Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 75 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +6°

Go‘sht va sutdan tabiiy gazgacha: Oziq-ovqat va energiya narxlari o‘sishda davom etyapti

Markaziy bank so‘rovnomalaridan ma’lum bo‘lishicha, aholi va tadbirkorlar orasida kelgusi oylarda narxlarning o‘sishi borasidagi kutilmalar ham yuqori bo‘lib qolmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

inflatsiya oziq ovqat narxlar

O‘zbekistonda oziq-ovqat va yoqilg‘i mahsulotlari narxlari o‘sishda davom etmoqda. Markaziy bank so‘rovnomalaridan ma’lum bo‘lishicha, aholi va tadbirkorlar orasida kelgusi oylarda narxlarning o‘sishi borasidagi kutilmalar ham yuqori bo‘lib qolayotgani, shuningdek, sezilgan inflyatsiya darajasi turli hududlarda turlicha ekanligi qayd etildi.

Oziq-ovqat, yoqilg‘i va energiya narxlaridagi o‘sish

Oktyabr oyida narxlarida yuqori o‘sish qayd etilgan tovar va xizmatlar uchligi o‘zgarishsiz qolgan. So‘rovnomada qatnashganlarning 51%i go‘sht va sut, 37%i benzin va yoqilg‘i, 35%i elektr va tabiiy gaz narxlari yuqori darajada o‘sganini qayd etishgan.

Eng yuqori sezilgan inflyatsiya Andijon viloyatida deb ko‘rsatilgan (15,0%). Toshkent shahridagi sezilgan inflyatsiya darajasi ham 15,4%dan 13,3%gacha tushgan.

Aholining kutilmalari

Aholining inflyatsion kutilmalari ko‘p jihatdan maishiy xizmatlar sohasi vakillari tomonidan yuqori baholangan bo‘lsa, ishlab chiqarish sohasi vakillari narxlarning nisbatan barqaror qolishiga ishonmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, tashish xizmati sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar yuqori inflyatsion kutilmalarni bildirgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari narxlarning pastroq darajada o‘sishini kutmoqdalar. Toshkent viloyatidagi aholi orasida inflyatsion kutilmalar eng yuqori, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi aholining inflyatsion kutilmalari nisbatan past. Tadbirkorlik subyektlarida ham viloyatlar bo‘yicha farqlar kuzatildi: Navoiy viloyatidagi tadbirkorlar yuqori inflyatsiya kutilmalarini bildirgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istondagi tadbirkorlar narxlarning barqarorligiga ishonch bildirib kelmoqdalar. Kelgusida narxlarni oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida kommunal xizmatlar qimmatlashishi, ish haqi oshirilishi va soliq yukining yuqoriligini belgilagan tadbirkorlar ulushi kamaygan.

So‘rovnoma natijalari jiddiy filtrlangan bo‘lishi mumkin

Hududlar kesimida inflyatsiya bo‘yicha javoblar taqsimoti ochiqlanmagan. Iqtisodchi Otabek Bakirov buning sababini solishtirganda savollar yanada ko‘payib ketmasligi uchun bo‘lsa kerak, deya izohlamoqda:

“Inflyatsiya kutilmalari va sezilmalari bo‘yicha oktyabr ma’lumotlaridan shunaqa tasavvur uyg‘onadiki, so‘rovnoma natijalari jiddiy filtrlangan va qayta guruhlangan, ayniqsa Toshkent shahri bo‘yicha. Markaziy bank so‘rovnomalarining ijro hokimiyati istaklariga moslashtirilishi va xizmat qila boshlashi juda xunuk ishora,” — deydi iqtisodchi.

Aholi daromadlarining inflyatsion kutilmalarga ta’siri bor

Daromadlari 7 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholi inflyatsiyani yuqori darajada sezgan. Oktyabr oyida aholi tomonidan sezilgan umumiy inflyatsiya darajasi esa o‘tgan oyga nisbatan biroz pasayib, 13,2 foizni tashkil etdi. Ta’lim va turizm sohalari vakillari orasida yuqori inflyatsion sezgi qayd etilgan bo‘lsa, ishlab chiqarish sohasi vakillari orasida nisbatan past inflyatsiya sezildi.