Inson hayotini saqlab qolishga xizmat qilayotgan muhim kashfiyotlar beshtaligi
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, rentgen, nur terapiyasi, sun’iy yurak klapani, defibrillyator va stent kabi kashfiyotlar uzoq yillardan buyon millionlab insonlarning hayotini saqlab qolishga yordam bermoqda.
3 daqiqa o‘qiladi

Bilamizki, tibbiyot muntazam izlanishlar olib boriladigan soha boʻlib, dunyo olimlari inson salomatligini asrash uchun tinimsiz tadqiqotlar oʻtkazadi. Quyida o‘sha kashfiyotlar ba’zilari haqida ma'lumot berib oʻtamiz.
Rentgen
Germaniyaning Vyursburg universiteti fizigi Vilgelm Konrad Rentgen 1895-yilda tasodifiy tarzda rentgenni kashf qilgan. U katod trubkasidagi yorug‘likni oʻrganayotganda, toʻsatdan qurilmani yoqib-oʻchirish vaqtida yaqin atrofda turgan, bariy platinosianid kristallari bilan qoplangan kartonda porlash paydo boʻlayotgani va yoʻqolayotganini koʻrdi. Bunda katod trubkasi qora qalin qog‘oz bilan oʻralgan edi. Olim katod trubkasini yoqib oʻchirganida u sezgir bariy platinosianid kristallarini porlashiga olib keladigan, hamma joyga kirib boruvchi nurlanish manbai boʻlib xizmat qiladi, degan xulosaga keldi. Shu tariqa hayotimiz uchun muhim bo‘lgan roentgen apparati paydo bo‘lgan.
Nur terapiyasi
Saratonga qarshi kurashdagi birinchi samarali usul nur terapiyasidir. 1895-yilda X-nurlari kashf etilgandan soʻng deyarli darhol olimlar nurlanish ta'sir qiladigan tananing a'zolarida kuyishlar paydo boʻlishini payqashdi. Bu esa rentgen nurlanishi bilan saraton hujayralarini yoʻq qilish g‘oyasini keltirib chiqardi. Birinchi rentgen terapiyasi seansi 1896-yilda Chikagoda koʻkrak bezi saratoni bilan og‘rigan ayolda oʻtkazildi. Bu turdagi nur terapiyasi hali ham oʻpka saratonida qoʻllaniladi va 10-15% hollarda toʻliq davolanishga olib keladi.
Sun’iy yurak klapani
Sun'iy yurak klapanining hayotga tatbiq etilishi kardiologiyaning rivoji va inson tanasi tomonidan rad etilmaydigan sintetik toʻqimalar hamda polimer materiallarni yaratish texnologiyalarining paydo boʻlishi bilan mumkin boʻldi. U tufayli millionlab odamlarning hayoti saqlanib qoldi. Inson yuragi toʻrt kameradan iborat boʻlib, 4 ta klapandan bittasining faoliyati buzilishi ham butun yurak ishining buzilishiga olib keladi. 1957-yilda birinchi sun'iy ishlaydigan klapan taqdim etilgan. Hozirda yasalgan materialining turiga qarab, klapanlarning bir necha xillari mavjud.
Defibrillyator
Elektr razryadi bilan yurak mushaklarining majburiy ishga tushirilishi natijasida koʻplab insonlarning hayoti saqlab qolingan. Ushbu qurilma “defibrillyator” deb ataladi — turli qismlar mushaklarining qisqarishi g‘ayritabiiy aritmik tarzda sodir boʻlgandagi yurak fibrillyatsiyasiga teskari ravishda shunday nomlangan. Kuchli fibrillyatsiyada yurak toʻxtaydi.
Ushbu hodisa birinchi marta 1899-yilda Jan-Lui Prevo va Frederik Batelli tomonidan oʻrganilgan. 1930-yillarda turli mamlakatlarda hayvonlarda elektroshok defibrillyatsiyasini amalga oshirish imkoni oʻrganilgan. 1956-yilga kelib, Pol Zoll insondagi ochiq yurak operatsiyasi vaqtida 110 voltli oʻzgaruvchan tok bosimi yordamida birinchi muvaffaqiyatli defibrillyatsiyani amalga oshirgan. 1960-yildan boshlab deyarli bir vaqtning oʻzida bir nechta mamlakatlarda avtonom defibrillyatorlar yaratilgan.
Stent
Kardiojarrohlar tomirning zararlangan joyini almashtirish g‘oyasini uzoq muhokama qilishgan, ammo qiyinchilik stent materiallarini va uni oʻrnatish texnologiyasini toʻg‘ri tanlashda edi. Nihoyat, 1986-yilda Jak Puel va Ulrix Zigvart Fransiyada birinchi marta bemorga stent oʻrnatdilar. Birinchi stentlar sof metalldan yasalgan naychaga oʻxshardi. Hozir esa ular halqalar va boshqa koʻrinishdagi toʻrsimon shaklda boʻlishi mumkin. Ularni ishlab chiqarish uchun turli xil materiallar qoʻllaniladi.
Tromblar vujudga kelish xavfini kamaytirish uchun oʻzidan dori chiqaradigan stentlar ham mavjud. Stentning ixtirosi va implantasiyasi millionlab odamlarning hayotini saqlab qoldi.
Ma’lumot uchun, shu paytgacha yurak ishemik kasalligining oʻz vaqtida tashxis qilinmagani tufayli dunyoda har yili 7 millionga yaqin odam vafot etadi.



