$
 12072.96
52.48
 14177.28
128.95
 161.17
2.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Bu vaqtinchalik muammo emas, Apple’da yechim yo‘q

iphone air

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va forumlarda iPhone egalari g‘alati muammodan nolib qolishdi. Agar telefon quvvati to‘liq tugab, o‘chib qolsa, uni umuman qayta yoqishning iloji bo‘lmayapti. Na quvvatlanayotgani ko‘rinadi, na ekran yonadi — smartfon shunchaki hech narsaga yaramaydigan “temir-tersak”ka aylanib qolyapti.

Bu muammo asosan yangi iPhone Air, shuningdek, iPhone 17 va ba'zi iPhone 16 modellarida kuzatilmoqda.

Nima qilish kerak?

Ushbu “g‘isht”larni hayotga qaytarish uchun foydalanuvchilar turli usullarni sinab ko‘rishmoqda. Hozircha eng yaxshi foyda berayotgan usul — simsiz quvvatlash (MagSafe). Telefonni MagSafe’ga ulab, 15–30 daqiqa sabr qilsangiz, u yana ishga tushib ketishi mumkin ekan. Hatto Apple do‘koni xodimlari ham mijozlarga aynan shu usulni qo‘llab berishgan. Yana bir variant sifatida oddiy Type-C o‘rniga, eskiroq USB-A kabelidan foydalanib ko‘rish tavsiya qilinmoqda.

Muammo nimada o‘zi?

Hozircha Apple jim, kompaniya hech qanday rasmiy izoh bermadi. Tarmoqdagi foydalanuvchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, bu “kasallik” asosan iOS 26.4 va so‘nggi beta yangilanishlardan keyin tarqalayotgan bo‘lishi mumkin. Agar kompaniya tez orada xatolikni to‘g‘irlovchi “patch” (yangilanish) chiqarmasa, bu iOS tarixidagi navbatdagi katta muammolar ro'yxatiga qo'shiladi.

Vaziyatni chigallashtirayotgan yana bir holat shuki, xuddi shu modellarda (iPhone 17 va Air) aloqa bilan bog‘liq boshqa kamchiliklar ham quloqqa chalinyapti. Ko‘pchilikda LTE/5G tarmog‘i tez-tez uzilib qolayotgani, umuman signal yo‘qolishi va internet tezligi tushib ketayotgani aytilmoqda.

Apple uchun bu birinchi marta emas

Umuman olganda, Apple'ning yirik nosozliklarga duch kelishi yangilik emas. Keling, o‘tmishdagi eng mashhur texnik xatoliklarni eslaymiz:

  • “Bendgate”: iPhone 6 va 6 Plus modellarining cho‘ntakda osongina egilib, bukilib qolishi. Shuningdek, xuddi shu modellarda ekrandagi sensorlarning ommaviy ishdan chiqishi.
  • “Batterygate”: Kompaniya yangi modellar o'tishi uchun eski iPhone’larning ishlashini ataylab sekinlashtirgani.
  • Boot Loop: Telefonning tinimsiz ravishda o'z-o'zidan qayta yuklanaverishi.
  • Ekrandagi chiziqlar: iPhone 12, 13, 14 va 15 Pro modellarida ekran to‘satdan yashil yoki pushti rangli chiziqlar bilan qoplanib qolishi.
  • “Qaynoq” smartfonlar: iPhone 15 Pro ilk chiqqan vaqtlarida video olayotganda shunchalik qizib ketardiki, oxiri o‘z-o‘zidan o‘chib qolardi.

Xullas, hozircha eng yaxshi maslahat: agar sizda yuqoridagi yangi modellardan biri bo‘lsa, aslo zaryadi to‘liq tugab, telefon o‘chib qolishiga yo‘l qo‘ymang. Quvvatlagichingizni o'zingiz bilan olib yuring.