxona mablag‘lari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar asosiy kapitalga investitsiyalarning muhim manbalari hisoblanadi. Bu esa IPI indeksi asosiy kapitalga investitsiyalar bo‘yicha normal ko‘rsatkichga yaqin, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar bo‘yicha normal ko‘rsatkichdan past ekanligini izohlaydi. Ta’kidlash kerakki, IPI indeksi hududlar miqyosida investitsiyalarning miqdor ko‘rsatkichlari asosida tahlil qilingan bo‘lib, ularning sifat ko‘rsatkichlarini anglatmaydi.