$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Kichik uy qimmat, kattasi esa arzon: Toshkentdagi ijara bozorida nima gap?

ijara

So‘nggi paytlarda Toshkent uy-joy bozorida qiziq vaziyat yuzaga kelmoqda. Bozordagi e’lonlar soni kamayib, birlamchi uylar ulushi esa keskin oshmoqda. Ayniqsa 1 va 2 xonali uylar narxi o‘sishda davom etayotgan bir paytda ayrim 4 xonali xonadonlar arzonlashmoqda. Qizig‘i, yangi naqd pulsiz oldi-sotdi tartibi ham hozircha bozordagi narxlarga katta ta’sir ko‘rsatmadi.

Xo‘sh, hozir Toshkentdan uy olish uchun qulay paytmi yoki narxlar yana oshadimi?

Bozordagi e’lonlar soni keskin kamaydi

2026-yil aprel oyida Toshkent uy-joy bozoridagi jami takliflar soni 44 ming 485 tani tashkil etdi. Bu mart oyiga nisbatan 13,4 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 17,7 foizga kam degani.

Birlamchi bozorda 21 ming 190 ta uy taklifi qayd etildi va bu segmentda ham oylik pasayish 13,6 foizni tashkil qilgan. Lekin ulush jihatidan birlamchi bozor ancha kuchaygan. 2024-yil yanvarida birlamchi uylarning bozordagi ulushi 33,8 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 47,6 foizga yetgan. O‘tgan yilga nisbatan esa +4,6 foiz punkt o‘sish qayd etilgan.

Ikkilamchi bozorda esa 23 ming 295 ta taklif qayd etildi. Bu yerda ham oylik pasayish 13,2 foizni tashkil qilgan. Ikkilamchi bozor ulushi esa 57 foizdan 52,4 foizgacha tushib ketgan va -4,6 foiz punkt pasayish kuzatilgan.

Mutaxassislarning fikricha, bozordagi yangi naqd pulsiz oldi-sotdi tartibi narxlarga hozircha katta bosim qilmagan.

Birlamchi bozorda qaysi uylar qimmatlashdi?

Birlamchi bozorda fevral oyidan martga o‘tishda 1 xonali uylar narxi o‘zgarmagan, 2 xonali uylar esa 1,2 foizga yoki o‘rtacha 20 dollarga arzonlashgan. Shu paytda 3 xonali uylar 2,4 foizga yoki 37 dollarga, 4 xonali uylar esa 1,8 foizga yoki 28 dollarga qimmatlashgan.

Mart-aprel oralig‘ida esa vaziyat biroz o‘zgargan. 1 xonali uylar 1,6 foizga yoki 27 dollarga arzonlashgan. 2 xonali uylar 0,7 foizga yoki 11 dollarga, 3 xonali uylar esa 1,8 foizga yoki 29 dollarga oshgan. 4 xonali uylar esa 2,1 foizga yoki 34 dollarga tushgan.

Umuman olganda, birlamchi bozorda aynan 2 va 3 xonali segmentlar o‘sishda davom etmoqda. 1 va 4 xonali uylar esa pasaymoqda.

Ikkilamchi bozorda barcha segmentlar o‘sdi

Ikkilamchi bozorda fevral-mart oralig‘ida 1 xonali uylar 2,4 foizga yoki 36 dollarga arzonlashgan bo‘lsa, 2 xonali uylar 2,3 foizga yoki 29 dollarga, 3 xonali uylar 1,2 foizga yoki 15 dollarga oshgan. 4 xonali uylar esa deyarli o‘zgarmay, 0,1 foiz o‘sish qayd etgan.

Mart-aprel oylarida esa barcha segmentlarda narx oshdi. Eng katta o‘sish aynan 1 xonali uylarda kuzatildi — 3,5 foiz yoki o‘rtacha 51 dollar. 2 xonali uylar 0,4 foiz yoki 5 dollar, 3 xonali uylar 1,2 foiz yoki 15 dollar, 4 xonali uylar esa 0,6 foiz yoki 7 dollar qimmatlashgan.

Bu holat ayniqsa kichik xonadonlarga talab yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

Birlamchi bozorda eng qimmat tumanlar qaysi?

Birlamchi bozorda to‘liq ta’mirlangan 1 xonali uylarning 1 kvadrat metri eng qimmat Mirobod tumanida qayd etildi — 2 121 dollar. Bu yerda narx bir yilda 32,6 foizga oshgan. Keyingi o‘rinlarda Mirzo Ulug‘bek — 1962 dollar (+19,2%), Yakkasaroy — 1 950 dollar (-5,6%) va Shayxontohur — 1 687 dollar (-24,3%) turibdi.

2 xonali uylar bo‘yicha ham Mirobod yetakchi — 2 311 dollar (+21,4%). Yakkasaroyda narx 1 916 dollar (+7,4%), Mirzo Ulug‘bekda 1 883 dollar (+5,3%), Shayxontohurda esa 1 796 dollar (+26,8%) bo‘lgan.

3 xonali uylar orasida ham Mirobod eng qimmat hudud bo‘lib qolmoqda — 2 167 dollar (+20,1%). Yunusobodda bu ko‘rsatkich 1 797 dollar (+1,7%), Yakkasaroyda 1 796 dollar (+6,5%), Mirzo Ulug‘bekda esa 1 646 dollar bo‘lib, bu yerda 5,6 foiz pasayish kuzatilgan.

4 xonali uylar segmentida Mirobod yana birinchi o‘rinda — 2 117 dollar (+25,8%). Yakkasaroyda 1 900 dollar (+13,9%), Mirzo Ulug‘bekda 1 531 dollar (-5%), Yunusobodda esa 1 413 dollar bo‘lib, bu yerda 7,5 foiz pasayish qayd etilgan.

Eng arzon hududlar esa Sergeli va Olmazor bo‘lib qolmoqda. Masalan, Sergelida 4 xonali uylarning 1 kvadrat metri atigi 922 dollarni tashkil qilgan.

Ikkilamchi bozorda eng qimmat va eng arzon hududlar

Ikkilamchi bozorda ham Mirobod eng qimmat hudud bo‘lib qolmoqda. 1 xonali uylar bu yerda 1 983 dollar (+18,4%), 2 xonali uylar 1 835 dollar (+8,7%), 3 xonali uylar 1 840 dollar (+9%) va 4 xonali uylar 1 677 dollar (+6,7%) bo‘lgan.

Yakkasaroyda 4 xonali uylar narxi 19,2 foizga oshib 1 609 dollarga yetgan. Yunusobodda 1 xonali uylar 1 636 dollar bo‘lib, bir yilda 20,1 foiz o‘sish qayd etilgan.

Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur va Chilonzor ham yuqori narxli hududlar qatorida qolmoqda. Masalan, Chilonzorda 3 xonali ikkilamchi uylar narxi 12,1 foizga oshib 1382 dollarga yetgan.

Eng arzon hudud esa yana Sergeli bo‘lib turibdi. Bu yerda 4 xonali uylarning 1 kvadrat metri o‘rtacha 900 dollarni tashkil qilgan.

Bozorning eng katta trendi — kichik uylar

Tahlillar bozorda aynan 1 va 2 xonali uylar eng talabgir segmentga aylanganini ko‘rsatmoqda. Birlamchi bozorda 2 va 3 xonali uylar o‘sishda davom etayotgan bo‘lsa, ikkilamchi bozorda barcha segmentlarda narx oshgan.

Tahlilda Mirobod, Yakkasaroy, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur, Yunusobod, Chilonzor, Yashnobod, Uchtepa, Olmazor va Sergeli tumanlari bo‘yicha alohida o‘rganish olib borilgan. Grafiklarda birlamchi va ikkilamchi uylar, o‘rtacha narx va median narxlar ham taqqoslangan.

Теги :
Jamiyat