O‘zbekistonliklar inflyatsiya kuchayishidan xavotirlanmoqda
Markaziy bank inflyatsion kutilmalarni e’lon qildi.
1 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank inflyatsion kutilmalarni e’lon qildi.
So‘rovnoma natijalari
Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, tadbirkorlar va aholining kommunal xizmatlar qimmatlashuvidan xavotir darajasi ortgan. O‘tgan oyda jami 1971 ta respondent o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsiya bo‘yicha yillik kutilmalari 1,2 (foiz) bandga ko‘tarilib, 14 foizni tashkil etgan.
Kelajakda kutilmalari
Respondentlar kelajakda narxlar ko‘tarilishiga avvalo kommunal xizmat narxlarining ortishi (55 foiz), valyuta kursining o‘zgarishi (55 foiz), monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi (29 foiz), transport xarajatlarining oshishi (28 foiz) kabi omillar ta’sir qiladi, degan fikr bildirgan.
O‘zgarishlar hududlar kesimida
Aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lsa, eng past inflyatsion kutilmalar Qoraqalpog‘iston Respublikasida istiqomat qiladigan aholi tomonidan qayd etilgan. Tadbirkorlik subyektlarining eng yuqori inflyatsion kutilmalari Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lsa, eng past kutilmalar Surxondaryo viloyatida faoliyat olib boradigan tadbirkorlar tomonidan qayd etilgan.



