Global iqlim o‘zgarishi tufayli inson salomatligiga tahdid rekord darajaga yetdi
“The Lancet Countdown” hisobotiga ko‘ra, issiqlik to‘lqinlari, kuchli qurg‘oqchilik va halokatli toshqinlar ko‘plab mamlakatlarda o‘lim ko‘rsatkichlarini oshirib, iqtisodiyotga milliardlab dollar zarar yetkazgan. Chiqindi miqdori eng yuqori darajaga ko‘tarilib, butun dunyo bo‘ylab insoniyatning omon qolish imkoniyati keskin pasaydi.
3 daqiqa o‘qiladi

Har yili nashr etiladigan “The Lancet Countdown” hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab global iqlim o‘zgarishi oqibatida inson salomatligiga tahdid rekord darajaga yetgan. Bu ma’lumot aholi salomatligining o‘zgaruvchan holatini kuzatish natijasida taqdim etildi. Mazkur hujjat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), 57 ilmiy muassasa va BMT agentliklarining 122 nafar yetakchi eksperti tomonidan Jahon meteorologiya tashkiloti (VMO) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
O‘tgan yildagi holat
2023-yil eng issiq mavsum sifatida doimiy qurg‘oqchilik, halokatli issiqlik to‘lqini va halokatli o‘rmon yong‘inlari, bo‘ron va toshqinlar bilan odamlarning salomatligi, hayoti va turmush tarziga favqulodda ta’sir ko‘rsatgan edi.
O‘tgan yil insoniyat odatdagidan 50 kun ko‘proq sog‘liq uchun xavfli favqulodda haroratga duchor bo‘ldi va kuchli qurg‘oqchilik dunyo quruqlik maydonining 48 foiziga ta’sir ko‘rsatdi.
65 yoshdan oshganlar orasida issiqlik bilan bog‘liq o‘limlar 167 foizga oshdi
65 yoshdan oshganlar orasida issiqlik bilan bog‘liq o‘lim 1990-yillardagiga nisbatan 167 foiz oshdi. Butun dunyo bo‘ylab odamlar piyoda yoki velosipedda yurganda, ochiq havoda yengil jismoniy mashq bajarganda rekord darajadagi issiqlikni his qildi. Natijada, harorat ko‘tarilishi 512 milliard kishida ishchanlik yo‘qolishiga olib keldi. Ushbu yo‘qotishlar 1990-1999-yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 49 foiz oshib, 835 milliard dollarlik iqtisodiy miqdorga to‘g‘ri keldi.
Oxirgi 10 yil ichida 1961-1990-yillardagi holatga nisbatan dunyo quruqligining 61 foizida kuchli yog‘ingarchilik ko‘payishi kuzatilgan. Bu suv toshqini, yuqumli kasalliklar va suv ifloslanishi xavfini oshirdi.
Oziq-ovqat tanqisligi va yuqumli kasalliklar xavfini kuchaymoqda
Shu bilan bir vaqtda ortib borayotgan jazirama to‘lqini va qurg‘oqchilik 2022-yil 124 mamlakatda 151 milliondan ko‘p odamni jiddiy oziq-ovqat tanqisligiga duchor qildi. 2019 va 2023-yillar oralig‘ida ekstremal ob-havo hodisasidan jami yillik iqtisodiy yo‘qotish 227 milliard dollarni tashkil qildi.
Tez o‘zgaruvchan iqlim chivin orqali yuqumli kasalliklar tarqalishi uchun sharoit yaratdi.
Chiqindi miqdori eng yuqori darajaga ko‘tarildi
O‘tgan yil dunyoning 80 dan ortiq mamlakatida rekord darajada ko‘p – 5 milliondan ziyod dang bezgagi qayd etildi. Hisobotdagi yangilangan raqamlar hukumatlar va kompaniyalar tomonidan qazib olinadigan yonilg‘iga sarmoya kiritilishi tarixan eng yuqori darajaga chiqqanini ko‘rsatadi. Chiqindi miqdori eng yuqori darajaga ko‘tarilib, butun dunyo bo‘ylab odamzotning omon qolish imkoniyati pasaydi.
Energetika sektoridan ajralgan karbonat angidrid ham o‘tgan yil rekord o‘rnatib, 2022-yilga nisbatan 1,1 foiz ko‘paydi.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi harakatsizlik insoniyat uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda
Hisobotni sharhlarkan, “The Lancet Countdown” bosh ijrochi direktori Marina Romanello bu yilgi iqlim o‘zgarishi bo‘yicha harakatsizlik tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salomatlik xavfi tahlili chog‘i sakkiz yillik kuzatuv davomidagi eng xavotirli xulosa aniqlanganidan ogohlantirdi. U o‘tgan yili, jumladan, jazirama to‘lqini, halokatli ob-havo hodisasi va halokatli o‘rmon yong‘ini ta’siri bo‘yicha rekordlar yangilaganiga e’tibor qaratdi.
Sayyoramizdagi hech bir inson yoki iqtisodiyot sog‘liq uchun iqlim o‘zgarishi tufayli kelib chiqadigan tahdiddan himoyalanmagan. Yonilg‘idan foydalanish tinimsiz kengayishi va issiqxona gazi chiqindisining rekord darajaga yetishi bu xavflarni yanada kuchaytirmoqda. Natijada, sog‘liqni saqlash sohasida iqlim o‘zgarishiga qarshi erishilgan yutuqlar xavf ostida qolib, yo‘qqa chiqish tahdidi mavjud.



