$
 12013.40
-36.04
 13831.03
-193.31
 163.87
-0.05
weather
+26
Кечаси   +14°

Kichik kvartiralar “defitsit”ga aylanmoqda: Toshkent ijara bozorida nima gap?

ijara

Poytaxtdagi ijara bozorida qiziq tendensiya kuzatilmoqda. So‘nggi bir yil ichida 1 xonali uylar narxi 14 foizdan ko‘proqqa oshgan bo‘lsa, 4 xonali va undan katta xonadonlar aksincha 20 foizga arzonlashgan. Shu bilan birga, may oyida ijara e’lonlari soni bir oyda qariyb 21 foizga kamayib, bozordagi taklif sezilarli qisqardi. Eng qimmat va eng arzon tumanlar o‘rtasidagi farq esa ayrim joylarda 650 dollargacha yetmoqda.

Xo‘sh, bugun eng arzon uylarni Toshkentning qaysi tumanlaridan topish mumkin?

Bozorning katta qismi uch tumanda jamlangan

2026-yil may oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining umumiy median narxi 550 dollarni tashkil etdi. Bu aprel oyidagi ko‘rsatkich bilan bir xil bo‘lib qolgan. O‘tgan yilning may oyiga nisbatan esa ijara narxlari o‘rtacha 10 foizga yuqoriroq shakllangan.

May oyida ijara e’lonlari soni 18,1 mingtagacha tushib ketdi. Taqqoslash uchun, yanvar–mart oylarida o‘rtacha 22,6 mingta, aprel oyida esa 22,8 mingta e’lon mavjud edi. Shunday qilib, bir oy ichida bozor taklifi qariyb 21 foizga qisqargan.

Takliflar soni bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani yetakchilik qilmoqda. Barcha e’lonlarning 16,9 foizi aynan shu tumanga to‘g‘ri keladi. Mirobod tumani 12,9 foiz, Yunusobod tumani esa 12,6 foiz ulush bilan keyingi o‘rinlarni egallagan. Ushbu uch tuman Toshkentdagi barcha ijara takliflarining 42,4 foizini qamrab olgan.

Toshkentda eng ko‘p ijaraga berilayotgan uylar qaysilar?

Bozorning asosiy qismini 2 xonali xonadonlar tashkil qilmoqda. May oyidagi e’lonlarning 59,6 foizi aynan shu segment hissasiga to‘g‘ri kelgan.

3 xonali uylarning ulushi 26 foizni, 1 xonali uylar 10,9 foizni, 4 xonali va undan katta uylar esa atigi 3,5 foizni tashkil etgan.

Umuman olganda, barcha e’lonlarning qariyb 86 foizi 2 va 3 xonali xonadonlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Kichik uylar qimmatlashmoqda, katta uylar esa arzon

2026-yil may oyida Toshkent bo‘yicha median ijara narxlari quyidagicha shakllandi:

1 xonali uylar — 400 dollar

2 xonali uylar — 500 dollar

3 xonali uylar — 700 dollar

4 xonali va undan katta uylar — 800 dollar

O‘tgan yilning may oyiga nisbatan 1 xonali uylar narxi 14,3 foizga oshgan. 2 va 3 xonali uylar narxida deyarli o‘zgarish kuzatilmagan. 4 xonali va undan katta xonadonlar esa aksincha 20 foizga arzonlashgan.

Bir yillik o‘zgarishlar tumanlar kesimida ham sezilarli farq qilgan. 1 xonali uylar narxi eng ko‘p Uchtepada 32 foizga, Yakkasaroyda 22 foizga, Sergelida 17 foizga, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohurda esa 14 foizga oshgan.

2 xonali uylar segmentida Olmazor tumani yetakchilik qilib, narxlar bir yilda 20 foizga ko‘tarilgan. Yashnobodda o‘sish 11 foizni, Mirzo Ulug‘bekda 10 foizni, Shayxontohur va Yakkasaroyda esa 8 foizni tashkil qilgan.

3 xonali uylar narxi Yashnobodda 10 foizga, Yunusobodda 8 foizga, Yakkasaroyda 6 foizga va Sergelida 5 foizga oshgan.

4 xonali va undan katta uylar segmentida esa aksariyat tumanlarda pasayish kuzatilgan. Eng katta pasayish Olmazorda qayd etilib, narxlar 23 foizga tushgan. Yunusobodda 14 foiz, Yakkasaroyda 12 foiz, Chilonzor va Uchtepada esa 9 foizlik pasayish qayd etilgan.

Eng qimmat va eng arzon tumanlar qaysi?

1 xonali uylar bo‘yicha eng qimmat hudud Mirobod tumani bo‘lib, o‘rtacha ijara narxi 600 dollarni tashkil qilgan. Yakkasaroyda bu ko‘rsatkich 550 dollar, Shayxontohurda 500 dollar bo‘lgan.

Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Yashnobodda 1 xonali uylar 400 dollar atrofida ijaraga berilmoqda. Chilonzorda o‘rtacha narx 393 dollarni tashkil etgan. Eng arzon tumanlar esa Olmazor, Sergeli va Uchtepa bo‘lib, bu yerda 1 xonali uylarni 350 dollarga topish mumkin.

2 xonali uylar segmentida Mirobod va Shayxontohur tumanlari eng qimmat hududlar bo‘lib, narxlar 700 dollarni tashkil qilgan. Yakkasaroyda o‘rtacha narx 650 dollar, Mirzo Ulug‘bekda 550 dollar, Yunusobod va Yashnobodda esa 500 dollar bo‘lgan.

Olmazorda 480 dollar, Chilonzorda 450 dollar, Sergeli va Uchtepada esa 400 dollarlik takliflar ustunlik qilmoqda. 3 xonali uylar bozorida ham Mirobod va Shayxontohur yetakchi.

Har ikki tumanda o‘rtacha narx 1000 dollarga yetgan. Yakkasaroyda 900 dollar, Mirzo Ulug‘bekda 700 dollar, Yunusobodda 650 dollar, Yashnobod va Olmazorda 550 dollar, Chilonzorda 500 dollar, Sergeli va Uchtepada esa 450 dollarni tashkil etgan.

4 xonali va undan katta uylar segmentida Mirobod eng qimmat hudud bo‘lib qolmoqda. Bu yerda o‘rtacha narx 1150 dollar. Yakkasaroyda 1100 dollar, Shayxontohurda 800 dollar, Mirzo Ulug‘bekda 750 dollar, Yunusobod va Yashnobodda 600 dollarni tashkil qilgan.

Sergelida 550 dollar, Olmazor, Chilonzor va Uchtepada esa 500 dollarlik takliflar uchraydi.

Qimmat va arzon tumanlar o‘rtasidagi farq tobora kattalashmoqda

May oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 1 xonali uylar segmentida eng qimmat va eng arzon hududlar o‘rtasidagi farq 250 dollarni tashkil qilgan. Mirobodda 600 dollarlik uy Olmazor, Sergeli yoki Uchtepadagi 350 dollarlik uyga nisbatan ancha qimmat.

2 xonali uylar segmentida farq 300 dollarga yetgan. Mirobod va Shayxontohurdagi 700 dollarlik uylar Sergeli va Uchtepadagi 400 dollarlik uylar bilan solishtirilganda deyarli ikki baravar qimmat.

3 xonali uylar segmentida tafovut 550 dollarni tashkil etgan. Mirobod va Shayxontohurdagi 1000 dollarlik uylar Sergeli va Uchtepadagi 450 dollarlik xonadonlardan ikki martadan ham qimmat.

4 xonali uylar segmentida esa farq yanada kattaroq. Miroboddagi 1150 dollarlik uy bilan Chilonzor yoki Olmazordagi 500 dollarlik uy o‘rtasidagi tafovut 650 dollarga yetgan.

Теги :
Jamiyat