O‘zbekiston bo‘ylab 481 mingdan ortiq ish beruvchi majburiy sug‘urtalash talablariga rioya qilmagan
Bandlik vaziri ma’lumotlariga ko‘ra, hududlar bo‘yicha eng ko‘p qonunbuzarlik Toshkent shahrida (81 ming) qayd etilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Ish beruvchilar o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalashi shart, deb xabar bermoqda Bandlik vazirligi.
481 mingdan ortiq ish beruvchi majburiy sug‘urtalash talablariga rioya qilmagan
“Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga asosan “Xodim o‘z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan uning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha ish beruvchi o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalashi shart”. Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan yuqoridagi qonun talablarining bajarilishi Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (ersp.e-osgo.uz) orqali o‘rganilganda respublikamizdagi 481 mingdan ortiq ish beruvchilar o‘zlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalamaganligi aniqlangan.
Qaysi hududda ish beruvchilar sug‘urtalash qoidalarini eng ko‘p e’tiborsiz qoldirgan?
Toshkent shahrida – 81 ming;
Samarqand viloyatida – 48 ming;
Toshkent viloyatida – 46 ming;
Farg‘ona viloyatida – 46 ming;
Qashqadaryo viloyatida – 35 ming;
Andijon viloyatida – 30 ming;
Buxoro viloyatida – 30 ming;
Namangan viloyatida – 27 ming;
Xorazm viloyatida – 26 ming;
Navoiy viloyatida – 24 ming;
Surxondaryo viloyatida – 24 ming;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 24 ming;
Jizzax viloyatida – 22 ming;
Sirdaryo viloyatida – 13 ming.
Ma’muriy jarima qo‘llaniladi
Sug‘urta qilmaslik - ish beruvchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 49²-moddasiga asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari, ya’ni hozirgi kunda 5 625 000 so‘mgacha, bir yil davomida takroran sodir etilganda bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari, ya’ni 11 250 000 so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urta qilinmaganligi ersp.e-osgo.uz orqali aniqlangan taqdirda, ma’muriy jarima qo‘llaniladi.



