$
 12136.57
-0.53
 14318.73
11.52
 157.70
-0.83
weather
+26
Кечаси   +14°

Halok bo‘lgan YPX xodimi so‘nggi manzilga kuzatildi

-

Qashqadaryo viloyatida Toshkent shahar IIBB YHXB yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarov bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. U Toshkentda BMW avtomobili urib ketishi oqibatida olgan og‘ir tan jarohatlari sabab vafot etgan edi. Yo‘l-transport hodisasi poytaxtda inspektor xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida sodir bo‘lgan. U og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmadi.

Vidolashuv marosimi

Dafn marosimi marhumning tug‘ilib o‘sgan yurti — Qashqadaryo viloyatida o‘tkazildi. Uni so‘nggi manzilga kuzatish uchun Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, Respublika yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakillari, viloyat rahbariyati, hamkasblari, yaqinlari hamda ko‘plab fuqarolar tashrif buyurdi.

Marosim alohida hurmat bajo keltirilgan holda o‘tdi. Xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodim ilk bor davlat bayrog‘iga o‘ralgan holda so‘nggi yo‘lga kuzatildi. Dafndan so‘ng bayroq va harbiy unvon uning otasiga topshirildi. Shuningdek, marhum sharafiga motam qurolli salyuti yangradi.

Ichki ishlar vazirligida Hosilbek Eshnazarovning qasamyodga sadoqati, xizmat burchiga fidoyiligi va jasorati alohida ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun

Hosilbek Eshnazarov 1993-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. U 2022-yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilgan. Undan uch nafar farzand qoldi.