$
 12199.10
30.12
 14585.24
-2.93
 160.49
0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

IQ reytingi yangilandi: Dunyo aholisi qanchalik aqlli?

iq

Aql darajasi faqat shaxsiy muvaffaqiyat emas, balki butun jamiyat taraqqiyotini ham belgilaydi. International IQ Test tashkilotining 2026-yil boshiga mo‘ljallangan yangi reytingi qaysi davlatlar intellektual jihatdan yetakchi ekanini va qayerlarda muammolar borligini ko‘rsatib berdi. Bu ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor. Biroq natijalar kutilganidek emas. 

Xo‘sh, O‘zbekiston bu reytingda nega pastki o‘rinda qayd etildi?

IQ reytingi qanday aniqlanadi?

Reyting barcha davlatlar uchun bir xil shartlarda tuzilgan. Ishtirokchilar mantiqiy shakl va rasmlar asosidagi topshiriqlarni bajargan, testda matnli savollar bo‘lmagan. Shu sabab til yoki madaniyat natijaga ta’sir qilmagan. O‘rtacha global IQ darajasi 100 ball deb belgilangan.

Natijalar ishonchli bo‘lishi uchun tizim qat’iy nazorat o‘rnatgan. Testni qayta-qayta topshirganlar yoki sun’iy dasturlar yordamida yechganlar aniqlanib, ularning ballari bekor qilingan. Bunda texnik ma’lumotlar va internet manzillar tekshirilgan.

Sharqiy Osiyo oldinda

2026-yilgi reytingda Sharqiy Osiyo mamlakatlari yana oldinga chiqdi. Janubiy Koreya 106,97 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Xitoy 106,48 ball bilan ikkinchi, Yaponiya esa 106,3 ball bilan uchinchi pog‘onada joylashdi. Kuchli beshlikni Eron va Avstraliya yakunladi.

Kuchli o‘ntalikdan Rossiya, Singapur, Mo‘g‘uliston, Yangi Zelandiya va Vyetnam ham o‘rin oldi. AQSh aholisi 101,04 ball bilan 18-o‘rinda qayd etildi. Xitoy natijasiga Gonkong va Tayvan hududlarining yuqori ballari ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgani qayd etildi.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyo natijalari

O‘zbekiston 96,51 ball bilan dunyo reytingida 75-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 0,28 ballga pasaygan. Testda 4 671 nafar o‘zbekistonlik ishtirok etgan.

Mintaqadagi boshqa davlatlar orasida Qozog‘iston 80-o‘rinda, Qirg‘iziston 93-o‘rinda, Tojikiston esa 101-o‘rinda qayd etildi. Turkmaniston esa ishtirokchilar soni juda kam bo‘lgani sabab umumiy reytingga kiritilmadi.

Reyting qanchalik aniq?

Mutaxassislarning aytishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi IQ farqlari bir nechta omillar bilan bog‘liq. Sifatli ta’lim, sog‘lom ovqatlanish, shaxmat kabi intellektual o‘yinlarning ommabopligi va ikki tillilik fikrlash qobiliyatini oshiradi. Ayrim hududlarda infeksion kasalliklarning ko‘pligi esa kognitiv rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Olimlar IQdagi farqlarning 50–80 foizi irsiy omillar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Shu bilan birga, dunyoda “Flinn effekti” kuzatilmoqda. Bu har o‘n yilda o‘rtacha IQ 2,31 ballga oshib borayotganini anglatadi. Ammo reyting faqat internet foydalanuvchilari orasida o‘tkazilganini unutmaslik kerak. 2025-yilda dunyo aholisining faqat 74 foizi internetdan foydalangan. Qolaversa, IQ testi ijodkorlik yoki muloqot qobiliyatini emas, faqat mantiqiy fikrlashni baholaydi.

Теги :
Jamiyat