“InnoWeek-2024” haftaligi O‘zbekistonga nimalarni va’da qilmoqda?
Joriy yilning 14-16-noyabr kunlari Toshkentda “InnoWeek-2024” Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi o‘tkaziladi. Tadbir O‘zbekiston va dunyoning 30 ga yaqin davlatidan kelgan 150 dan ortiq ekspert va innovatsion texnologiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassislarni bir maydonda to‘playdi.
2 daqiqa o‘qiladi

13-noyabr kuni AOKAda “InnoWeek.Uz-2024” haftaligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Innovatsion rivojlanish agentligi rahbari va boshqa mas’ullar ishtirok etdi. 14-16 noyabr kunlari “Barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar” shiori ostidagi haftalikda 30 dan ortiq davlat vakillari qatnashib, 500 dan ortiq innovasion mahsulotlar ko‘rgazmaga qo‘yiladi.
Global innovatsiya indeksi: Top-50 yo‘lidagi qadamlar
Haftalikda Xitoy, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlardan kelgan mutaxassislar ilm-fan va innovatsiyadagi o‘zgarishlar haqida fikr almashadilar. Shuningdek, “Global innovatsiya indeksi” forumida Global innovatsiya indeksi reytingida jahonning top 50 mamlakatlari qatoriga kirishiga erishish va ushbu yoʻlda bajarilishi zarur boʻlgan ishlar muhokama etiladi.
Innovatsion ekotizim muhokamalari
Haftalikning ilk kuni “Hududlarni innovatsion rivojlantirish” mavzusida xalqaro seminar o‘tkaziladi. Unda Turkiya va Ispaniyaning innovatsion ekotizimdagi tajribalari ko‘rib chiqiladi.
Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘zbek-eron innovasion texnologiyalar forumi ham o‘tkaziladi. Forum doirasida biotexnologiya, farmasevtika va axborot texnologiyalari sohalarida B2B uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
“Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni sovrindorlari taqdirlanadi
Forum yakunida “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi. “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni bilan innovatsion gʻoya va texnologiyalarni rivojlantirish, amaliyotga tatbiq etishga munosib hissa qoʻshgan iqtidorli yoshlar, yosh olimlar, talabalar va tashabbuskor fuqarolar taqdirlanadi. Maqsad innovatsion gʻoya va texnologiyalarni rivojlantirish, amaliyotga tatbiq etishga munosib hissa qoʻshib kelayotganlarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish va erishgan yutuqlarini munosib taqdirlashdan iborat. Bu yil tanlovga respublika miqyosida 100 ga yaqin nomzodlardan hujjat topshirilgan. Shuningdek, haftalikda iqtidorli va muhandis yoshlar uchun alohida pavilion tashkil etilib, unda robototexnika, dron reysing, xakaton, art injiniring, VR/AR, 3D modellashtirish, dasturlash kabi yoʻnalishlardagi turli musobaqalarga 1200 dan ortiq yoshlar jalb qilinib, musobaqa yakuni boʻyicha 70 nafar gʻoliblar taqdirlanadi.
Yosh olimlar uchun imkoniyatlar
Yosh olimlar uchun “Fan va innovatsiyalar” xalqaro konferensiyasi tashkil etiladi. Konferensiyada Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy kabi davlatlardan olimlar ishtirok etib, biotexnologiya va genetika sohasidagi yutuqlarni muhokama qiladilar.
“Urban.Tech Uzbekistan 24” xakatonida 18-30 yoshdagi yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga innovatsion yechimlar taqdim etadi. Har bir tadbir yoshlar va innovasion g‘oyalar uchun imkoniyatlarni kengaytirishni maqsad qilgan.



